1 621
«Uimbldon»da sensatsiya: rossiyaliklar ishtiroki taqiqlangan ilk musobaqada rus qiz g‘olib bo‘ldi
Foto: EPA
Qozog‘istonlik Yelena Ribakina Angliyada o‘tkazilgan «Katta dubulg‘a» tasnifidagi «Uimbldon» musobaqasi g‘olibiga aylandi. Qo‘shni davlat vakili finalda musobaqaning uchinchi raketasi bo‘lmish tunislik Ons Jobirni mag‘lub etdi.
Birinchi setni 3:6 hisobida boy bergan qozog‘istonlik tennischi keyingi ikki setni bir xil – 6:2 hisoblarida o‘z foydasiga hal etdi. Shu tariqa, 23 yoshli Ribakina 2011 yildan buyon «Uimbldon»ning ayollar o‘rtasidagi bahslarida g‘olib bo‘lgan eng yosh tennischiga aylandi.
Kutilmaganda birinchi setni boy bergan Ribakina keyingi setlarda keskin bosim uyushtirdi va tunislik raqibini xatolarga majburladi. Bahs yakunida esa ortiqcha baqir-chaqir ham qilmagan Lena shunchaki qo‘lini osmonga ko‘tarib qo‘ya qoldi. Ammo o‘yindan keyingi matbuot anjumanida hech qachon bu bahsdagi kabi hayajonlanmaganini tan oldi.
Rossiya musobaqaga qo‘yilmadi, ammo baribir rus qiz g‘olib bo‘ldi
«Katta dubulg‘a» turkumidagi «Uimbldon» musobaqasiga G‘arbning sanksiyalari doirasida rossiyalik sportchilar qo‘yilmagandi. Ammo baribir musobaqaning ayollar o‘rtasidagi bahslarida rus millatiga mansub qozog‘istonlik sportchi g‘olib bo‘ldi.
Ribakina Moskvada tug‘ilgan, ammo 2018 yil Qozog‘iston fuqaroligini olib qo‘shni davlat sharafini himoya qila boshlagan. Finalgacha bo‘lgan bahslarni ideal tarzda o‘tkazgan sportchi faqat bitta setni boy bergandi, chorakfinalda avstraliyalik Ayla Tomlyanovichga qarshi bahsda.
Yarimfinada Ribakinaga turnirning 2019 yilgi g‘olibi, dunyoning sobiq birinchi raketkasi Simona Halep to‘qnash keldi. Ammo bu bahsda ham qozog‘istonlik sportchi qiyinchiliksiz g‘alaba qozondi.
Ribakina «Uimbldon»gacha hech qachon «Katta dubulg‘a» tasnifidagi musobaqa finaliga chiqmagandi. Bungacha dunyo reytingida 23-o‘rinda joylashgan sportchi 2021 yil Fransiya ochiq chempionatida chorakfinalga chiqqan va bu uning eng yaxshi natijasi bo‘lib turgandi.
Foto: Reuters
Tennis haqidagi eng yirik nashrlardan biri bo‘lmish «Racquel Magazin» jurnali bosh muharriri Ribakinaning musobaqadagi g‘alabasini shunday izohladi: «Rossiyalik sportchilarning musobaqadagi ishtiroki taqiqlangandan keyin unda rus tennischisi g‘olib bo‘lgani haqida gapirishmoqda. Ammo bu aynan Rossiyaning muvaffaqiyatsizligini ko‘rsatadi. Chunki Ribakinaga Rossiyada imkon berilmagan, iste’dodini ko‘rishmagan. Bugun Rossiya yutqazdi, Qozog‘iston yutdi».
Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, rossiyalik va belaruslik tennischilar «Uimbldon»da ishtirok etmasligi e’lon qilindi. Bu Rossiyaga qarshi qo‘llangan sanksiyalar doirasida amalga oshirildi. Ushbu qaror tennis jamoatchiligida tanqidiy fikrlarga sabab bo‘ldi. Chunki dunyoning birinchi raketkasi, rossiyalik Daniil Medvedev hamda oltinchi raketka, belaruslik Arina Sobolenko kabi sportchilar yirik musobaqalarda ishtirok eta olmasligi raqobatga ta’sir qiladi deb hisoblandi.
Yelena Ribakina qozog‘istonlik sportchilar orasida birinchi bo‘lib «Katta dubulg‘a» tasnifidagi musobaqaning yakkalik bahslarida g‘alaba qozondi. Sportchidan finaldan keyin o‘zini qaysi mamlakat vakili deb hisoblashi haqida so‘rashdi. «Men Qozog‘iston sharafini himoya qilaman, anchadan buyon. Doim orzu qilganim olimpiada o‘yinlarida ham Qozog‘iston nomidan qatnashdim. U yerda menga ishonishdi, imkon berishdi, doim qo‘llashdi, bugun ham kortda bayroqlarni ko‘rdim. Bu boradagi boshqa mulohazalarni muhokama qila olmayman», dedi qozog‘istonlik sportchi.
Finaldagi tarixiy g‘alabasidan keyin Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev tennischini shaxsan tabrikladi. “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)