08:10 / 15.08.2020
3 687

IIV vazifalaridan biri prokuraturaga o‘tkazilgandi. Natija qanday?

IIV vazifalaridan biri prokuraturaga o‘tkazilgandi. Natija qanday?
2018 yil 27 iyulda o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari jinoiy - huquqiy statistikani yuritish vazifasini ichki ishlar organlaridan prokuraturaga o‘tkazish tashabbusini ilgari surgandi. buning qator sabablari bor, albatta. Muhimi, bundan pirovard maqsad - jinoyatchilikka doir statistikaning haqqoniyligini ta’minlash, hududlardagi real kriminogen vaziyatni baholash va prognozlash, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi, surishtiruv va dastlabki tergov organlari faoliyati ustidan nazorat samaradorligini oshirish edi.

Oradan uch oy o‘tib, mazkur tashabbus amalda o‘z ifodasini topdi. Ya’nikim, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 31 oktabrdagi “Jinoiy-huquqiy statistika tizimini tubdan takomillashtirish va jinoyatlarni tizimli tahlil qilish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan jinoyatlar, ularni sodir etgan shaxslar va jabrlanuvchilarning yagona hisobini yuritish vazifasi prokuratura organlariga o‘tkazildi.

Alohida ta’kidlash joiz, mazkur faoliyatning prokuratura organlariga o‘tkazilishi mamlakatda amalga oshirilayotgan sud - huquq islohotlarining ajralmas qismi sifatida keng jamoatchilik va xalqaro hamjamiyat tomonidan haqli ravishda e’tirof etilgan.

Prokuratura organlari ushbu axborot tizimida jinoyatlarning to‘liq hisobga olinishini ta’minlash va (jinoyat ishlari harakatini) nazorat qilish bilan birga, aniqlangan qonun buzilishi holatlari bo‘yicha tegishli choralar qo‘llash imkoniyatiga ham ega bo‘ldi.

Bosh prokuratura tomonidan o‘tgan qisqa davrda:
– sobiq Ittifoqdan meros bo‘lgan va qariyb 30 yil davomida voz kechilmagan amaliyot-qog‘oz kartochka tizimiga barham berilib, jinoyat ishlariga oid barcha ma’lumotlarning yagona elektron hisobi yuritilishi to‘liq yo‘lga qo‘yildi;

– prokuratura organlarining elektron bazasi barcha surishtiruv va dastlabki tergov organlari hamda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga integratsiya qilindi (bugunga kelib, idoralar o‘rtasida ma’lumot almashinuvi elektron amalga oshirilmoqda);

– jinoiy - huquqiy statistikani yuritish sohasida inson omili minimallashtirildi;

– shaxsga nisbatan ushlab turish, uy qamog‘i, qamoqqa olish, lavozimdan chetlashtirish, shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish protsessual majburlov choralari tizimga darhol kiritilishi shartligi belgilandi. Ushlangan yoki qamoqqa olingan shaxs haqidagi ma’lumot tizimga kiritilmagan taqdirda, shaxs tergov hibsxonasi yoki vaqtincha ushlab turish hibsxonasiga qabul qilinmasligi tartibi joriy etildi (mazkur tartib shaxslarni noqonuniy ravishda ushlab turilishi yoki qamoqda saqlanishining oldini olishga xizmat qiladi).

Yagona axborot tizimi prokuratura organlarining yuqori quvvatga ega serverlardan iborat elektron platformasida ishlamoqda. Mazkur elektron infratuzilmani shakllantirish va undan doimiy foydalanish prokuratura organlari xodimlari (dasturchilari) tomonidan ortiqcha xarajatsiz, tashqi mutaxassislar aralashuvisiz ta’minlanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti kuni kecha imzolagan “Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonda Bosh prokuraturaga yuqorida qayd qilingan dasturga barcha tergovga qadar tekshiruv organlarini ulash hamda uni 2021 yil 1 yanvardan to‘laqonli ishga tushirish vazifasi yuklatildi.

Tizim faoliyati yo‘lga qo‘yilishi oqibatida quyidagi natijalar kutilmoqda:
– jinoyatlarni yashirishning oldi olinadi, ro‘yxatga olingan paytdan boshlab hujjatni kuzatish imkoni yaratiladi, uni o‘chirish yoki o‘zgartirish istisno etiladi;
– ijro intizomi ta’minlanadi (ya’ni, hujjat mazmuni, uning ijrochisi, ijro muddati va boshqa zarur ma’lumotlar tegishli tuzilma rahbari va nazorat qiluvchi prokurorga “onlayn” ko‘rinib turadi);
– ish bo‘yicha qarorlar tizimga majburiy ravishda kiritiladi, ularni hujjatlarni chaqirmay turib, tezkorlik bilan o‘rganish mumkin bo‘ladi;
– sohaga axborot texnologiyalari joriy etiladi;
– jinoyatlarni ro‘yxatga olish va hisobini yuritishning respublika bo‘yicha yagona tizimi yo‘lga qo‘yiladi;
– murojaatchining telefon raqamlari tizimga kiritilib, ular orqali ma’lumotlarning haqqoniyligini tekshirish uchun tezkor aloqa o‘rnatish imkoni yaratiladi;
– hisobotlar inson omilini istisno etgan holda, avtomatik tarzda elektron yuritiladi va haqqoniyligi ta’minlanadi.

Jinoyat protsessi borasidagi barcha islohotlar inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlashga, qonuniylik va adolatni qaror toptirishga qaratilgan bo‘lib, yuqorida qayd qilingan tadbirlar ham yaqin kelajakda o‘z samarasini beradi.

Latifjon Qalandarov,
Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » IIV vazifalaridan biri prokuraturaga o‘tkazilgandi. Natija qanday?