Negadir, Otabek Shukurov deganda hayolimga birinchi bo‘lib eng katta orzusiga yeta olmagan inson kelardi. Yodimda bor, u bilan intervyu uyushtirgach, kameralar o‘chganidan keyin ancha suhbatlashib o‘tirganmiz. Aynan Yevropaga ketmagani haqida fikr bildirganida, ich-ichidan ezilib so‘zlgan edi. Men ham bu suhbatga qadar uni BAAdagi katta pullarni ko‘zi qiymagani uchun "ko‘hna qit’a"ga ketmagan deb hisoblardim. Intervyudan so‘ng fikrim o‘zgardi...
Darhaqiqat, ba’zan hayotimizning ayrim qismlarida tanlov o‘zimizda bo‘lmaydi. Shukurov "rul" o‘zida bo‘lishini sabr bilan kutdi va birinchi imkon paydo bo‘lishi bilan Yevropaga yo‘l oldi.
Qoyil qolish kerak, bu orzu armonga aylanib qolmadi. Arablarning millionlari o‘rtaga tikilganiga qaramay, Shukurov xorijda to‘p tepishni afzal ko‘rdi. Ayrim yosh futbolchilarimiz uchun o‘rnak bo‘ladigan voqea. Yaqinda, xorijlik bir agent bilan suhbatlashib qolgan edik. U menga yurtimizda bo‘lgan U23 Osiyo Kubogida porlagan bir futbolchimiz qilgan ishni aytib berganida, hayron qoldim. Keling, uning ismi sir bo‘lib qolsin. Xullas, o‘sha futbolchi bilan Yevropaning bir nechta (Chexiya, Vengriya, Polsha..) asosiy ligasida to‘p tepuvchi klublardan takliflar kelib tushgan.
Qahramonimiz ochiqchasiga ularning barchasini rad etadi va karerasi orqali ko‘proq pul topmoqchi ekanligini dangal aytadi. Bir qarashda, bu uning tanlovi, hech qanday gap-so‘z yo‘q, ammo nahotki hozirgi yosh futbolchilarimizda orzu, yangi daraja, kuchlilar ichida bo‘lishga intilish qolmagan deb o‘ylab qoldim. Bugun Otabek Turkiya birinchiligida debyut qilgan birinchi o‘zbek futbolchisiga aylandi. U ham o‘z ismini futbolimiz tarixiga katta harflar bilan yozib qo‘ydi. Mayli, bu kuchli beshlik bo‘lmasin, ammo asosiysi intilish besamar ketgani yo‘q.
Otabekda BAAda qolib, bemalol millionlarni uyga jo‘natish imkoni bor edi. Hatto, ketayotganida qo‘liga qog‘oz berib, istalgan summasini yozishi mumkinligini aytishgan. Bunday paytda, kamdan kam insongina fikrida mustahkam turishi mumkin. Shukurov buni uddalay oldi. Birinchi navbatda, u o‘z-o‘zini yengdi. To‘g‘ri, yangi mamlakat, yangi iqlim, yangi insonlar. U "Sharja"dagi kabi hammaga asosiy futbolchi ekanligini isbotlashi uchun barchasini noldan boshlashiga to‘g‘ri keladi. Bu safar avvalgisidan qiyin bo‘lishiga qaramay, Shukurov buni uddalashiga ishonchim komil.
Turkiya chempionati Yevropaning top-10ligidan muqim o‘rin egallagan. Muxlislar armiyasi, turnirdagi intriga, mashxur nomlarning ko‘pligi va yuqori darajadagi temp. Otabek endigina 26 yoshda. Yaxshi karera qilish uchun hali hech narsa boy berilgani yo‘q. Asosiysi, birinchi qadam tashlandi. Jamoaning imkoniyatlari yomon emas. To‘g‘ri, chempionlik uchun kurashadi, deb bo‘lmaydi, biroq Andre Pirlo qo‘l ostida yangi darajaga ko‘tarilishi aniq.
Vatandoshimiz futbol to‘liqligicha biznesga aylanmaganini isbotlabgina qolmay, undagi qadriyatlar hali o‘lmaganini ko‘rsatib berdi. Uning Turkiya Superligasidagi o‘yinlarini muntazam kuzatib borishingizni tavsiya qilaman. Sababi, Shukurov bu imkoniyatni 10 yil kutgan va uning har bir soniyasidan foydalanishga urinishi aniq.
Yahyoxo‘ja ulug‘xo‘jayev
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...