“Surxon” klubi ispaniyalik mutaxassis Anxel Lopes bilan hamkorlikni to‘xtatgani haqida bir necha kun ilgari saytimiz orqali xabar bergandik.
Biz esa Lopes bilan suhbatlashishga kelishib olgandik. Chunki “Surxon” bosh murabbiyligidan iste’foga chiqarilgani sababli ispaniyalik mutaxassisga beradigan savollarimiz bor edi. Nihoyat, murabbiyning o‘zi Sports.uz uchun intervyu berishga tayyorligini bildirdi.
- “Surxon”ni tark etishingiz AGMKga uchralgan mag‘lubiyat bilan bog‘liqmi yoki bu yerda boshqa gap bormi?
- Birinchi navbatda aytib o‘tishim kerakki, men O‘zbekistondagi tajribadan rohat oldim. Bu juda qiyin loyiha bo‘ldi. Men bu yerga mavsumoldi tayyorgarlikning o‘rtasida yetib keldim. Futbolchilarni o‘zim tanlay olmadim. Biror marta ham o‘z uyimizda futbol o‘ynay olmadik. Biz doim Termizdan tashqarida o‘ynadik. Afsuski, o‘z muxlislarimiz qarshisida to‘p tepa olmadik. Biz juda yaxshi o‘ynadik, zamonaviy futbol namoyish etdik. Doim raqiblarimizga nisbatan raqobatbardosh bo‘lishga harakat qildik.
Menimcha, biz buni uddaladik. Aminmanki, jamoamiz bilan to‘g‘ri yo‘lda edik va o‘z maqsadlarimizga erishishga imkoniyatlarimiz bor edi. Shunchaki, bizga ko‘proq vaqt va biroz sabr kerak edi. “Surxon”ning barcha futbolchilari menga juda chuqur ishonch bildirishgandi. Shu bois ham men uchun ushbu loyihani to‘xtatish qiyin. Ammo baribir qarorni qabul qilishni o‘rganishim kerak. Albatta, loyihada ishlashni davom ettirishni xohlardim. Yana “Surxon”da faoliyat olib borishni juda istagandim. Ammo rahbariyat meni iste’foga chiqarishga qaror qildi.
- Albatta, siz klubdan ketishni istamagandingiz. Biroq rahbariyat siz bilan hamkorlikni to‘xtatishni lozim topdilar. Ularning bunday munosabati sizni qanchalik hayron qoldirdi?
- Ha, men kutmagandim. Chunki bu yerga katta loyiha uchun kelgandim. Futbolda siz qandaydir boshqacha narsa qurmoqchi bo‘lsangiz bu ko‘proq vaqtni oladi. Biz rostdan ham yaxshi o‘ynayotgandik. Holbuki, tarkibimiz unchalik yaxshi holatda ham emasdi. Futbolchilar bilan kundalik yashash sharoitimiz ham u qadar havas qiladigan darajada emas. Lekin jamoam qay holatda o‘ynaganidan faxrlanaman.
- O‘rningizni Hamidjon Aktamov egallashi haqida gap-so‘zlar yuribdi...
- Men bilmayman. Bu haqida klubdan so‘rashingiz kerak.
- Haqiqiy murabbiy ekaningizni Baxtiyor Qosimovni chinakam futbolchi qila olganingizdan bildim. Chunki bungacha ushbu o‘yinchining faoliyatida o‘sish kuzatilmagan va asosan quyi ligada o‘ynab yurgandi. Qo‘l ostingizda esa u katta o‘sishga erishib, legionerga ham aylandi. Men faqat bitta misolni keltirdim xolos. Bu yerdagi ishingiz o‘zingizga ham yoqdimi?
- Men juda xursandman. “Surxon” futbolchilarini fevralda tahlil qilgandim va hozirgi holati bilan solishtirganimda ularda katta o‘zgarishlarni ko‘rishimiz mumkin. Bu albatta bizning qattiq mehnatimizning samarasi edi. Menda katta maqsadlar bor edi, xuddi Baxtiyor Qosimovnikiga o‘xshagan. Ularni yaxshiroq klublarga va hattoki, Ispaniya jamoalariga sotib klubimizga yanada yordam bermoqchi edim. Ammo barchasi mana shu yerda tugadi.
- O‘zingiz uchun nimani kashf qildingiz?
- Men juda ham rohat oldim. Fikrimcha, bu juda yaxshi va sifatli chempionat. Bu mening Osiyodagi uchinchi tajribam bo‘ldi. O‘ylashimcha, ajoyib mamlakatni o‘zim uchun kashf eta oldim. Bu yerda futbol yuqori darajada ekanligi va mahalliy futbolchilarning bu qadar yaxshi darajada futbol o‘ynashi meni hayron qoldirdi.
- Keyingi rejangiz qanday? Oldingizda aniq takliflar bormi yoki biroz dam olasizmi?
- Hozirda Ispaniyaga qaytib ketyapman. Futbol o‘yinlarini tomosha qilish hamda ularni tahlil qilishda davom etaman. Ispaniyadagi futbol mediasi bilan doimiy hamkorlik qilaman. Ularda sharhlovchi sifatida ishlayman. Umid qilamanki, yana tez orada murabbiylik faoliyatiga qaytaman.
- “Surxon”ning keyingi taqdiri haqida nima deya olasiz?
- Aminmanki, jamoa chempionatda o‘z o‘rnini saqlab qoladi va Superligadagi ishtirokini davom ettiradi.
- Yana o‘zbek futboliga qaytish niyatingiz bormi?
- Albatta, o‘z faoliyatimni shu yerda davom ettirishni juda xohlagan bo‘lardim. Hozirda fevralda kelganimdan ham ko‘ra tayyorman. Chunki men isbotlay oldim va barchaga zamonaviy futbol o‘ynay olishimizni ko‘rsata oldik. Yaxshi darajada o‘ynayotgandik. Hattoki, top-klublarga qarshi barqaror o‘yin namoyish eta oldik. Ushbu barqarorlikni yo‘qotib qo‘yganimiz yo‘q. Shu tariqa, men O‘zbekistonda muvaffaqiyatli loyihani kuchaytira olishda imkoniyatim borligini ko‘rsata oldim. Biz yuqori pressingli hujumkor futbol o‘ynadik va doim tavakkalchilik qilib turdik. Jamoamizning kuchli uslubi bor edi. G‘oyalarimiz ham shunga yarasha kuchli edi. O‘ylashimcha, mahalliy futbolchilar bizning o‘yin uslubimizdan xursand edilar.
- Agar sizdan O‘zbekiston haqida so‘rashsa nima deb javob berasiz?
- Bu yuqori darajadagi futbol. O‘yinlar doim zamonaviy futbolni o‘rganishga chanqoq holatda bo‘ldilar. O‘zbekiston odamlari nihoyatda mehribon.
- Muxlislar uchun qanday gaplaringiz bor?
- “Surxon” klubida ishlayotgan paytimda Termizda o‘ynab, mahalliy muxlislarni xursand qilish va Termizdagi o‘yinlarda rohat olish imkoniyatiga ega bo‘lmaganimdan juda ham afsusdaman. Umid qilamanki, tez orada klub o‘z stadionini ta’mirdan chiqaradi va jamoa Termizda o‘ynash imkoniyatiga ega bo‘ladi. O‘z maydonida o‘ynab jamoa yanada rivojlanishini xohlagan bo‘lardim. “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi