19:30 / 24.07.2022
2 007

"Al-Xor" Baxtiyor Qosimovga qanday talab qo‘yganini bilasizmi?

"Al-Xor" Baxtiyor Qosimovga qanday talab qo‘yganini bilasizmi?
Kuni kecha legionerlarimiz soni yana bittaga ko‘paydi. “Surxon” yetakchilaridan biri Baxtiyor Qosimov Qatarning “Al-Xor” klubidan tushgan taklifni qabul qildi. Andijonlik futbolchi faoliyatida yangi sahifa ochdi. Ilk bor xorijda legioner maqomida o‘ynaydi. Baxtiyor voqealar rivoji qanday ro‘y bergani haqida gapirdi.

- 15 iyulda yig‘ildik. Ertasiga “Surxon” prezidenti Jahongir aka qo‘ng‘iroq qilib, Qatar klubi sizga qiziqyapti, hammasi o‘xshasa borasizmi, deb so‘radi, - deya gap boshladi Qosimov. - Barchasini gaplashganimizdan keyin ikki kundan so‘ng qatarliklar shartnoma yubordi. Men shartnomaga imzo chekdim va ularga jo‘natib yubordik. Ertasi kuni viza tayyorlashib, chipta yuborishdi. Hatto, uyga Andijonga borib kelishga ham ulgurmadim. Ikki kun ichida hal bo‘lib ketdi. “Al-Xor” klubi bosh murabbiyida uchta variant turgan ekan. Markazdagi pozitsiyaga mendan tashqari eronlik va braziliyalik o‘yinchilarning nomzodi ham bor edi. Yakunda murabbiy meni tanlabdi. Klubga keldim, yaxshi kutib olishdi, mehmonxonaga joylashtirishdi. Tibbiy ko‘rikdan o‘tdim. Chuqurlashtirilgan holda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishdi. Biznikidan ancha farq qilar ekan. Dastlabki mashg‘ulotimni o‘tkazdim. Biz bir yillik shartnoma tuzdik.

- “Surxon” bosh murabbiyi Anxel Lopes ketishingizga qanday reaksiya bildirdi?
- Lopesni ko‘ndirish qiyin bo‘ldi. Klub xo‘jayini bilan gaplashdi hamda vaziyatni tushuntirdi. Murabbiy bilan gaplashdim. Rozi bo‘lishi qiyin kechdi. Mening faoliyatimni o‘ylab, bu qarorni o‘zing qabul qil, deb aytdi. Bilasizmi, Lopes nafaqat murabbiy sifatida, balki inson sifatida ham juda yaxshi. Albatta, bosh murabbiy menga shunday taklif bo‘lganidan xursandligini, ammo qolganimda yanada xursand bo‘lishini aytib kulib qo‘ydi.

- Baribir legionerga aylanishingizda ispaniyalik mutaxassisning roli katta bo‘ldi. Chunki uning qo‘li ostida ancha rivojlanishga erishdingiz. Ayting-chi, Lopes avvalo nimani o‘zgartirdi?
- Anxel Lopesga katta rahmat aytaman. Juda kuchli murabbiy. Uning qo‘lida bitta men emas, qolgan futbolchilar va butun “Surxon” jamoasi o‘sdi. Anxel o‘z ishiga juda professional yondashadi. Bizdan ham shuni talab qiladi. Uning qo‘li ostida erkin va agressiv futbol o‘ynashni boshladik. Bizga bir gapni takror aytardi: har bir uchrashuv hayotni o‘zgartiradi, derdi. Hammasi uchun murabbiyga tashakkur.

- Faoliyatingizda ilk bor legioner sifatida to‘p surasiz. Yangi mentalitet, yangi chempionat...Hammasiga tayyormisiz?
- Albatta, bu men uchun faoliyatimda katta burilish. Tabiiyki, legioner sifatida to‘p surish o‘zim uchun ham juda qiziq. Barchasiga tayyorman. Hech qanaqa hayajon yo‘q. O‘ylaymanki, qabul qilgan qarorim o‘sishim uchun katta imkoniyat.

- “Al-Xor”da qaysi raqamni tanladingiz va klub sizdan nimani talab qilyapti?
- 10-raqamni tanladim. Klub menga uy, mashina va oilamni olib kelishim uchun hamma sharoitni yaratib berdi. Menga qo‘ygan talabi maksimal jamoa uchun yordam berishim kerak va Yulduzlar ligasiga qaytarish.

- Yangi bosh murabbiy bilan suhbat qanday o‘tdi?
- Bosh murabbiy va uning yordamchilari ham braziliyalik. Albatta, gaplashdim. Menga ishonishini aytdi va bu ishonchni oqlashga harakat qilaman.

- “Al-Xor” taklifi bo‘yicha yana kim bilan maslahatlashdingiz?
- Allohni menga bergan mukofoti bo‘ldi. Xudoga shukr. Bu men uchun zo‘r taklif. Bundan faqatgina foydalanib qolish kerak. Oilam, klub rahbari va yaqin insonlarim bilan maslahatlashdim. Barchaning maslahatini eshitib, yakuniy qarorni qabul qildim. Shu o‘rinda meni qo‘llab-quvvatlagan barchaga minnatdorchilik bildiraman. “Andijon” va “Surxon” klubi ishqibozlariga alohida rahmat aytaman. Chunki bu kabi muxlislar har doim yolg‘izlatib qo‘yishmagan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Al-Xor" Baxtiyor Qosimovga qanday talab qo‘yganini bilasizmi?