22:04 / 30.07.2022
2 792

«Qog‘oz berib, xohlagan raqamingni yoz deyishdi». Otabek Shukurov bilan intervyu

«Qog‘oz berib, xohlagan raqamingni yoz deyishdi». Otabek Shukurov bilan intervyu
O‘zbekiston milliy jamoasi yarimhimoyachisi Otabek Shukurov 5 yillik faoliyatidan keyin yozgi transfer oynasida «Sharja»dan «Fotih Karagyumruk» klubiga o‘tdi. 26 yoshli futbolchining Birlashgan Arab Amirliklaridan Turkiya Superligasiga ko‘chib o‘tishi oldinga tashlangan qadam ekani shubhasiz. Ayniqsa, o‘zbek yarimhimoyachisining Andrea Pirlo qo‘l ostida to‘p surishi barchani xursand qiladi. Otabek Shukurov Turkiyada Tribuna.uz va Kun.uz muxbiriga ilk eksklyuziv intervyu berdi.

«Sharja»dan ketishi va Yevropa klubiga o‘tish maqsadi

- Hali Turkiyaga kelganimizga ikki kun bo‘ldi. «Sharja»dan «Fotih Karagyumruk»ga o‘tishim maqsadim bilan bog‘liq. Avvaldan Yevropada to‘p surishni istaganman, Turkiyada esa Yevropada nom taratgan kuchli klublar bor. «Sharja» bilan oldindan shu masalani muhokama qilib kelganmiz. Oxirgi shartnomalarimda ham shunday band kiritgandikki, Turkiya, Rossiya yoki kuchli beshlik chempionatlaridan taklif bo‘lsa, «Sharja» meni qo‘yib yuborishi talab etilardi. Shunga asosan BAA klubini tark etib, Turkiyaga keldim.

«Fotih» klubi dastlab agentimga taklif bergan, keyin esa «Sharja»ga rasmiy taklif bilan chiqqan. «Sharja» rahbariyati esa ketmasligimni xohlab, hatto menga aytmagan. Bu narsani keyin bilib oldik. Shu bir oy ichida bo‘lgan bu. Agentim ham taklifni aytib turgandi.

Nega aynan «Fotih Karagyumruk»ni tanladi?

- Turkiyaning bu jamoasidan tushgan taklif meni shu jihati bilan e’tiborimni tortdiki, bu klub bosh murabbiyi – Andrea Pirlo ekani bilan bog‘liq edi. Chunki faoliyatimdagi cho‘qqimni Yevropada to‘p surish deb maqsad qilganman. «Sharja»ga o‘tishim ham o‘zi ayrim sabablar bilan ro‘y bergan va bu yerda qolib ketdim. Lekin hammasi Allohdan, nasib qilgani bo‘ladi, baribir. Biz amalini, harakatini maksimal darajada qilib kelganmiz har doim, qolganini Xudoga tavakkal qilganmiz. Mana, Turkiyaga o‘tish nasib qilgan ekan. Tezroq moslashib olishga intilyapmiz.

«Sharja»dan ketish ham oson bo‘lmadi. Ular majbur qo‘yib yuborishdi. Bu klubda 4-5 yil o‘ynab, nafaqat klub rahbariyati, xodimlar, muxlislar, umuman butun Sharja bilan juda yaqin bo‘lib qolgandik. «Sharja» rahbariyatidan boshqa takliflar borligi, BAA va Saudiya Arabistoni klublari ham chaqirayotgani, ammo yanada o‘sish uchun ham Yevropaga o‘tishga ruxsat beringlar deb so‘radim.

Pirlo qo‘l ostida o‘ynash uchun nimalardan voz kechgani haqida

- Pirlo jamoasiga o‘tish uchun nimalardan voz kechdim? To‘g‘risini aytsam, bugunlardan o‘zimga keldim. Chunki futbolchi uchun 4-5 yil kichik vaqt emas. 21 yoshimda Sharjaga kelgan bo‘lsam-da, bu yerdan juda ko‘p narsa topganman. Faqat moliyaviy tarafdan emas, futbolchi sifatida 100ga yaqin davlatda bo‘lganman, ammo Sharjadagidek yashash muhiti, menga mos joyni topish qiyin. Bu shahardagi islomiy muhitdan ko‘p narsa oldim. Sharjada meni taniydigan insonlar borki, yaxshi ko‘rardi. Yoshi kattalari hatto «o‘g‘lim» derdi. Klubdan ketganimga ular ishonmay, hammasi yozishmoqda. Bunday qadriyatlarni so‘z bilan ifodalash qiyin. Eng asosiysi mana shunday muhitni yo‘qotdim.

