17:27 / 12.09.2022
1 611

«Babayan mojarosi»: PFL uning litsenziyasini vaqtincha qaytarib oldi

«Babayan mojarosi»: PFL uning litsenziyasini vaqtincha qaytarib oldi
Superliga 18-turidan o‘rin olgan «So‘g‘diyona» — «Navbahor» uchrashuvi yakunida ko‘ngilsiz voqea sodir bo‘ldi. Unga ko‘ra, mehmonlar ustozi Samvel Babayan matbuot anjumaniga kirish chog‘ida futbol muxlislaridan biri bilan tortishib qolgan. Bu haqda PFL rasmiy sayti xabar bermoqda.

«Mazkur vaziyatga Milliy gvardiya xodimlari ham aralashgan. Babayanning baland ovozda hunuk so‘zlar bilan baqirayotganini eshitgan ayrim jurnalistlar matbuot anjumanlari xonasidan ko‘chaga yugurib chiqqan. Bu vaqtda mutaxassis OAV xodimlari holatni tasvirga tushirmoqda degan fikrda, o‘z sheriklaridan Championat.asia nashri vakilining telefonini tortib olish hamda undagi videotasvirlarni o‘chirib tashlashni talab qilgan.

Shundan keyin Babayanning sherigi hamda O‘zPFL tomonidan shu yilning 26 fevral sanasida ID 140 raqamli akkreditatsiya olgan Farhod Umaraliyev jurnalistning qo‘lidan uning shaxsiy telefonini tortib olib, o‘zboshimchalik bilan undagi materiallarni o‘chirib tashlagan. Bu harakatlarni vaziyatga guvoh bo‘lgan boshqa nashrlar ham tasdiqladi.

O‘zPFL Reglamentlarida jamoa rasmiylari musobaqalar davomida o‘zlarini qanday tutishlari aniq ko‘rsatib o‘tilgan. Jamoa ustozlari har qanday holatda ham o‘zlarini namuna sifatida ko‘rsatishlari shart. Biz futbol va undagi hissiyotlarni hurmat qilgan holda murabbiylarning o‘yin vaqtidagi emotsiyalarini tabiiy qabul qilamiz va faqatgina juda oshirib yuborilgan vaqtda murabbiy ishini tegishli qo‘mitaga oshiramiz. Biroq Samvel Babayan uchrashuv davomida uni tinimsiz haqorat qilgan futbol muxlisi bilan rasmiy tadbirgacha hisob-kitob qilishga urinishi to‘g‘ri ish emas.

Qolaversa, O‘zPFL musobaqalarini yoritib boruvchi jurnalistlarning stadionlardagi faoliyatini «O‘zPFL tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlar va musobaqalarda ishlovchi OAV vakillari uchun yo‘riqnoma» orqali tartibga soladi, ularga shu asosda akkreditatsiya taqdim etiladi. Shundan kelib chiqib, O‘zPFL o‘z tadbirlarida faoliyat olib borayotgan OAV vakillarini har qanday holatda ham himoya qiladi. Babayan va uning sheriklari tomonidan amalga oshirilgan ish shu tomondan qaralganda na etika normalariga, na Reglamentga va na qonunchilikka to‘g‘ri keladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘zPFL Samvel Babayanning mazkur ishini Tartib-intizom qo‘mitasiga oshiradi va unga qadar murabbiyning litsenziyasini qaytarib oladi. Shuningdek, qo‘mitada ish ko‘rib chiqilayotgan vaqtda jazo yengilroq bo‘lishi uchun «Navbahor» futbol klubi va shaxsan Samvel Babayanni OAV vakillaridan uzr so‘rashga chaqiradi.

Bunga qadar ham matbuot anjumanida ko‘ngilsiz voqea keltirib chiqargan, biroq keyinchalik o‘z aybiga iqrorligidan kelib chiqib, qayta akkreditatsiya berilgan Farhod Umaraliyevning akkreditatsiyasi ham qaytarib olinadi va u O‘zPFL musobaqalari uchun ro‘yxatdan qayta o‘tkazilmaydi. Mazkur shaxs matbuot anjumanida ishtirok etgani aniqlansa, har qanday mezbon klub jarimaga tortiladi», — deyiladi PFL xabarida.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Babayan mojarosi»: PFL uning litsenziyasini vaqtincha qaytarib oldi