18:06 / 15.05.2022
1 350

Mutaxassis "Nasaf"ni chempionlikka loyiq deb hisoblayapti, "Paxtakor"ni esa...

Mutaxassis "Nasaf"ni chempionlikka loyiq deb hisoblayapti, "Paxtakor"ni esa...
16 may kuni Superligada 9-tur o‘yinlari boshlanadi. Bu safar ham yanada qizg‘in va muhim uchrashuvlarga guvoh bo‘lamiz. Ayniqsa, derbilarga atalgan tur. Toshkentda AGMK – “Bunyodkor” hamda “Olimpik” – “Lokomotiv”, Namanganda esa vodiy derbisi – “Navbahor” – “Neftchi” qarama-qarshiligi. 18 may kuni oxirgi uchrashuvlar o‘tkaziladi.

Bu safar tur oldidan Bahrom Haydarov jamoalarning imkoniyatlarini chamalab chiqdi.

16 may (dushanba)

AGMK – “Bunyodkor”

- Ko‘ryapmizki, AGMK klubida o‘yindan-o‘yinga yuksalish bo‘lyapti. Tarkibi kuchli, yaxshi ijrochilar jamlangan. “Bunyodkor”da revolyutsiya qilishmoqchi edi. U yerdagi o‘zgarish o‘yinga qanday ta’sir qilishini bilmayman. Lekin AGMKning imkoniyatini 70x30 deb o‘ylayman. Nazarimda, olmaliqliklar 2 ta to‘p farqi bilan yutsa kerak.

“Olimpik” – “Lokomotiv”
- Hech kimga sir emas, “Olimpik”ning kuchini ko‘ryapmiz. Yoshlardan tashkil topgan klub. Ularni o‘yini qovushsa, har qanday raqibni yutib qo‘yishi mumkin. “Lokomotiv” shakllanayotgan jamoa. O‘z o‘yinini yo‘lga qo‘yib olishi uchun ularga qiyin bo‘lyapti. Hozirgi paytda ikkala jamoaning saviyasi teng. Shuning uchun uchrashuvda ham imkoniyatlarini bir xil baholayman – 50x50. Durang bo‘lishi mumkin yoki bo‘lmasa kim birinchi gol ursa o‘sha jamoa yutadi.

17 may (seshanba)

“Metallurg” – “Dinamo”

- Ikkala jamoa ham turnir jadvalida pastki pog‘onalarda borishyapti. Ular bir-biriga ochko bergisi kelmaydi. “Dinamo” har bir o‘yinni yaxshi o‘tkazyapti, ammo ochko olishga qiynalyapti. Biroz omadi kelmayapti. Menimcha, “Dinamo” “Metallurg”ni yutib ketsa kerak. Chunki Bekobod jamoasida mazmunli o‘yin ko‘rmayapman. “Dinamo” da esa o‘yin ko‘rinyapti. Shuning uchun mehmonlar g‘alaba qozonadi, degan fikrdaman.

“Navbahor” – “Neftchi”
- “Neftchi” oxirgi o‘rinda, “Navbahor” 1-o‘rinda. Lekin turnir jadvalidagi holat vodiy derbisiga ta’sir qilmaydi. Umuman, jadvaldagi vaziyatni o‘yinga aloqasi yo‘q. O‘ylaymanki, qattiq kurash bo‘ladi. “Neftchi”ga ham, “Navbahor”ga ham ochkolar juda zarur. Bu haqiqiy derbi. Bizdan oldin ham bo‘lgan, bizdan keyin ham bo‘ladi. Bunday uchrashuvga qandaydir taxmin bildirish qiyin. Kimni omadi kelsa, o‘sha klub yutadi. Bu yerda kuchli yoki kuchsiz degan jamoa yo‘q.

“Nasaf” – “Qizilqum”
- Chempionlikka loyiq bo‘lgan “Nasaf”ni ko‘ryapman. “Qizilqum”ni bemalol yutsa kerak. Nazarimda, ikkita to‘p farqi bilan yengadi, deb o‘ylayman. To‘g‘ri, “Qizilqum”da ham yaxshi jamoa to‘plangan. Lekin hozirgi kundagi “Nasaf”ni chempionlikka eng munosib jamoa deb hisoblayman.

18 may (chorshanba)

“Qo‘qon-1912” – “Paxtakor”

- “Qo‘qon-1912” qiyin ahvolda edi. Ammo Toshkentda “Lokomotiv”ni yutib o‘ziga kelib oldi. Jamoaning ishtiyoqi uyg‘onyapti. Har doim Qo‘qonga kuchli raqib kelsa, ajiotaj zo‘r bo‘ladi, tayyorgarlik ham shunga yarasha kechadi. Qo‘qonda o‘zgacha muhit bo‘ladi. “Paxtakor”da negadir o‘yin yo‘q. Futbolchilarning individual mahorati evaziga o‘yinlarni yutyapti. Agar o‘sha individual mahorati yuqori bo‘lgan o‘yinchilari biror nima qila olishmasa, “Qo‘qon-1912” g‘alaba qozonadi.

“Surxon” – “So‘g‘diyona”
- “Surxon”ning ispaniyalik murabbiyi jamoada tartibli o‘yinni yo‘lga qo‘yib qo‘yganini ko‘ryapmiz. Futbolchilarida motivatsiya kuchli. Moliyaviy holat a’lo darajada bo‘lgani sababli o‘yinchilar bor kuchini berishyapti. Chunki men ham u yerda o‘ynaganman, vaziyatni bilaman. “So‘g‘diyona” o‘z maydonidagi alamli mag‘lubiyatdan keyin yana yutqazishni xohlamaydi. Ulug‘bek Baqoyev jamoasi omadli. O‘ylaymanki, ushbu bahsda “So‘g‘diyona” bitta to‘p farqi bilan yutib ketadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mutaxassis "Nasaf"ni chempionlikka loyiq deb hisoblayapti, "Paxtakor"ni esa...