00:33 / 10.09.2022
2 075

”Sigirning oppoq sutiday top toza gol”inglar muborak bo‘lsin, “otamning “Paxtakori!” yoxud "Metallurg" klubidan "dahshat" bayonot

”Sigirning oppoq sutiday top toza gol”inglar muborak bo‘lsin, “otamning “Paxtakori!” yoxud "Metallurg" klubidan "dahshat" bayonot
Coca-Cola Superliganing 18-turidan o‘rin olgan "Paxtakor" - "Metallurg" (2:1) uchrashuvidan bekobodliklar norozi. Buni esa jamoa matbuot xizmati bergan bayonotdan ham bilsa bo‘ladi. Quyida "Metallurg" klubi tomonidan berilgan bayonotni sizga taqdim etamiz:

"Burgutko‘z hakamlaringdan aylanay, O‘FA!

Uchrashuvdan oldin OAV sahifalarida ko‘p ta’kidlangan 11 yillik qora an’anaga chek qo‘yilishi mumkin edi. “Metallurg” Toshkentda “Paxtakor”dan ochko olishga yaqin keldi. Ammo futbolchilardan rang bo‘yicha ham, harakat bo‘yicha ham ajralib turuvchi hakamlarning “sahnaga chiqishi” hammasini buzib qo‘ydi. “Metallurg” Toshkentda alamli mag‘lubiyatga uchradi.

Kutilganidek uchrashuv mezbonlarning hududiy ustunligi va keskin hujumlari bilan boshlandi. O‘yinini qarshi hujum asosiga qurgan “Metallurg” dastlabki bosim va tazyiqqa matonat bilan bardosh berdi va o‘zining imkoniyatini kutdi. Bu imkoniyat esa 23 daqiqada bo‘y ko‘rsatdi. Tezkor qarshi hujumda jarima maydoniga yorib kirgan Zabixillo O‘rinboyevni mezbonlar posboni to‘xtatib qoldi. Hakam ikkilanmay 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi. Penaltini jabrlanuvchining o‘zi bexato amalga oshirdi – 0:1.

O‘yinning bunday tus olishi tabiiyki “Paxtakor”ga yoqmadi. Jamoa endi himoyani ham tashlab, to‘liq kuch bilan hujumga otlandi. Lobanov darvozasi yonida ketma ket xavfli vaziyatlar yuzaga kela boshladi. Shunday hujumlardan birini taym oxirida Pshemislav Banashakning goli bilan tugadi. Mazkur golni aslida bekobodliklar “hakamning yordami bilan” o‘zlariga o‘zlari olib kelishdi. 33-daqiqada Kerim Palich raqib hududi raqib oyog‘i tagiga tashlanib, to‘pni olib qo‘yishga erishdi. Bir qaraganda toza harakat qilgandek edi. Firdavs esa vaziyatni boshqacha baholadi. “Metallurg” tomonga jarima zarbasi belgilashidan tashqari, mehmonlar tayanch yarim himoyachisiga oddiy vaziyat uchun sariq kartochka ham ko‘rsatdi. Standart holatidan boshlangan hujum esa gol bilan yakunlandi – 1:1.

56-daqiqada 56 yil muqaddam jahon chempionatining finalida yo‘q golni inobatga olgan referi Tofiq Bahramov “tirilib qaytganday bo‘ldi” (Vo darig‘, o‘xshashlikni qarang!). “Paxtakor” futbolchisi o‘ng qanotdan ta’qibchisidan qochib, to‘pni jarima maydoniga uzatdi. Olis burchakda Fayzullayev to‘pga boshi bilan zarba berdi. Lobanov darvoza chizig‘i ustida turib qo‘llarini oldinga cho‘zgancha to‘pni qaytardi. Norsafarov vaziyat nima bilan tugashini kuzatib turgan bir paytda, e’tibor bering, Lobanov, “Paxtakor”ning qanotdan to‘pni uzatgan o‘yinchisi, uni ta’qib qilib kelgan “Metallurg” himoyachisi, jarima maydoni ichida yana ikki futbolchining orasidan qanot hakami “to‘pning chiziqni kesib o‘tganini ko‘rib turibdi-da”!!! Eeeeee, burgutko‘z hakamlaringdan aylanay O‘zbekiston, O‘FA, Futbol hakamlari markazi, devorging keladi! Qoyilmisan!!!

So‘nggi ikki uch o‘yindan buyon hakamlarni rosa tanqib qilgan Maksim Shatskixning nolalari “qayerlargadir yetib borganga” o‘xshaydi. Bunday hakamlik bilan jahon chempionatini orzu qilmang, degandi, Lobanovskiy maktabida tahsil ko‘rgan Maksim! Endi-chi, endiyam orzu qilmaylikmi, Mundialni?!

Sobiq Ittifoq davrida mamlakatimiz sharafini himoya etgan “Paxtakor”ga barcha ishqibozlik qilgan. Otamiz ham, tog‘amiz ham, jiyanimiz ham, qo‘shnimiz ham, o‘zbek ham, o‘ris ham! Xullas hamma O‘zbekistonliklar! Shu boisdan ham mezbonlar rasmiy telegramm kanali ta’kidlaganidek, “sigirning oppoq sutiday top toza gol”inglar muborak bo‘lsin, “otamning “Paxtakori!”

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » ”Sigirning oppoq sutiday top toza gol”inglar muborak bo‘lsin, “otamning “Paxtakori!” yoxud "Metallurg" klubidan "dahshat" bayonot