18:09 / 19.05.2020
3 619

Kirish imtihonlari testlari qay darajada soddalashtiriladi? – DTM izoh berdi

Kirish imtihonlari testlari qay darajada soddalashtiriladi? – DTM izoh berdi
Epidemiologik vaziyat tufayli bu yil OTMlarga kirish imtihonlaridagi fanlar qisqartiriladi. Bundan tashqari, test topshiriqlari soddalashtirilib, testlarga qator yangiliklar kiritilmoqda.

Kun.uz turli fanlar doirasida test topshiriqlari bilan bog‘liq yangiliklar haqida ma’lumot olish uchun Davlat test markazi matbuot xizmati rahbari Orziqul Boboyev bilan bog‘landi.

Test darajalari haqida

– Test topshiriqlarini soddalashtirish deganda bakalavriat qabul imtihonlarida faqat sodda testlardan foydalaniladi, deb tushunmaslik kerak.

Test topshiriqlari 3ta qiyinlik darajasida shakllantiriladi. Birinchi qiyinlik darajasidagi test topshiriqlar ishlanishi, bajarilishi oson bo‘lgan test topshiriqlari hisoblanadi.

Avvalgi yillarda o‘tkazilgan test sinovlarida har bir fandan 6 tagacha birinchi qiyinlik darajasidagi test topshiriqlari berilar edi. Bu yildan boshlab esa har bir variantda qo‘llaniladigan birinchi qiyinlik darajasidagi test topshiriqlari soni o‘rtacha 10 tagacha yetkazilmoqda.

Jadval, rasmli ko‘rinishdagi savollar saqlanib qoladi

– 2019 yili qabul test sinovlarida yozuvsiz xarita, jadval, rasmli ko‘rinishidagi yangi test topshiriqlari qo‘llanilgan edi. Shunday savollardan bu yilgi imtihonlarda ham foydalaniladi.

Abituriyentlar test topshiriqlarini mantiqiy fikrlab tezda tushunishlari uchun joriy yilda ham tarix, geografiya va chet tili (ingliz, nemis, fransuz) fanlaridan rasmli test topshiriqlari shakllantirilmoqda.

Bundan tashqari, biologiya va kimyo fanlaridan rasmli test topshiriqlari soni ko‘paytirilmoqda.

Tillarga oid savollarda yangiliklar bor

Ona tili va adabiyot fanidan (o‘zbek, rus, qoraqalpoq) mustaqil o‘qish uchun tavsiya qilingan badiiy asarlardan test topshiriqlari soni ko‘paytiriladi.

Shuningdek, mantiqiy fikrlashni rivojlantirish maqsadida matnli testlar, ya’ni matn ustida ishlash bilan bog‘liq test topshiriqlari tuzilmoqda.

Matnli test topshiriqlarida matn tarkibidagi so‘zlarning to‘g‘ri qo‘llangani va gaplarning to‘g‘ri shakllantirilganini aniqlash, matndagi so‘zlarning ma’nolarini topish va matnning asosiy mazmunini tushunish talab etiladi.

Nazariy savollar ko‘paytirilmoqda

Test topshiriqlari tarkibida nazariy test topshiriqlari soni oshirilmoqda.

Jumladan, kimyo fanidan nazariy test topshiriqlar soni oshiriladi va laboratoriya ishlariga oid test topshiriqlari yaratilmoqda.

Fizika fanidan ham fanidan nazariy test topshiriqlar soni oshirilgan holda birinchi qiyinlik darajasidagi test topshiriqlari soni 6 tadan 10 tagacha ko‘paytirilmoqda.

Shuningdek, abituriyentlarga qulaylik yaratish uchun doimiy fizik kattaliklar jadvali ishlab chiqildi va u test sinovi topshirish jarayonida taqdim etiladi.
Prezident bu yil kirish imtihonlarini soddaroq shaklda o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berdi

Eslatib o‘tamiz, 2020-2021 o‘quv yili uchun qabul test sinovlari istisno tariqasida majburiy fanlarsiz, 2ta mutaxassislik fanlaridan o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Bu istisno faqat 2020-2021 o‘quv yili uchun tegishli. Keyingi yillar uchun 5ta fandan imtihon olish tartibida o‘zgarishlar bo‘lmaydi.

2ta mutaxassislik fanlari 2019 yil dekabr oyida tasdiqlangan edi.
Kirish imtihonlari muddati o‘zgartirilayotgani yo‘q – DTM

Bu yil test sinovlari o‘tkaziladigan binolarda ko‘pi bilan 700tagacha o‘rin tayyorlanadi. Har bir abituriyent uchun kamida 3 kvadrat metrdan joy ajratiladi, ular imtihonda niqob va qo‘lqop taqqan holda ishtirok etadi.

Binoga kirishdan oldin abituriyentlarning tana harorati o‘lchanadi. Binolar kamida 4 marta dezinfeksiya qilinadi.
Xalqaro islom akademiyasiga kirishda 2ta imtihondan o‘tish tartibi belgilanishi mumkin


Magistraturaga kirish va kollej-litseylarda bitiruv imtihonlari haqida ma’lumot berildi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Kirish imtihonlari testlari qay darajada soddalashtiriladi? – DTM izoh berdi