Sharjaning shayxi, klub prezidenti ketmasligimni bir necha bor so‘radi. Bu puldan muhimroq. Dubay boshqa sharoit, asosan sayyohlar uchun, ammo Sharjada yaxshi yashash uchun hamma narsa bor edi – tinch, sokinlik, har 500 metrda masjid, birgina men turgan mahallaning o‘zida 3ta masjid bor edi. Tasavvur qiling, ish bilan bankgami, biror idoragami borsam, hamma joyda menga «yashil chiroq» edi. Shunaqa muhitdan voz kechishimga to‘g‘ri keldi. Buning barchasini kareram uchun qildim – futbolchi sifatida o‘sib, yangi cho‘qqilarni zabt etish uchun.

«Qog‘oz berib, xohlagan raqamingni yoz deyishdi»

- Ha, moliyaviy jihatdan ham katta raqamlarni tashlab keldim. 1,8 mlndan 650 mingga tushdimi maoshim? «Sharja» kelishimdan avval oldimga qog‘oz tashladi. Mayli, shunga xohlagan raqamingni yoz, agar biz qilib bera olmaydigan bo‘lsak, unda jamoadan ketishingga qarshilik qilmaymiz, deyishdi. Oldingidanam ko‘p. Ammo men, «ketishga ahd qildim, ruxsat beringlar, oq yo‘l tilanglar, Insha Alloh kareram yaxshi bo‘lib ketsa, bir kun qaytarman», dedim. To‘g‘risini aytsam, undanam kattaroq raqamlarni yo‘qotdim. Oilam ham men nima desam rozi bo‘lib, meni qo‘llab-quvvatladi. Ular ham Sharjaga juda o‘rganishgandi.

«Bu klubni tramplin bo‘lishi uchun ham tanladim»

- «Fotih» bilan rasman shartnoma imzoladim. Ular menga 2+1 shaklida kelishuv taklif qilishdi, men esa faqat ikki yillik shartnoma tuzdim. Bu jamoa men uchun tramplin bo‘lishi uchun ham tanladim. Turkiya Superligasida o‘ynagan birinchi o‘zbek futbolchisi bo‘lasan deyishdi. Bu ham o‘ziga xos katta mas’uliyat. Keyinchalik ham o‘zbek futbolchilariga bu yerda talab bo‘lishi uchun o‘zimni yaxshi tomondan ko‘rsatishim kerak. Alloh yuzimizni yorug‘ qilib, nima maqsadda kelgan bo‘lsak, xayrlisiga yetkazishidan umidvormiz.

«Pirloning o‘zi taklif qilgani, so‘rab turgani uchun ham Sharjadagi muhitga ko‘z yumdim»

- Ha, «Fotih» Turkiyaning grand klublari oldidan nisbatan kichik klub. Boshida ham bu klubdan taklif borligini aytishganida, unchalik ham e’tibor qaratmadim. Ammo bu jamoada murabbiy Pirlo ekani taklifni qabul qilishimga yetarli bo‘ldi. Chunki futbolni tushungan borki, Pirlo qanday o‘yinchi bo‘lgani, qanday o‘ynaganini yaxshi biladi. Ayniqsa, Pirloning o‘zi menga qiziqish bildirib, taklif qilgani, o‘zi so‘rab turgani uchun Sharjadagi muhitga ko‘zni yumib, kelishga qaror qildim. Inson hayotida nimagadir erishish uchun, nimadandir voz kechishiga to‘g‘ri keladi. Ehtimol, bu men uchun burilish nuqtasi bo‘lar.

«Pirloning ham, mening ham maqsadim bir – kuchliroq chempionatga o‘tish»

- Yana bir e’tiborimni tortgan jihat «Fotih Karagyumruk» o‘yinchilarni yaxshiroq darajaga ko‘tarib, boshqa jamoalarga transfer qiladigan jamoa. Bu klub uch yil avval Superligaga chiqqan. Klub prezidenti, sport direktori bilan gaplashdim, bu klubning asosiy maqsadi transferlardan daromad ko‘rish. Bu ham jamoani tanlashimga turtki bo‘ldi. Bu yerda yaxshi o‘ynab, yanada kuchliroq chempionatga yo‘l olish mumkin. Pirloda ham maqsad shu – bu yerda o‘zini murabbiy sifatida yaxshiroq ko‘rsatib, yana A Seriyaga qaytish. U ham bizdek maqsadda kelgan. Klub ham va’da berdi – yaxshi taklif tushdimi, qo‘yib yuboramiz, sotishga tayyormiz deb. Endi hammasi o‘zimizga bog‘liq, muxlislarimiz va barchaning ishonchini oqlab, yuzimiz yorug‘ bo‘lishi uchun bor kuch va imkoniyatimni ishga solaman.

Bobur Akmalov suhbatlashdi.


Otabek Shukurov1, Sharja1, Turkiya1, Fotih Karagyumruk1

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Qog‘oz berib, xohlagan raqamingni yoz deyishdi». Otabek Shukurov bilan intervyu