2 038
"Shomurodov yaxshi o‘yin ko‘rsatsa, darhol uning raqamini teraman, O‘zbekiston bilan o‘yin? Bu taklifga ko‘ngan bo‘lardim" - Valeriy Karpin
Yaqinda Rossiya terma jamoasi bosh murabbiyi Valeriy Karpin bilan eksklyuziv suhbat uyushtirilgani haqida xabar bergandik. Nihoyat, siz kutgan suhbat e’tiboringizga havola etiladi. 53 yoshli murabbiy “Rostov” klubiga ham ustozlik qilayotganini bilasiz. Uni muxlislarimiz juda yaxshi taniydilar. Shu bois Rossiyada ham o‘ziga yarasha nom qozongan mutaxassis haqida ta’rif berish shart emas.
Albatta, Karpindek mutaxassisdan intervyu olishning o‘zi bo‘lmaydi. Buning uchun ancha vaqt sarflanganini aytish kerak. Dastlab “Rostov” klubi matbuot xizmati rahbari Boris Asanov bilan aloqa o‘rnatishga harakat qildik, ammo urinishlarimiz besamar ketaverdi, undan javob bo‘lmadi. Orada esa Rossiya terma jamoasi matbuot xizmati rahbari Samvel Avakyan bilan ham aloqaga chiqdik. Boris Asanovdan farqli o‘laroq u bizning so‘rovimizni eshitdi. Biroq Karpindan intervyu olish uchun ko‘plab nashrlar navbatda turganini, hali beri vaqti bo‘lmasligini aytib, buni biz uchun deyarli imkonsiz degandi. Adashmasak, bunga ham ancha bo‘ldi, aniqrog‘i, o‘tgan yil oxirlari edi.
Inson ba’zida maqsadiga erisha olmasdan tushkunlikka tushishi tabiiy. Ammo ishonch, sabr hamda vaqt kerak bo‘ladi. Karpin Shomurodovni tarbiyalagan va katta yo‘l ko‘rsatgan murabbiy sifatida ham bizning hurmatimizni yanada qozongandi. Ha, u mashhur va u bilan suhbatlashish chindan ham oson bo‘lmasligini yaxshi tushunarlik, biroq orqaga chekinish xayolimizga ham kelmagan.
Yodingizda bo‘lsa, 2021 yilning fevral oyida rossiyalik yana bir taniqli murabbiy Yuriy Syomin bilan ham muvaffaqiyatli aloqa o‘rnatib suhbatga ko‘ndirgandik. Bu safar Karpinga bo‘lgan urinishlarimiz ham yakunda ijobiy yechimini topdi. Albatta, suhbatlashishdan oldin uning o‘ziga bizning taklifimizni yetkaza oldik. Aniqrog‘i, Rossiya terma jamoasi murabbiylar shtabida unga yordam berayotgan mutaxassisni “ishga soldik”. Natijada Karpin rozi bo‘ldi, degan xabar keldi. U yerda chempionat tugagan va hamma tanaffusda bo‘lgani bois ham u vaqt ajratdi. Shunday qilib, Georgiyevich bilan aloqaga chiqdik va suhbat uyushtirdik.
- Assalomu alaykum, Valeriy Georgiyevich, salomatmisiz, ishlaringiz yaxshimi? Sizni O‘zbekistondan, Sports.uz saytidan bezovta qilyapman...
- Salom yaxshimisiz, rahmat hammasi joyida. Sizni tushundim. Albatta, bu qiziqarli bo‘lishi tayin.
- Rahmat. Avvalambor, Sports.uz sayti uchun vaqt ajratib, intervyu berishga rozilik bildirganingizdan minnatdormiz. Ayting-chi, bu sizning o‘zbek matbuotiga berayotgan birinchi intervyuingizmi?
- Bilmadim... Aftidan, dastlabkisi bo‘lsa kerak.
- Demak, bu birinchisi...
- Ha, menimcha, shunday bo‘lishi kerak.
- Rossiya terma jamoasi va “Rostov” klubini bir vaqtning o‘zida boshqarishni istaganmidingiz? Ammo bir paytda ikkita vazifada ishlash oson emas...
