09:09 / 14.09.2022
1 347

"Ural"ning yetakchisi bo‘lmoqchiman, muxlislar meni ajoyib kutib olishdi" — Oston O‘runov

"Ural"ning yetakchisi bo‘lmoqchiman, muxlislar meni ajoyib kutib olishdi" — Oston O‘runov
Yaqinda O‘zbekiston terma jamoasi yarim himoyachisi Oston O‘runov Moskvaning “Spartak” klubidan “Ural”ga o‘tdi. Legionerimiz poytaxtliklar bilan shartnomasini bekor qilib, erkin agent maqomida Yekaterinburg klubi bilan bitim imzoladi. O‘tgan turda “Ural” o‘z maydonida “Torpedo”ni qabul qilib, joriy mavsum RPLdagi ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdi (2:0). Oston ikkinchi bo‘limda zaxiradan maydonga tushdi va 36 daqiqa harakat qildi. Futbolchi bugun Rossiyaning taniqli nashrlaridan biri “Sport Ekspress”ga “Ural” jamoasiga o‘tishi va Viktor Goncharenko bilan munosabatlari haqida intervyu berdi.

- Siz uchun "Torpedo"ga qarshi o‘yin qanday o‘tdi? Mavsumdagi ilk g‘alabadan taassurotlaringiz qanday?
— Rostini aytsam, bu kabi uchrashuvlarni juda sog‘ingan edim. Turli xil sabablarga ko‘ra uzoq vaqt maydondan tashqarida bo‘ldim. O‘yin hissiyotlarga boy, juda shiddatli bo‘ldi. Bundan tashqari, “Torpedo”ga qarshi o‘yin o‘z muxlislarimiz ko‘z o‘ngida kechdi, shuning uchun ham yomon o‘ynashga haqqimiz yo‘q edi. Yigitlar borlarini berib o‘ynashdi va kerakli natijaga erishishdi. Birinchi o‘yinim juda yaxshi o‘tganidan juda xursandman.

Men mahalliy tomoshabinlar haqida alohida gapirmoqchiman. To‘g‘risi, tribunadan bunday qo‘llab-quvvatlashni kutmagandim, shu bois jamoaning barcha muxlislariga bunday iliq kutib olgani uchun rahmat aytmoqchiman.

- “Ural”dagi debyutingizni qanday baholagan bo‘lardingiz?
— Nimalarga qodirligimni ko‘rsatishga harakat qildim. Men emas, balki muxlislar va murabbiylar shtabi baho berishsin. Menimcha, butun jamoa juda yaxshi harakat qildi. Ishonchim komilki, bu faqat boshlanishi. Biz faqat jamoaviy o‘yin ko‘rsatishga harakat qilamiz. Kechagi g‘alaba bilan to‘xtab qolmaymiz.

- Yekaterinburgdagi dastlabki mavsum nimalarni maqsad qildingiz?
— Shaharga kelganimga oz muddat bo‘ldi, lekin menga mahalliy muhit, stadion, muxlislar juda yoqdi. Bu yerda meni ajoyib tarzda kutib olishdi. O‘z navbatida, jamoaning muvaffaqiyatiga hissa qo‘shish va “Ural” muxlislarini xursand qilish uchun bor kuchimni ishga solaman.

- Kiyinish xonasidan olingan suratga qaraganda, siz juda charchagandek, kuchingiz yo‘qdek polda o‘tirgandingiz. Aslida qanday?
— Yo‘q. Unaqa emas, bu shunchaki odat. Oldin men bilan birga o‘ynagan yigitlar o‘yindan keyin shunday o‘tiradigan odatim bor ekanligini tasdiqlashadi.

- “Ural” bu mavsumda quyi ligaga tushib ketish uchun asosiy da’vogarlardan biri bo‘lib turibdi.
— Jamoa a’zolari ham, murabbiylar shtabi ham bunday bo‘lishni istamaydi. Taqvim bo‘yicha biroz omadsizlikka uchradik: chempionat boshidanoq "Zenit", SSKA, "Spartak", "Krasnodar", "Dinamo" kabi yetakchi klublar bilan o‘ynashga majbur bo‘ldik. Bundan tashqari, hozir murabbiy yangi jamoani shakllantirmoqda. U o‘z falsafasini yetkaza olishi uchun harakat qilmoqda va shunga mos natija ham bo‘ladi. Ammo o‘sha uchrashuvlarda “Ural” mag‘lubiyatga uchraganiga qaramay, munosib o‘ynagan. Jamoamizga ozgina vaqt kerak bo‘ladi.

- Goncharenko bilan ishlash sizga yoqdimi? Hozir jamoangiz yetakchisi kim? Erik Bikfalvi?
— Goncharenko – top darajadagi murabbiy. Men “Ural”ga qo‘shilishdan oldin ham uning ishini kuzatib borar edim. Uning qo‘l ostida mashg‘ulotlar o‘tkazishdan va o‘ynashni boshlaganimdan juda xursandman. Biz doimo muloqotdamiz, mashg‘ulotdan oldin ham, keyin ham gaplashamiz. Mashg‘ulot jarayonini muhokama qilamiz. Uning falsafasi menga juda mos keladi. Murabbiy hamda futbolchi o‘rtasidagi muloqotning yaxshi shakllanishi juda yaxshi natijalar mevasidir.

Yetakchiga kelsak... Buni keyingi intervyularingizda boshqa futbolchilardan “Jamoa yetakchisi kim?”, deb so‘raganingizda, O‘runov deb javob berishi uchun qo‘limdan kelganini qilaman (kuladi.)

- Hozir “Ufa” yoki “Spartak”ning o‘yinlarini kuzatib turasizmi?
— Ha, albatta, “Ufa”ning ham, “Spartak”ning ham natijalarini vaqti-vaqti bilan kuzatib boraman. Biroz vaqt oldin, men bu jamoalarning liboslari ostida o‘ynaganman. “Ufa”da ham, “Spartak”da ham mening do‘stlarim bor edi.

- “Ural”da uzoq vaqt qolmoqchimisiz?
- Ishonchim komilki, Viktor Mixaylovich Goncharenko rahbarligida muntazam mashg‘ulotlar olib boraman, men bundan keyin ham o‘z o‘yinimni yaxshilashga va professional darajada o‘sishda davom etaman. O‘z navbatida men ham buning uchun bor kuchimni ishga solaman. Umid qilamanki, klubga foydali bo‘laman. Keyin qolganini vaqt ko‘rsatadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Ural"ning yetakchisi bo‘lmoqchiman, muxlislar meni ajoyib kutib olishdi" — Oston O‘runov