21:00 / 10.12.2022
1 527

Azim Ahmedovni "Navbahor"dan ketishiga nima sabab bo‘ldi? Endi qaysi klubda to‘p suradi?

Azim Ahmedovni "Navbahor"dan ketishiga nima sabab bo‘ldi? Endi qaysi klubda to‘p suradi?
Namangan futboli tarbiyalanuvchisi Azimjon Ahmedov uchun bu yil “Navbahor”dagi oxirgi mavsum bo‘lib qoldi.
30 yoshli yarim himoyachi klubdan ketishga qaror qildi. Bu xususida o‘zining instagramdagi sahifasida ham yozib qoldirdi.

Kelasi yil Ahmedov endi boshqa klub sharafini himoya qiladi. Azim Sports.uz sayti uchun intervyu berdi.

- Azimjon, “mavsum-2022” siz uchun nimasi bilan yodda qolarli bo‘ldi?
- “Navbahor” uchun 2022 yil juda yaxshi o‘tdi, deb o‘ylayman. O‘zbekiston Kubogi finaliga chiqdi. Osiyo Chempionlar ligasi yo‘llanmasini ham qo‘lga kiritdi. Har tomonlama yaxshi keldi. Ajoyib o‘yinlarni o‘tkazdik. Esda qolardi davr bo‘ldi, deb hisoblayman.

- “Navbahor” o‘zining yaxshi davrlarini boshidan kechirayotgan paytda u yerdan ketishga qaror qildingiz. Bunga nima jiddiy turtki bo‘ldi?
- Asosiy sababi o‘ynamayotganim bilan bog‘liq edi. Boshqa klubga borib o‘ynamoqchiman. “Navbahor”ni yaxshi va yomon kunlarida tashlab ketmaganman. Endi bu safar yaxshi kunlarida ketyapman, nasib ekan. Aynan klubni mana shunday yaxshi holatga chiqib olganida ketayotganimdan xursandman. Agar jamoa yomon kunlarga tushib qolganida ketmasdim. Futbol o‘ynashim kerak. Zaxirada ko‘p o‘tirib qoldim. Shuning uchun boshqa jamoada o‘zimni sinab ko‘rmoqchiman.

- Albatta, jamoa yetakchisi sifatida zaxirada qolishingiz balki muxlislar uchun kutilmagan holat bo‘lib tuyulgan bo‘lishi mumkin. Buning sababi nima edi? Raqobat o‘ta kuchlimidi yoki murabbiy bilan o‘rtangizda nimadir bo‘lganmidi? Jamoada o‘zingizni ortiqchadek his qila boshladingizmi?
- Murabbiy bilan munosabatim hamisha yomon emasdi, yaxshi edi. Raqobatga keladigan bo‘lsak, har bir maydonga tushgan uchrashuvlarda yomon harakat qilganim yo‘q. Agar yomon o‘ynaganimda o‘zimga aytardi. To‘g‘risi, o‘zim ham nimaga o‘yinlarga tushmaganimga hayron bo‘ldim. Balki qaysidir jihatlar bo‘yicha murabbiyga to‘g‘ri kelmagandirman. Kubok o‘yinlarida 120 daqiqadan o‘yinlar bo‘ldi.

Shunda ham zaxiradan hatto 5 daqiqaga ham tushmadik. Bunday paytda alam qilib ketadi-da. Xudo xohlasa, boshqa jamoada o‘zimni sinab ko‘raman. Nasib qilgan joyda o‘ynaymiz. Qaysi jamoaga borsam ham jonimni berib o‘ynayman. Meni nima uchun tushirmaganini faqat murabbiy bilsa kerak. Balki u tayyor emas yoki jarohat deb aytishi mumkin.

Ammo menda hammasi yaxshi edi. “Navbahor” uchun har doim jon kuydirib o‘ynaganman. 1 daqiqaga tushamanmi, 10 daqiqagami yoki bir taym bo‘ladimi, har safar jamoam uchun jon kuydirib to‘p surganman. Zaxirada qolgan paytlarimda ancha muxlislar menga dalda bo‘lishdi. “Azim tush” deb baqirishdi. Ularga rahmat. Xullas, bu vaziyatda ketmasam bo‘lmasdi.

- Shartnomangiz tugaganmidi? Klubdan ketish qaroringizni bosh murabbiy va rahbariyatga aytdingizmi?
- Shartnomam nihoyasiga yetdi. Hech kimga aytganim yo‘q. Lekin ko‘pchilik bilib bo‘ldi. Men ketyapman deb birov bilan gaplashganim yo‘q. Qolaversa, men bilan hech kim gaplashmadi ham. Shartnomam tugadi va ketishga qaror qildim.

