O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo kubogi-2023 saralash bosqichida ishtirok etayotganidan xabaringiz bor. Vakillarimiz joy olgan "C" guruhi o‘yinlariga Namangan shahri mezbonlik qilmoqda. Bugun biznikilar guruh peshqadamini aniqlab olish uchun Tailand bilan o‘zaro bellashishadi.
2-turda futbolchilarimiz Maldiv orollarini 4:0 hisobida mag‘lub etishgan edi. Ana shu o‘yin haqida biroz to‘xtalmoqchimiz.
Maldiv orollari deganda istalgan kishining hayoliga dam olishmaskanlari keladi. Butun dunyoda ularni dam olish uchun eng top joylardan biri sifatida bilishadi. Maldiv va futbol umuman bir-biriga jipslashmaydigan so‘zlar bo‘lib kelgan. O‘yindan oldin biz ularni osongina juda katta hisobda yutishimizni kutganlar ko‘pchilikni tashkil etgandir. To‘g‘ri, biz ularga javobsiz 4ta gol urdik. Ammo, Maldiv biz kutmagan o‘yinni bizga taklif qildi.
O‘yindan so‘ng Eldor Shomurodov juda to‘g‘ri fikrlarni aytib o‘tdi. Birinchisi: Bugun Maldiv futbolga xiyonat qilmadi va futbol o‘ynadi. Ikkinchisi: Maldiv charchab qolgandan keyin biz ko‘proq gol urdik. Barakalla, Eldor. Navbatchi gaplar bilan aravani quruq olib qochmadi va bor narsani gapirdi. Eldor ochiq futbol namoyish etgani uchun ularga hurmatim oshdi deb aytdi, shunday. Bunday o‘yin uchun Maldivga hurmati oshgan yagona inson emassan.
E’tibor bering, 1-bo‘limda raqib pozitsion hujumga o‘tgan epizodlarda biz ularni faqat maydon markazidagina kutib oldik. Pressing? Nima u? Biz Yaponiya, Janubiy Koreya yoki shunga o‘xshash Osiyo grandlari bilan emas, qit’a autsayderlaridan biri bo‘lgan jamoa bilan bahsda ularni faqat markazda qarshi oldik. Kuchlilar bilan o‘ynasak jarima maydonchamizdan chiqmaymizmi? Shunday tasavvur paydo bo‘lyapti.
Biz yaratgan vaziyatlar ko‘p bo‘ldi. Lekin, Maldivga qarshi boshqacha bo‘lishi mumkinmidi? Biz o‘sha kungi raqib bizga qarshi faqat himoyalanish bilan vaqt o‘tkazishi kerak deb xato o‘ylagan ekanmiz. Ular to‘pni nazorat qilishdi, hujumlar uyushtirishdi, markazdan bir necha bor jarima maydonchamiz oldigacha bora olishdi va ikkita aniq zarba ham berishdi. Darvozabonimiz O‘tkir Yusupov Maldiv bilan bahsning 1-bo‘limida ikkita yaxshi seyvni ijro etdi.
Raqibga barcha hurmatni saqlagan holda ular bizga bir bo‘limda ikkita aniq zarba yo‘llamasliklari shart edi. Bunga yo‘l qo‘yish kerak emasdi. Baxtimizga shu kuni Eldor Shomurodov bor edi. Ochiq futbol o‘ynaydigan raqibga qarshi Shomurodov maza qilib o‘ynaydi va shunday bo‘ldi ham. Biz esa autsayderlardan biriga qarshi uzun paslardan ko‘p foydalandik, imkon bo‘ldi deguncha Eldorga to‘p tepib yuboriladi. Uyog‘i Eldorning mahorati.
Bir paytlar Manuyel Pellegrini "Manchester Siti"da ishlaganda Serxio Aguerodan xuddi shunday tarzda foydalanardi. Butun jamoa maydonning istalgan yeridan Agueroga uzun pas berardi, to‘p Agueroning oyog‘iga borsa bas, ikki himoyachini ortda qoldirish u uchun chikora edi. Lekin, Pellegrinidan keyingi birorta murabbiy shu uslubni davom ettirmadi. Chunki, bu doimiy foydalaniladigan uslub emas.
Terma jamoamiz ikkita o‘yinda yirik hisobda g‘alaba qozondi, tasanno. Lekin, o‘yinimiz meni havotirga solmoqda. Terma jamoa o‘yinida murabbiy imzosini ko‘rmayapman yoki aynan shu murabbiy imzosi. Katanes umuman tavakkalga bormaydigan murabbiy. Shri-Lanka va Maldivga qarshi biz bir xil tarkibda o‘yinni boshladik. Bu jamoalarga qarshi bemalol turli o‘yinchilarni sinab ko‘rsa bo‘ladigan joyi edi.
