21:23 / 02.06.2022
1 297

Jaloliddin Masharipov: "Har bir o‘yinda Yaponiya, Koreyaga qarshi chiqqandek chiqsak, bu bosqichdan yaxshi o‘tamiz"

Jaloliddin Masharipov: "Har bir o‘yinda Yaponiya, Koreyaga qarshi chiqqandek chiqsak, bu bosqichdan yaxshi o‘tamiz"
O‘zbekiston terma jamoasi hamda Saudiya Arabistonining "Al Nasr" klubi futbolchisi Jaloliddin Masharipov mamlakatimizga yetib keldi.
Bugundan boshlab u terma jamoa ixtiyorida mashg‘ulotlar o‘tkazishni boshlab yubordi. Fursatdan foydalanib Championat.asia muxbirlari O‘zbekiston MTJning mashg‘ulot o‘tkazayotgan qarorgohiga bordi va futbolchidan intervyu oldi.

— Jaloliddin bugun terma jamoaning ixtiyoriga yetib keldingiz. Saudiya Arabistonida mavsum deyarli tugadi, ya’ni 2 ta tur qoldi. Klub hozir 3-o‘rinda, jamoa o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga erishdi deb o‘ylaysizmi?
— "Al Nasr"da doimo maqsad ulug‘ bo‘lgan. Doim chempionlik, Prezident kuboklarini yutishni xohlaganmiz. Bu yil bu narsani uddalay olmadik, deb o‘ylayman. Hozir 3-o‘rindamiz, baribir bizning niyatimiz kelasi yili Osiyo Chempionlar ligasida o‘ynash. Vazifani 90 foiz uddaladik deb o‘ylayman. Yana ikkita o‘yin qoldi. U yerda har bir o‘yin juda kuchli o‘tadi, oson raqib yo‘q. Buni Saudiya chempionatini kuzatadiganlar ham biladi. Shu ikki o‘yinda 6 ochkoni qo‘lga kiritib, kelasi yili OCHLda o‘ynashni jamoamiz oldiga vazifa qilib qo‘ygan.

— Mavsum orasida ma’lum muddat maydonga tushmadingiz. Ko‘pchilik murabbiy bilan o‘rtalaringizda nizo chiqdi deb o‘yladi...
— Bu yil "Al Nasr"da ko‘p murabbiylar almashdi. Har bir legioner futbolchida bu kabi holatlar bo‘lib turadi. Murabbiy yangi kelganida meni yaxshi tanimasdi. Shuning uchun ham 1-2 ta o‘yinda zaxirada qolib ketdim. Hozir hammasi yaxshi. So‘nggi o‘yinlarda menga nisbatan ishonchi ancha yuqori. Juda yaxshi muomaladamiz.

— Terma jamoa haqida, raqiblarimiz ancha autsayder jamoalar. Terma jamoa futbolchilarida o‘yindan avval "yutib qo‘yish" alomatlari yo‘qmi?
— O‘FA rahbarlari keldi va shu borada gaplashdik. To‘g‘ri, Maldiv, Shri-Lanka kabi terma jamoalar, lekin hozir hamma futbol o‘ynashni o‘rganib olgan. Agar biz yutsak "o‘zi Shri-Lanka edi", deyishadi. Agar yutqazib qo‘ysak dushmandan battar bo‘ladi. Hozir bizning tarkibda juda ham talantli futbolchilar yig‘ilgan. Har bir o‘yinda Yaponiya, Koreyaga qarshi chiqqandek chiqsak, bu bosqichdan yaxshi o‘tamiz. Bu guruhda vaziyatni og‘irlashtirmasligimiz kerak. Muxlislarni ham, jurnalistlarni ham xavotirga qo‘ymaslik kerak. Muxlislarimizni chiroyli o‘yinlar, gollar bilan xursand qilib, bu bosqichni bayramdek o‘tkazib bermoqchimiz.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Jaloliddin Masharipov: "Har bir o‘yinda Yaponiya, Koreyaga qarshi chiqqandek chiqsak, bu bosqichdan yaxshi o‘tamiz"