13:37 / 27.09.2022
1 489

Katanes oldida turgan eng asosiy muammo yoxud O‘zbekiston MTJ Kosta-Rikadan qay tarzda mag‘lub bo‘ldi?

Katanes oldida turgan eng asosiy muammo yoxud O‘zbekiston MTJ Kosta-Rikadan qay tarzda mag‘lub bo‘ldi?
O‘zbekiston milliy terma jamoasi Janubiy Koreyadagi ikkinchi o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazdi. Srechko Katanes shogirdlariga jahon chempionatining yana bir ishtirokchisi Kosta-Rika raqiblik qildi.

Srechko Katanes bu o‘yinda tarkib va taktikada o‘zgarishni amalga oshirdi. Himoyachilar yana “Nasaf”lashtirildi. Rustam Ashurmatov uchrashuvda ishtirok etmagani bois himoya markazi Husniddin Aliqulov va Umar Eshmurodovga ishonib topshirildi. Qanotda Sherzod Nasrullayev to‘p tepdi. Qolaversa, Sardor Sobirxo‘jayev raqib hujum qilganda himoyaga yordam berishi uchun tayanch hududga tushirildi.

3-daqiqada standartdan oshirilgan to‘pni Kosta-Rika futbolchisi jarima maydoni ichidan boshi bilan zarba yo‘lladi. O‘tkir Yusupov ushbu vaziyatda jamoasini qutqardi.

10-daqiqadan so‘ng vakillarimiz ham oldinga o‘tishni boshladi. Ungacha KONKAKAF jamoasi ustunlik qildi. Ammo bizning harakatlarimiz oxirigacha yetib bormadi.

26-daqiqada Eldor Shomurodov jamoadoshi Odil Hamrobekovning bitta pasi orqali qulay vaziyatga chiqib bordi va darvozabonga imkoniyat qoldirmay gol urdi.

Keyinroq Shomurodov yana birga-bir vaziyatga ega bo‘ldi. Sardorimiz bu gal posbonni ham aldab o‘tishga urindi. Ammo darvozabon to‘pni ushlab oldi.

Gol terma jamoamizda ishonchni oshirdi chog‘i, keyingi daqiqalarda futbolchilarimiz o‘z omadini yana raqib jarima maydonidan izladi. O‘z navbatida Shimoliy Amerika jamoasida xatolar yuzaga keldi, futbolchilar to‘pni ko‘p bor oldirib qo‘ydi.

Taym oxirida Kosta-Rika futbolchilari katta kuch bilan oldinga o‘tishdi. Xato qilmaslik uchun yaqin masofadagi sheriklari bilan pas o‘ynab, hujum tayyorladi. Hatto oxirgi soniyalarda jarima maydoni ichida o‘ta xavfli vaziyat sodir etishdi. Biroq tanaffusgacha hisob o‘zgarmadi.

Ikkinchi bo‘lim xuddi dastlabki 45 daqiqalik startdagidek boshlandi. Raqib hujum qildi, vakillarimiz kutib oldi.

54-daqiqada hamyurtlarimiz markazda to‘pni olib qo‘yib, hujumga o‘tdi. Otabek Shukurov va Eldor Shomurodov tandemi ajoyib harakat qildi. Shukurovning pasidan so‘ng Shomurodov darvozaga noodatiy zarba berdi. Biroq noaniq.

Uchrashuvning uchdan ikki qismi o‘tib borayotganda raqib yana standartdan foydalanishga urindi. Himoyachimiz oxirgi soniyada to‘pni boshi bilan maydon tashqarisiga chiqarib yubordi.

Odil Hamrobekov bellashuvning eng yaxshi futbolchilaridan biri bo‘ldi. Uning paslari aniq va jamoadoshlarini qulay vaziyatlarga olib chiqdi. Jumladan 67-daqiqada Hamrobekov o‘ng qanot himoyachilariga yordamga borib, oldindagi Oybek Bozorovga uzatmani amalga oshirdi. Bozorov markazroqda boshqa futbolchi yo‘qligi uchun zarba berdi. U tepgan to‘pni darvozabon ikkinchi urinishda ushlab oldi.

Ikki terma jamoa tarkibida futbolchilar almashdi. Bu o‘zgarishlardan so‘ng biznikilar hisobdan kelib chiqqan holda himoyaga e’tiborni qaratib, qarshi hujum taktikasiga tayandi.

92-daqiqada jarima maydoni ichida Husniddin Aliqulov raqibning zarba berishiga yo‘l qo‘ymadi. Ammo...

Ammo Antoni Ernandes keyingi hujumning o‘zidayoq muvozanatni tikladi. Markaziy himoyachilarimiz bo‘sh qoldirgan futbolchi gol urdi.

O‘yin hali tugamagandi. Farruh Sayfiyev burchakka yaqin joyda qoidani buzdi. Standartdan oshirilgan to‘pni Kendall Uoston boshi bilan O‘tkir Yusupov postiga joylab qo‘ydi.

Shu tariqa, O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchrashuvga qo‘shib berilgan daqiqalarda g‘alabani saqlab qola olmay, imkoniyatni boy berdi. O‘yin hakamning hushtagi chalinguncha davom etishi va eng asosiysi konsentratsiyani ushlub turishni o‘rganishimiz juda muhim. Srechko Katanes bu jihatlar ustida ishlashi shart. Bu bizga har doim pand bergan. Yaxshi o‘ynab ko‘p yutqazganmiz. Avvalgi raqiblar bilan o‘yinlarda bu ko‘rinmagandir. Lekin mana shunday jiddiy jamoalar kamchiliklarimizni ochib tashlaydi.

Bekzod ISAYEV

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Katanes oldida turgan eng asosiy muammo yoxud O‘zbekiston MTJ Kosta-Rikadan qay tarzda mag‘lub bo‘ldi?