12:30 / 22.03.2021
2 764

O‘zbekistonda ommaviy tadbirlarni o‘tkazish qoidalari e’lon qilindi

O‘zbekistonda ommaviy tadbirlarni o‘tkazish qoidalari e’lon qilindi
Vazirlar Mahkamasining “Ommaviy tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Ommaviy tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirish, ularni o‘tkazishda fuqarolar xavfsizligi va jamoat tartibini saqlash chora-tadbirlarini kuchaytirish maqsad qilingan.

Belgilanishicha:
  • Ichki ishlar vazirligi ommaviy tadbirlarni tashkil etish va uni o‘tkazish vaqtida jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini ta’minlashda vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtiradi;
  • Milliy gvardiya birinchi toifadagi ommaviy tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish davomida jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini ta’minlaydi.

Qoidalar O‘zbekiston hududida ommaviy tadbirlar tashkil qilish va o‘tkazish tartibini belgilaydi hamda ular ishtirokchilari, ommaviy tadbirlarni o‘tkazish ob’ektlari ma’muriyatlari, ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya bo‘linmalari, shuningdek, boshqa davlat organlarining ommaviy tadbirlar o‘tkazishda fuqarolar xavfsizligini va jamoat tartibini ta’minlash bo‘yicha o‘zaro munosabatlari, majburiyatlari va huquqlarini tartibga soladi.

Qoidalarning amal qilishi yig‘ilishlar, namoyishlar, ko‘cha yurishlari va namoyishlarini, shuningdek to‘y, oilaviy, yubiley, vafot etganlar xotirasiga bag‘ishlangan oilaviy aza marosimlari va tadbirlarni o‘tkazishga tatbiq etilmaydi.

Ommaviy tadbirlar birinchi va ikkinchi toifadagi ommaviy tadbirlarni o‘tkazish ob’ektlari ro‘yxatiga kiritilgan ob’ektlarda o‘tkazilishi mumkin.

Birinchi toifadagi ommaviy tadbirlarni o‘tkazish ob’ektlari ro‘yxati Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari takliflari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

Ikkinchi toifadagi ommaviy tadbirlarni o‘tkazish ob’ektlari ro‘yxatlari tumanlar (shaharlar) hokimliklari takliflari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tasdiqlanadi.

Ayrim ommaviy tadbirlar O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari qarorlari asosida, birinchi va ikkinchi toifadagi ommaviy tadbirlarni o‘tkazish ob’ektlari ro‘yxatlariga kiritilmagan joylarda o‘tkazilishi mumkin.

Ommaviy tadbirni o‘tkazish uchun ruxsatnoma asosida, ommaviy tadbir dasturiga muvofiq ommaviy tadbir tashkilotchisi tomonidan o‘tkaziladi.

Ruxsatnoma olgunga qadar ommaviy tadbir tashkilotchisi va boshqa shaxslar ommaviy axborot vositalarida, internetda ommaviy tadbir o‘tkazilishi to‘g‘risida e’lon berish, reklama materiallarini tarqatish, ommaviy tadbirni o‘tkazish joyi, sanasi va vaqti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni boshqa tarzda tarqatish, chiptalar sotilishini amalga oshirish huquqiga ega emas.

O‘zbekiston prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasi qarorlarida belgilangan ommaviy tadbirlarni o‘tkazish ob’ektlarida ommaviy tadbirlarni o‘tkazish uchun ruxsatnomalar olish talab qilinmaydi.

Ko‘chma sirklar (shapito, dorbozlar guruhlari) tomonidan o‘tkaziladigan tomosha tadbirlariga ommaviy tadbir o‘tkazish uchun ruxsatnoma va ruxsat berish xususiyatiga ega boshqa hujjatlarni olish talab etilmaydi, bunda tadbir tashkilotchilari uni o‘tkazish joyi va vaqti to‘g‘risida ichki ishlar organlarini kamida 10 kun oldin yozma ravishda xabardor qiladi.

Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya va Favqulodda vaziyatlar vazirligi organlari ko‘chma sirklar (shapito, dorbozlar guruhlari) tomonidan o‘tkaziladigan tomosha tadbirlarida jamoat tartibi va yong‘in xavfsizligini to‘lov undirilmagan holda ta’minlaydi.

Davlat organlari va tashkilotlari tizimidagi madaniyat va istirohat bog‘lari, sport inshootlari, sayilgohlar va boshqa ochiq hududlarda ko‘chma sirklar (shapito, dorbozlar guruhlari) tomonidan tomosha tadbirlari o‘tkazish uchun ijara to‘lovi va boshqa turdagi to‘lovlar undirilmaydi.

Xalqaro va umumdavlat ahamiyatiga ega bo‘lgan ommaviy tadbirlarni o‘tkazish uchun ruxsatnomalar Vazirlar Mahkamasi bilan kelishuv bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan beriladi.

Birinchi toifadagi ommaviy tadbirlarni o‘tkazish uchun ruxsatnomalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmalari, viloyatlar Ichki ishlar boshqarmalari hamda Milliy gvardiya, uning hududiy boshqarmalari rahbariyati bilan kelishilgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan beriladi.

Ikkinchi toifadagi ommaviy tadbirlarni o‘tkazish uchun ruxsatnomalar tumanlar (shaharlar) hokimliklari tomonidan beriladi.

O‘zbekiston hududida «Navro‘z», «Mustaqillik» va «Yangi yil» umumxalq bayramlarini o‘tkazish bo‘yicha prezident, Vazirlar Mahkamasi qarorlariga muvofiq tashkil qilinadigan ommaviy tadbirlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari qarorlari asosida o‘tkaziladi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekistonda ommaviy tadbirlarni o‘tkazish qoidalari e’lon qilindi