- Agar Rossiya terma jamoasining o‘yinlari davom etayotgan taqdirda “Rostov”ni ham birga boshqarish men uchun juda qiyin bo‘lardi. Ayni paytda faqat klub miqyosida ishlash meni unchalik toliqtirib qo‘yayotgani yo‘q.
- Menga ayting-chi, Eldor Shomurodovni birinchi bo‘lib qachon va qayerda ko‘rgandingiz?
- Birinchi marta “Rostov”da. To‘g‘ri, o‘shanda men mahalliy jamoada hali bosh murabbiy hisoblanmasdim. Men Rossiya chempionati o‘yinlarini tomosha qilish orqali bu yigitga ham e’tibor qaratishni boshlagandim. O‘sha paytda Shomurodov asosan zaxiradan maydonga tushirilardi. U haqdagi dastlabki taassurotlarim faqat shundan iborat bo‘lgan. Keyinchalik “Rostov”ni boshqarishga kirishganimdan so‘ng Eldor bilan yaqindan tanishganman.
- Eshitishimcha, siz Eldorning otasi bilan ham uchrashgan ekansiz...Bu qanday yuz bergandi?
- Ha, shunday bo‘lgan. Uning ota-onasi o‘g‘lini ko‘rish uchun Rostovga kelishgandi, o‘shanda ko‘rishganmiz.
- Shomurodov sizdan juda minnatdor ekanligini ta’kidlashdan charchamaydi. Chunki “Rostov”da o‘ynab yurgan kezlarida aynan sizning qo‘l ostingizda u boshlang‘ich tarkibdan joy olishga muvaffaq bo‘lgan va ishonch bildirgansiz. Uning bugungi darajagacha yetishi mumkinligini sezganmidingiz?
- Buni bilarmidim? Yo‘q, ammo Eldorning saviyasi yanada oshishi mumkinligi borasida menda umid yo‘q emasdi. Chunki bu yigit mashg‘ulotlarda astoydil ter to‘kib ishlardi. Tabiiyki, tirishqoq o‘yinchidan ko‘p narsa kutish mumkin. Aytishim kerakki, u “Rostov”da ish boshlagan kezlarimda ham darhol boshlang‘ich tarkibga jalb etilmagan. Lekin men uning shu yo‘ldagi sa’y-harakatlariga mashg‘ulotlar asnosida ko‘p guvoh bo‘lganman. Shomurodov hammasiga o‘z ustida ko‘p ishlayotgani uchun ham erishyapti, deb hisoblayman.
- Eldorni “Roma”dagi dastlabki mavsumi borasida nima degan bo‘lardingiz?
- “Roma”da raqobat o‘ta kuchli. Chunki ishqibozlar bu klubdan ko‘p narsa kutishadi. Shunday ekan, Eldorning Rim jamoasida asosiy rollardan biriga chiqishini kutish amrimahol edi. Nega deganda, “Roma”dagi talab “Jenoa”dagidan ko‘ra, ancha yuqori. Nima bo‘lgan taqdirda ham shuni aytishim mumkinki, Shomurodovning Italiyadagi faoliyati borasida faqat iliq gap ayta olaman. Chunki bu yigit u yerda ham yo‘qolib qolgani yo‘q. Shomurodov “Roma”da ham ter to‘kib ishlayapti. Buni esa boshqa jamoalarda to‘p surishga bemalol qiyoslash mumkin. Negaki, vatandoshingiz Joze Mourinodek murabbiy qo‘l ostida shug‘ullanmoqda.
- Valeriy Georgiyevich, sobiq shogirdingiz masalasida Mourino bilan gaplashishingizga to‘g‘ri kelganmi?
- Yo‘q, gaplashmaganman.
- Mutaxassis sifatida nima deysiz: Eldorga “Roma”da qolish yaxshimi yoki boshqa klubga o‘tish ma’qulroq bo‘lardi, deya olasizmi?
