07:57 / 23.09.2022
1 044

Ibrohimhalil Yo‘ldoshev: Raqobatdan qo‘rqmayman, o‘zbek va rus futboli o‘rtasida katta farq bor (intervyu)

Ibrohimhalil Yo‘ldoshev: Raqobatdan qo‘rqmayman, o‘zbek va rus futboli o‘rtasida katta farq bor (intervyu)
Bilasiz, Srechko Katanes boshchiligidagi O‘zbekiston terma jamoasi ushbu yig‘in davomida Janubiy Koreya maydonlarida Kamerun va Kosta-Rika termalariga qarshi halqaro o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazadi. Mazkur bahslar oldidan "oq bo‘rilar" himoyachisi Ibrohimhalil Yo‘ldoshevning fikrlari bilan qiziqdik.

- Terma jamoa yig‘ini qanday o‘tmoqda? Mashg‘ulotlardan ko‘nglingiz to‘lyaptimi?
- Yig‘in yaxshi o‘tmoqda, mashg‘ulotlarda hammasi doimgidek ajoyib. Tayyorgarlik jarayonidan ko‘nglim to‘lmoqda.

- Sizning chizig‘ingizda Nasrullayev va Sayfiyev kabi futbolchilar chaqirilgan. Ular bilan raqobat haqida qanday fikrdasiz?
- Men raqobatdan qo‘rqmayman. Futbolchi raqobatga qaramasdan o‘z o‘yinini yaxshilab boraversa, shuning o‘zi yetadi. Sog‘lom raqobat bo‘lishi kerak, deb hisoblayman. Kimdandir o‘tib ketish uchun o‘ynasa, futbolchi tez sinadi yoki o‘yin darajasi pastga qarab ketadi.

- Ikki JCH ishtirokchilari bilan o‘yindagi imkoniyatlarni qanday baholaysiz?
- Hozir yaxshi tayyorgarlik olib bormoqdamiz. Kechadan mashg‘ulotlarni boshlab yubordik. Kamerunning o‘yinlarini ko‘rib chiqdik. Har bir chizig‘ini tahlil qilishga urindik. Murabbiy himoya va hujumda qanday o‘ynashimiz kerakligini tushuntirib o‘tdi. Inshaalloh, muxlislar ishonchini oqlashga harakat qilamiz.

– Katanetsning himoyaga ko‘proq e’tibor qaratish kerak, degan fikriga qanday qaraysiz?
- To‘g‘ri, Katanes himoyaga ko‘proq e’tibor qaratmoqda. U "Nijniy Novgorod"dagi o‘yinlarimni ko‘rganini, u yerda yo‘l qo‘yayotgan kamchiliklarimni aytib o‘tdi. Himoyada ko‘proq harakat qilishimni so‘radi. Bu haqda fikrim ijobiy. Murabbiy shu kabi narsalarni yaxshiroq biladi.

- Kapadze jamoasida o‘zingizni ko‘ryapsizmi yoki bor e’tiborni milliy termaga qaratmoqchimisiz?
- Albatta, u jamoada ham o‘ynasam bo‘lardi. Jarohatim sabab 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogini o‘tkazib yubordim. Shunday bo‘lishi kerak ekan.

Timur Kapadze MTJ yig‘inidan oldin meni Olimpiya mashg‘ulotlariga chaqirgan ekan. Yig‘ilishga 1-2 kun qolganda menga MTJga borishimni aytishdi. Ammo Kapadze dastlab meni o‘z tarkibiga kiritgan edi.

- Rossiyada ikki marotaba tur ramziy jamoasiga kiritildingiz. Klubda asosiy tarkibdan muhim o‘rin egalladingiz. Bu mavsumdagi rejalar haqida nima deya olasiz?
- Birinchi golimni o‘tgan mavsum urgandim. Bu yil ham gol urishga muvaffaq bo‘ldim. O‘zimga bo‘lgan ishonchim ortganini his qilyapman. Rossiyadagi sheriklarim bilan yanada yaxshi chiqishib keta oldim. Inshaalloh, yanada yaxshi o‘ynab, keyingi turlarda ham gol urishga harakat qilaman.

Ta’kidlash lozim, bu mavsum RPLda avvalgisidan ko‘ra yaxshiroq ishtirok etmoqdamiz. 10-turga keliboq, o‘tgan yilgiga qaraganda ko‘proq ochko yig‘a oldik. Murabbiyimiz bizga kerakli so‘zlarni ayta olmoqda va tepaga chiqa olishimiz uchun qo‘lidan kelganini qilmoqda.

- RPLga ancha moslashib oldingiz. Nima deb o‘ylaysiz, O‘zbekiston va Rossiya futboli o‘rtasida qanday farq bor?
- Bu haqda ko‘p so‘rashdi. Ikki mamlakat futboli o‘rtasida juda katta farq bor. Sababi, Rossiya baribir Yevropa mamlakatlari qatoriga kiradi. Chempionati ham ancha kuchli. Nafaqat legionerlar, balki mahalliy futbolchilar ham yuqori saviyada. Tashkilotchilik borasida ham farq borligi seziladi. Bu bilan O‘zbekiston chempionati yomon, demoqchi emasman. Ammo baribir Rossiyaga o‘tganimda, ancha katta farq borligi bilindi.

- Bu mavsum yangi imijda harakat qilyapsiz. Bu qaysidir futbolchiga taqlidmi?
- Yo‘q, yo‘q. Bu hech bir futbolchiga taqlid emas. Buni uslub ham demagan bo‘lardim. Shunchaki sunnatga muvofiq soch o‘stirdim. Kimgadir havas qilib, soch o‘stirganim yo‘q.

Jaloliddin Qobiljonov suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ibrohimhalil Yo‘ldoshev: Raqobatdan qo‘rqmayman, o‘zbek va rus futboli o‘rtasida katta farq bor (intervyu)