- Yozda Jasur Yaxshiboyev bilan o‘rtangizda mashg‘ulotda biroz kelishmovchilik bo‘lib qolgandi. Balki yakunda o‘sha voqea ham ketishingizga turtki bo‘lgandir...
- Birinchi davradan keyin ham ketmoqchi edim. Lekin hokimimiz bilan ko‘rishib gaplashgach qolgandim. Savolga kelsak, bilmadim, bu sabab bo‘lmagan bo‘lsa kerak. U holda odam ajratib qolgandek bo‘lib qoladi. Hammani o‘z fikri bor. Aytganimdek, “Navbahor” uchun 1 daqiqa bo‘ladimi yoki 90 daqiqami, maydonga tushganimda jonimni berib o‘ynadim. Bu klubda o‘ynaganimdan xursandman.

- Endi yangi chaqiruvlarga tayyorsiz. Bilishimcha, xizmatingizga o‘zimizdan va xorijdan jiddiy qiziqish bildirayotgan jamoalar bor. Qanday klubda to‘p surish istagidasiz?
- Ha, Xudoga shukr, takliflarim bor. Shartnomaga qo‘l qo‘yganimdan so‘ng bilib olasiz. Hozir aytsam bo‘lmaydi. Ertaga nima bo‘lishini bilmaymiz. Hamma narsa o‘zgarib ketishi mumkin. Shu bois oldindan aytib bo‘lmaydi.

- Superligada qolmoqchimisiz yoki legioner sifatida xorijda to‘p surish xohishingiz bormi?
- Aytdim-u, ertaga nimadir bo‘lib qolishi mumkin. Variantlar bor. Balki chetga ketarman, balki o‘zimizda qolarman. Menimcha, faoliyatimni Superligada davom ettirsam kerak.

- Eshitishimcha, “Neftchi”, AGMK singari klublar bilan muzokaralar olib borayotgan ekansiz...
- Hali hech kim bilan muzokara olib borganim yo‘q. Men ham bir-ikkita gap-so‘zlarni eshitib turibman. Yaqin kunlarda bilib olasiz.

- “Navbahor”dan ketishingizga – akangiz Odil Ahmedov qanday munosabatda bo‘ldi? Baribir u sizga doim yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib turadi.
- Akam bilan har doim ko‘p narsani maslahat qilaman. O‘zi ham meni ko‘p o‘ynamaganimni va siqilganlarimni ko‘rdi. Sabr qil, deb maslahat berdi. Akamga ketaman dedim va u bu seni qaroring, hammasi yaxshilikka deb dalda berdi.

- “Navbahor”ni yangi mavsumdagi imkoniyatini qanday baholaysiz? Masalan, OCHLga chiqdi va u yerda qanday natija ko‘rsatadi, deb o‘ylaysiz?
- “Navbahor” uchun hamisha yaxshi fikrda bo‘lib kelganmiz. “Paxtakor”da o‘ynab yurgan paytimda ham bu klub uchun ijobiy munosabatda bo‘lganman. Osiyo Chempionlar ligasidagi o‘yinlarini ko‘ramiz, muxlislik qilamiz. Hozirdan nimadir deyishim qiyin. Hamma o‘yinlar qiyin o‘tyapti. Favorit bilan autsayder ham maydonda to‘qnash kelganida jiddiy qarshilik ko‘rsatishyapti. Hammasini chempionat boshlanganida ko‘ramiz.

“Navbahor” yaxshi o‘rinlarni egallasin, hashima omad tilayman. Shu fursatdan foydalanib, jamoa muxlislariga katta rahmat aytaman. Meni qo‘llab-quvvatlab kelishdi. Viloyat hokimidan ham minnatdorman va klubdagi barcha insonlarga ham rahmat aytmoqchiman. “Navbahor” bilan boshimizdan yomon kunlarni o‘tkazgan paytlarimiz bo‘ldi. Shunda ham klubni tashlab ketmadim.

Endi klubga yaxshi kunlar keldi. Hamma narsasi bor. Mana shunday pallada ketish haqidagi qarorni qabul qildim. Oddiyroq jamoaga borib ham futbol o‘ynasam bo‘ldi. Futbolchiga zaxirada o‘tirish yoqmaydi, faqat o‘ynashni xohlaydi. Futbol o‘ynab turib maosh olsangiz maza qilasiz, rohatini ko‘rasiz. Futbol o‘ynamasdan pul topishni istamayman. Hammaga katta rahmat. Qilgan mehnatlarimga roziman, muxlislar ham mendan rozi bo‘lishsin. Hammiz birgalikda yaxshi va yomon davrlarni o‘tkazdik.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Azim Ahmedovni "Navbahor"dan ketishiga nima sabab bo‘ldi? Endi qaysi klubda to‘p suradi?