- Ketganda ham qanday klubga borishini e’tiborga olish darkor. Buning uchun u qarshisidagi variantlardan eng ma’qulini tanlamog‘i kerak. Bu masalada hammasi bevosita Eldorning o‘ziga bog‘liq. Buni uning o‘zi ham yaxshi his qilib turgan bo‘lsa kerak. Qolaversa, hamma davlatda futbol bir xil qoida asosida o‘ynaladi.
- Eldor bilan bog‘lanib turibsizmi?
- Vaqti-vaqti bilan bog‘lanib turaman. Biror uchrashuvda menda yaxshi taassurot qolsa, darhol Shomurodovning raqamini terishim mumkin. Lekin u bilan doim qo‘ng‘iroqlashib turmayman. Faqat uchrashuvlarda gol kiritadigan bo‘lsa yoki o‘zidan iliq taassurot qoldirsa, uni tabriklash uchun telefonimni qo‘lga olaman.
- Matbuotda Shomurodovga “Fiorentina”, “RB Leypsig” va “Sevilya” klubi qiziqish bildirayotgani haqidagi ma’lumotlarga ko‘zim tushyapti. Sizningcha, uning uchun variantlar orasida eng yaxshisi qaysi biri bo‘lishi mumkin?
- Nazarimda, Eldor uchun hammasidan ko‘ra, “Sevilya” varianti to‘g‘ri kelsa kerak. Chunki uning o‘yin uslubi ispan chempionatiga mos tushadi. Bilasiz, Italiyada asosiy urg‘u himoyaga qaratilgan holda o‘yinlar o‘tkaziladi. Ispaniyada esa ko‘proq hujumga e’tibor beriladi. Shomurodov maydonning hujum chizig‘ida o‘zini har tomonlama qulay his etadigan futbolchidir. To‘g‘ri, “RB Leypsig” ham unga mos kelishi mumkin. Chunonchi, Germaniya Bundesligasida ham hujumkor futbol urfda. Shuni qo‘shimcha qilishim mumkinki, Eldorga yevrokuboklarda muntazam ishtirok etadigan klubda to‘p surish foydaliroq.
- O‘zingiz boshqarayotgan “Rostov”da o‘zbekistonlik boshqa o‘yinchilarni ko‘rishni xohlagan bo‘larmidingiz?
- Agar ular zo‘r va yaxshi futbolchi bo‘lishsa, jon deb ular bilan ishlagan bo‘lardim.
- O‘zbek futbolchilari orasida iqtidorlilari talaygina ekanligidan xabardormisiz?
- To‘g‘risini aytaman, unchalik emas. Nega deganda, o‘zbek chempionati bahslarini muntazam ravishda kuzatib bormayman. Agar seleksiya xizmatimizdagilardan biri u yoki bu futbolchini ko‘rish kerak, degan gapni aytsagina shunda e’tibor qarata olaman.
- Oston O‘runov haqida fikringiz qanday?
- Oston O‘runov – iqtidorli futbolchi. Uni yaxshi bilaman. Lekin “Spartak”da O‘runovga oson bo‘lmayapti. Hammasi bir tekis kelayotgan paytda bu klubga ko‘chib o‘tishi uni yo‘ldan chiqarib yubordi.
- O‘zbek futboli vakillari orasida yaqin do‘stingiz bormi? Shu ham bizning muxlislarimiz uchun qiziqarli bo‘lishi tayin.
- Hozirgi paytda birorta do‘stim yo‘q.
- O‘zbekiston milliy terma jamoamiz ishtirokidagi o‘yinlarni kuzatib kelasizmi?
- Ilgari kuzatardim, biroq oxirgi paytlarda bunga qo‘l tegmayapti. Shomurodov “Rostov”da o‘ynab yurgan kezlarida terma jamoangiz o‘yinini doim kuzatardim.
- Vaqti kelganda Rossiya va O‘zbekiston terma jamoalari o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvi tashkil etilishi ehtimoli borasida nima degan bo‘lardingiz? Buning imkoni bormi?
