23:23 / 08.12.2022
1 541

Ispaniyaning ikki penaltisini olib chiqqan Yassin Bununing hayratga soluvchi hikoyasi

Ispaniyaning ikki penaltisini olib chiqqan Yassin Bununing hayratga soluvchi hikoyasi
Marokash terma jamoasi va “Sevilya” klubi a’zosi Yassin Bunu JCHning chinakam qahramoniga aylanib ulgurdi. Jamoaning "quruq o‘yin"lari va Ispaniyaga qarshi seriyadagi seyvlari bugun bizni u haqda fikr yuritishga majbur qildi. Aslida, Yassinning karerasi keskin qarama-qarshiliklarga juda boy. Kecha, u omadsiz ikkinchi darvozabon edi. Bugun millat qahramoni!

Bir hafta ilgari Yassin uchun mundial yakuniga yetishi mumkin edi. U asosiy tarkibda maydonga chiqdi. Mamlakati madhiyasini aytdi va birdaniga yo‘qolib qoldi. Munir uning yo‘qligini maydonda bildirgani yo‘q. Marokash Belgiyani 2:0 hisobida taslim etdi. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, Bunu Xorvatiya (0:0) bilan o‘yindagi to‘qnashuvdan so‘ng miya chayqalishi bilan shifoxonaga yotgan.

Belgiyaga qarshi bellashuvda Munir shifokorlarning yordamida safga qaytdi, ammo bahs boshlanishiga soniyalar qolgan bir paytda zaxiraga olindi. Munir Muhammadi uning o‘rnini shu qadar zo‘r yopdi-ki, Valid Regragi qolgan o‘yinlarda ham aynan Munirning xizmatidan foydalanishi taxmin qilindi. O‘zini yomon his etayotgan Yassindan tajribali Muhammad varianti aktualroq ekanligini tushunish qiyin emas.

Shunga qaramay, Kanada bilan o‘yinda murabbiy yana Yassinni birinchi raqamli posbonga aylantirdi. Shu tariqa, Bunu o‘zi tug‘ilib o‘sgan Kanadaga qarshi bahsga jangovar holatda yetib keldi. Aslida, Yassin Monreal shahrida tavallud topgan bo‘lib, 8 yoshiga qadar o‘sha yerda istiqomat qilgan. Keyinroq, Kasablankaga ko‘chib kelgan ota-onasi uni “Vihdat” klubi akademiyasiga olib boradi. 17 yoshga to‘lganida “Nitsa” uni o‘z safida ko‘rishni istadi, biroq Fransiya qonunlari bunga yo‘l qo‘ymadi.

Hikoyamiz hali o‘z yakuniga yetganicha yo‘q. 20 yoshli Yassin “Vihdat”ning zaxira o‘rindig‘ida bexavotir o‘tirgan paytda yaxshigina sinovga duch keldi. 2011 yilda nafaqat “Vihdat”, balki Marokash terma jamoasining ham asosiy kiperi sanalgan – Nadmir Lamyagi ACHL finalida jarohat oldi. Tunisning “Esperans”iga qarshi javob uchrashuvi oldidan Bunu “Vihdat” darvozasini qo‘riqladi. Match Tunis klubining 1:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlanganiga qaramay, ikki uchrashuv hisobiga ko‘ra Marokash klubi "Qora qit’a"ning eng kuchli klubiga aylandi. O‘sha oqshom 8 ta seyv amalga oshirgan Bunu finalning eng yaxshi futbolchisi deb e’tirof etildi.

Qahramonimiz Yevropaga ikkinchi urinishdagina yo‘l oldi. 2013 yilda Madridning “Atletiko”si safiga o‘tgan posbon Tibo Kurtuaning soyasida qoldi. Keyin Yan Oblak “matraschilar” safiga o‘tgach, kipyuper yana ikkinchi bo‘lib qolaverdi. Madridliklar safida yarim mavsum “sarson” bo‘lgach, Bunu uchun ijaralar seriyasi boshlandi. Avvaliga “Jirona”, keyin “Saragoza” tarkibida Bunu o‘zini ko‘rsatishga muvaffaq bo‘ldi. Keyin, “Sevilya” bilan uzoq kutilgan kontrakt imzolandi. Andalusiyadagi birinchi mavsumda Yassin zaxirada o‘tirgan bo‘lsa, 2020 yildan boshlab N1ga aylandi.

Oradan ikki yil o‘tib, abadiy ikkinchi maqomidagi yigit Lev Yashin nomidagi sovrin uchun da’vogarlar qatoridan o‘rin egalladi. Menyan, Alison, Ederson, Kurtua va Noyerga raqiblik qilishning o‘zi yangi darajaga ko‘tarilgandan dalolat, aslida. 31 yoshli posbon Ispaniya bilan o‘yindan so‘ng orzulari osmon ekanligini yashirib o‘tirgani yo‘q:

Men bundan ham baland cho‘qqilarni zabt etishim mumkin. O‘z o‘yinimni yanada yaxshilash imkoniyatiga egaman. Eng muhimi, doim kuchlilar qatorida bo‘lib qolish. Men doim kichik yo‘llardan katta manzillar sari intilishga odatlangaman”.

Bu Bununing JCH oldidan “Diaro de Sevilla” nashri uchun bergan intervyusidan bir parcha edi. Aslida, Afrika termalari tarixida chorak final avval ham qayd etilgan, ammo yarim final yangi tarix yaratish imkonini beradi. Yassin Bunu karerasi davomida imkonsiz ishlarni bir necha bor uddalagan. Portugaliyaga qarshi ham bu tryukni uddalay oladimi? Fikringizni izohlarda qoldiring!

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ispaniyaning ikki penaltisini olib chiqqan Yassin Bununing hayratga soluvchi hikoyasi