19:50 / 02.09.2022
1 530

Oston O‘runov premer-liga klubi bilan shartnomaga imzo chekdi

Oston O‘runov premer-liga klubi bilan shartnomaga imzo chekdi
“Spartak” bilan amaldagi shartnomasini bekor qilgan Oston O‘runov shu kunning o‘zida Rossiya premer-ligasi vakili “Ural” bilan bitimni imzoladi.

Yekaterinburg shahri klubi prezidenti Grigoriy Ivanov “Sport-Ekspress” portaliga bu haqda ma’lumot berdi.

- O‘runov bilan shartnoma imzoladik. Batafsil ma’lumotni tez orada klub rasmiy saytidan bilib olasiz, - dedi “Ural” prezidenti Grigoriy Ivanov.

Manbalarning ta’kidlashicha, Oston O‘runov “Sparta” bilan 2025 yilning yarmigacha tuzilgan shartnomani o‘zaro kelishgan holda bekor qilgan. Avvaliga o‘zbek futbolchisi bitimni buzish uchun kelishuvda ko‘rsatilgan maoshini to‘liq to‘lanishini talab qilgani aytilgan edi.

Endi klubga yaqin manbalar legioner o‘z talabini pasaytirgani va to‘lanishi kerak bo‘lgan summa teng yarmiga qisqartirilganini ta’kidlamoqda.

Oston O‘runovni o‘z safiga qo‘shib olgan “Ural” klubi 1930 yildan beri faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Bu jamoa 2013 yildan beri Rossiya premer-ligasida ishtirok etib kelmoqda. Joriy chempionatda yekaterinburgliklar bir ochko to‘plagan holda so‘nggi pog‘onani egallab turibdi.

O‘zbekistonlik yarim himoyachi “Ural” safiga beshinchi legioner sifatida qo‘shiladi. Ayni paytda yekaterinburgliklar tarkibida xorijlik o‘yinchilardan kongolik Emerson, gruziyalik Luka Sulukidze, xorvatiyalik Daniel Mishkich, ruminiyalik Erik Bikfalvi to‘p tepmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Oston O‘runov “Paxtakor” klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Biroq, unga “sherlar”ning asosiy tarkibidan o‘rin berilmagan. Keyinchalik Namanganga yo‘l oldi.

Shu bois, professional futbolchi sifatida “Navbahor”da shakllangan. Keyinchalik Toshkentning “Lokomotiv” klubida to‘p tepdi va aynan “temiryo‘lchilar” safida Rossiya premer-ligasiga yo‘l oldi. Legioner sifatida “Ufa” va “Spartak” jamoalarida o‘ynadi.

O‘runov klublar maqyosida jami 111 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga beshta gol va beshta assist rasmiylashtirgan. Bu futbolchi maydon markazi, har ikki qanot va hujumchi ortida o‘ynay oladigan universal ijrochi hisoblanadi.

Oston 2019 yildan beri O‘zbekiston milliy terma jamoasidan joy olib kelmoqda. Hozircha, 21 yoshli futbolchimiz yettita uchrashuvda bitta to‘p kiritgan.

O‘zbekistonlik futbol ishqibozlari iste’dodli futbolchimizga yangi jamoasida omad va o‘z mahoratini namoyon etishni tilab qoladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Oston O‘runov premer-liga klubi bilan shartnomaga imzo chekdi