- Bu masalada hammasini bir o‘zim hal qilmayman. Boz ustiga bu mening vakolatim doirasiga kirmaydi. Buni federatsiyadagilar hal etishadi. Agar buning iloji bo‘lib, federatsiyadagilar shuni tanlashsa men jon deb bu taklifga ko‘ngan bo‘lardim. Kechirasizu, bu savolingizni menga emas, federatsiyada ishlaydiganlarga berganingiz ma’qulroq.
- Siz sayohatga chiqishni xush kuradigan insonsiz. Bizning O‘zbekistonda ham diqqatga sazovor joylar talaygina. Masalan, Samarqand, Buxoro va Xivada tarixiy obidalar juda ko‘p...
- Tabiiyki, siz sanab o‘tgan shaharlar haqida eshitganman. Ammo hozirgacha u yerlarga borish nasib etgani yo‘q. Yosh chog‘imda Estoniya bolalar va o‘smirlar miqyosida xalqaro turnirlarda ishtirok etgan paytlarimizda u yoki bu mamlakatlarda bo‘lishimga to‘g‘ri kelgan.
- Mutaxassis sifatida MDHga a’zo mamlakatlardan qaysi birida futbol tobora rivojlanib bormoqda?
- Bu haqida gapirish mushkul. Chunki biror-bir fikr bildirishdan oldin hammasini diqqat bilan kuzatib borish kerak. Ko‘r-ko‘rona fikr bildirishga odatlanmaganman. Ochig‘ini aytaman, bu savolingizga javob berishim o‘ta mushkul. Nega deganda, MDH tasarrufidagi boshqa biror-bir mamlakatning futbolini diqqat bilan kuzatib kelmayman. Meni ko‘proq yevrokuboklar doirasidagi uchrashuvlar qiziqtiradi. Mana shunday musobaqalarda MDHdan klublar qatnashib borsa shundagina ko‘rishim mumkin.
- Hammaga ma’lum sabablarga ko‘ra, oxirgi paytlarda Rossiya terma jamoasi hech qanday uchrashuvlarda qatnasha olmayapti. Bundan keyin terma jamoaning taqdiri nima bo‘ladi?
- Hozircha Rossiya terma jamoasi uchrashuvlarda qatnashishdan mosuvo bo‘lib turibdi. Shunday ekan, asosiy e’tiborni Rossiya chempionatiga qaratishimiz kerak. Chunki siyosiy holat tufayli klublarimiz yevrokuboklarda, terma jamoamiz esa xalqaro doiradagi uchrashuvlarda ishtirok eta olishmayapti. Umid qilamanki, bir kun kelib hammasi joyiga tushadi.
- Sport siyosatdan holi deyishadi. Ammo Rossiya terma jamoasi va klublariga FIFA hamda UYEFA tomonidan qo‘yilgan cheklov qimmatga tushmoqda. Bundan eng birinchi navbatda muxlislar jabr chekmoqdalar...
- Fikringizga to‘la-to‘kis qo‘shilaman.
- Jilla qurisa terma jamoaning o‘rtoqlik o‘yinlarida ishtirok etishiga ruxsat bersalar ham juda ma’qul bo‘lardi-da...
- Bu gapingizga ham qo‘shilaman. Agar terma jamoamizning o‘rtoqlik uchrashuvlariga ruxsat berishsa ham bundan faqat xursand bo‘lardim. Afsuski, hammasi faqat o‘zimgagina bog‘liq emas.
- Yaqin oraga mo‘ljallangan rejalaringiz qanday?
- Yaqin oraga mo‘ljallangan rejalar...Hozircha tanaffus. Lekin navbatdagi mavsum boshlanishi oldidan yana ishlar qizg‘in kechishga tushadi. Shunda asosiy e’tiborni faqat sevgan ishimga qaratishim mumkin. Avvaliga klub miqyosidagi faoliyatim bilan cheklanishimga to‘g‘ri keladi. Ammo, umid qilamanki, milliy terma miqyosidagi ishlar ham davom ettiriladigan kunlar yana boshlanadi.
- Valeriy Georgiyevich, bizga vaqt ajratganingiz uchun rahmat. Faoliyatingizga omad tilaymiz...
- Rahmat, sog‘ bo‘ling! “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi