date
views 1 436

Shavkat Mirziyoev: «Yapon biznesiga qulay sharoit yaratib beramiz»

Shavkat Mirziyoev: «Yapon biznesiga qulay sharoit yaratib beramiz»
Bugun davlat rahbari tashrif doirasida Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe bilan uchrashdi. Ikki tomonlama uchrashuvlardan soʻng har ikki davlat rahbarlari OAV uchun brifingda ishtirok etdi. Shavkat Mirziyoev jurnalistlar oldida chiqish qilar ekan, Yaponiya bilan munosabatlar yangi bosqichga koʻtarilishiga umid qilishini aytib oʻtdi.

Mehmondoʻstlik uchun mezbonlarga rahmat aytib soʻz boshlagan Shavkat Mirziyoev yapon xalqini yangi imperator taxtga oʻtirishi bilan boshlangan «Reyva» davri bilan tabrikladi (Yaponiyada har bir imperator davri oʻziga xos davr deb hisoblanadi va unga alohida nom beriladi. 2019 yil 1 may kuni Yaponiyada yangi imperator Naruxito taxtga oʻtirdi va bu bilan mamlakatda oʻziga xos Reyva davri boshlandi).

Shuningdek, prezident ikki millat oʻrtasidagi munosabatlarning iliqligini ta'kidlab, ikkinchi jahon urushidan soʻng koʻplab yaponiyaliklar Oʻzbekistondan boshpana topganini esladi.

«Avvalo bosh vazir Sindzo Abe janobi oliylari va yapon xalqiga mehmondoʻstlik uchun minnatdorchilik bildiraman. Yaponiya xalqini imperator Naruxito taxtga kelishi bilan boshlangan Reyva davri bilan tabriklayman. Ikkinchi jahon urushidan soʻng koʻplab yaponiyaliklar Oʻzbekistonga kelib yashagan va bizning yapon millatiga boʻlgan hurmatimiz doim yuqori boʻlgan», deydi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoev brifingda siyosatchilar xalqaro maydondagi mavzularni muhokama qilganini ham aytib oʻtdi. Xususan, Oʻzbekiston prezidenti Yaponiyaning BMT Xavfsizlik kengashiga doimiy a'zo boʻlib kirishi tarafdori ekanini ma'lum qildi.

«Biz Yaponiya BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a'zosi boʻlishini xohlaymiz. Yaponiya 2022 yilda BMT xavfsizlik kengashining doimiy boʻlmagan a'zosi boʻlishini qoʻllab-quvvatlaymiz. Oʻzbekiston «Markaziy Osiyo + Yaponiya» muloqoti davom etishini ham qoʻllab-quvvatlaydi», deydi Shavkat Mirziyoev.

Shavkat Mirziyoev Yaponiyaning yuqori texnologiyalarga asoslangan biznesi Oʻzbekistonga kirib borishi biz uchun juda foydali ekanini ta'kidlab, mamlakatda yapon biznesi uchun har qanday sharoitlar yaratib berilishini aytdi.

«Bugungi uchrashuvlarimiz samarali boʻldi. Imzolagan shartnomalarimiz munosabatlarimizning yangi bosqichga koʻtarilishini ta'minlaydi deb umid qilaman. Biz amalga oshirayotgan isloholarni amaliy jihatdan qoʻllab-quvvatlayotgan Yaponiyaga minnatdorchilik bildiraman. Yapon biznesiga Oʻzbekistonda qulay sharoit yaratib beramiz. Janob Abe, sizni Oʻzbekistonga taklif qilaman», dedi Shavkat Mirziyoev.

Shavkat Mirziyoevning Yaponiyaga rasmiy tashrifi ertaga 20 dekabr kuni oʻz yakuniga yetadi. Shu kuni davlat rahbari Yaponiyaning yangi imperatori Naruxito bilan uchrashadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Shavkat Mirziyoev: «Yapon biznesiga qulay sharoit yaratib beramiz»