Oybek Bozorov, Igor Sergeyev, Dilshod Saitov, Akmal Mozgovoy, Husniddin Aliqulov, Sardor Sobirxo‘jayev kabi o‘yinchilarni asosiyda tushirish mumkin emasmi? Yo‘q, murabbiy vazifani bajarmaguncha ortiqcha tavakkalga qo‘l urmaydi. Tavakkal ham emas bu. To‘g‘ri, bugun tarkibda kamida 4ta o‘zgarish bo‘ladi, chunki biz vazifani uddalab bo‘ldik. Falastin Filippinni taslim qildi va endi biz ham muddatidan oldin Osiyo kubogi-2023ga yo‘l oldik. Bugungi bellashuv guruh g‘olibini aniqlab beradi xolos.
Zamonaviy futbolda murabbiy asosiy faktorga aylanib bo‘lganiga ancha bo‘ldi. Aynan murabbiy juda ko‘p narsani belgilab beradi. 2021 yil bir qarashda inqiroz ko‘chasiga kirib qolayotgandek ko‘ringan "Chelsi"ga germaniyalik Tomas Tuxel keldi va mavsum yakunida jamoani YECHL g‘olibligi sari yetakladi. Mana murabbiy faktori. Yoki bo‘lmasa, 2019 yilgi mavsumni juda yomon boshlagan "Bavariya" ruliga Xans-Diter Flik keldi va myunxenliklar o‘sha mavsum hamma sovrinni o‘zlariniki qilishdi. Yoki bo‘lmasa, oxirgi yillarda Raneri, Konte, Gvardiola, Klopp, Anchelotti kabi murabbiylar nimalar qilishayotganini sanab chiqish shart emas. Balki, siz Yevropa bu Yevropa dersiz. Ok, o‘zimizdan ham misol bor bunga.
2020 yilgi mavsum o‘rtasida Dilshod Nuraliyev Toshkentning "Lokomotiv" klubini qabul qilib olgan va 3ta o‘yinning hammasida yutqazgan. O‘yindan keyingi matbuot anjumanlarida Nuraliyev meni qo‘limda bo‘lganida bu futbolchilarning yarmidan ko‘pini haydab yuborardim degan juda jiddiy chiqishlar qilgan.
Keyin uning o‘rniga "temiryo‘lchilar" boshqaruviga Timur Kapadze olib kelindi. To‘g‘ri, o‘shanda Kapadzeda Pro litsenziyasi bo‘lmagani va qog‘ozda rasman A.Miklyayev bosh murabbiy bo‘lgan. Lekin, jamoani to‘lig‘icha Kapadze boshqargan. Natija: 13 o‘yin, 6 g‘alaba, 5 durang va 2 mag‘lubiyat. O‘sha futbolchilar bilan. Murabbiy faktori qay darajada muhim ekanligini ko‘ryapsizmi?
"Nasaf"ni juda ko‘pchilik hurmat qiladi, chunki Ro‘ziqul Berdiyev o‘z imzosi ila jamoa o‘yinini ajoyib darajaga olib chiqqan. Shota Arveladze boshqaruvidagi "Paxtakor" ham shunday edi. Ularning o‘yinini shunchaki maza qilib tomosha qilshi kerak edi. Hozir "Surxon"ga qarang, o‘yinchilarining barchasiga hurmatni saqlagan holda aytish mumkinki, ko‘pchiligi boshqa jamoalarning zaxirasida o‘tirib qolgan futbolchilar. Lekin, ispaniyalik Anxel Lopes jamoa o‘yiniga mazmun olib kira oldi. To‘g‘ri, natijalar hali kutilgandek emas. ammo, ular ko‘rsatayotgan o‘yin kelajakka yaxshi umid bilan boqishga undaydi.
Xullas, murabbiy faktori juda muhim davrlarda yashayapmiz. Ammo, biz MTJga hech o‘zimizga mos murabbiyni olib kela olmayapmiz. O‘zbekiston U-23 terma jamoasiga qarang, Timur Kapadze "qo‘g‘irchoqdek" ajoyib jamoa shakllantirib qo‘ydi. Shu sabab bugun ularni hamma yaxshi ko‘ryapti. U-23 terma jamoamizni yoqtirmaydigan muxlis deyarli yo‘q hozir. Ular bunga nimaning evaziga erishishdi? Albatta, o‘z o‘yinlari evaziga.
Milliy terma jamoaga aynan shu "o‘yin" yetishmayapti. Oxirgi paytlarda bir narsa meni xavotirga solmoqda: terma jamoaning oxirgi murabbiylari va ular termaga tatbiq qilayotgan futbol sabab ishqibozlar MTJni va futbolchilarni yomon ko‘rib qolishmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar va izohlarda MTJ mavzusi ochilsa, salbiy fikrlar darrov yog‘ilib keladi. Bu o‘yinchilarimiz bemalol U-23 terma jamoamiz va ulardan ham yaxshiroq o‘yin ko‘rsata olishadi. Faqat, o‘shandek o‘ynatadigan murabbiy yetishmayapti ularga. Toshkentda bir terma jamoamiz bir kishi kam bo‘lib Iroqni o‘z jarima maydoniga "qamayotgan" paytda, Namanganda boshqa bir terma jamoamiz Maldivni maydon markazida kutib olyapti.
Odatdagidek, hammasi yaxshi bo‘lishiga umid qilib qolamiz. Zero, bizda umid doim oxirigacha saqlanib kelgan.
Muallif: Tolibjon Qosimov
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...