1 400
Shahzod Azmiddinov: "Paxtakor" - brend klub, OCHLdagi muvaffaqiyatsizlik ichki muhitga u qadar ta’sir qildi, deya olmayman. Sababi...
O‘zbekistonda mavsum yakuniga yetgan va jamoalar yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rish rejalarini ishlab chiqmoqda. Shuningdek, ayrim klublarni yetakchi futbolchilar tark etmoqda.
Bu mavsum OCHL, Superliga va O‘zbekiston kubogida g‘oliblik uchun kurash olib borgan "Paxtakor" klubi yakunda Superligadagi 15-chempionligini tantana qildi. Afsuski, "sherlar" halqaro musobaqada muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Biz shu kabi mavzular borasida jamoaning iste’dodli himoyachisi Shahzod Azmiddinovning fikrlari bilan qiziqdik.
U o‘tgan mavsumda qayd etilgan natijalar, jamoadagi kelgusi rejalari va Superligadagi eng yaxshi himoyachi kim ekani haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
- Avvalambor, assalomu alaykum! "Paxtakor"ning Superligadagi yana bir chempionligiga munosib hissa qo‘shdingiz. Yakunlangan mavsum haqida qanday fikrlar bildira olasiz?
- Alhamdulillah, chempion bo‘lishni epladik. Shu g‘alabaga o‘z hissamni qo‘shganimdan juda xursandman. "Paxtakor" maktabidan chiqqanman va tabiiyki, klub asosiy tarkibida o‘ynash orzu edi. Birinchi o‘rinda, murabbiyga katta rahmat aytib qolaman. Shatskix menga ishonch bildirib, qo‘llab-quvvatladi.
Chempionat oxirida qiyinchiliklar bo‘ldi. Ammo biz kurashdik, kayfiyatni tushirmadik va yakunda munosib tarzda chempionlikni qo‘lga kiritdik, Allohga shukr.
- Voynetski davrida sizga deyarli imkon berilmagandi. Unga sizning qaysi jihatingiz to‘g‘ri kelmagan, deb o‘ylaysiz?
- Hamma murabbiyni o‘z rejasi va taktik qarashlari bo‘ladi. Balki men uning taktikasiga to‘g‘ri kelmagandirman. U vaqtda ikki legionerga ko‘proq ishonch bildirilardi. Menda o‘yin amaliyoti kam edi.
Shuningdek, Voynetski davrida men yuqori formada emas edim. Shuni hisobiga ham u ishonch bildirmagan bo‘lishi mumkin, deb o‘ylayman.
- Shatskix kelgach, siz maydonda ko‘p ko‘rinish bera boshladingiz va yangi sxemada asosiy tarkib vakiliga aylandingiz. Bosh murabbiy sizga aynan qanday ko‘rsatmalar berganini ayta olasizmi?
- Shatskix kelganidan so‘ng menga ko‘p ishonch bildirdi. Buning uchun alohida minnatdorlik izhor etaman. Bosh murabbiy bo‘lmaganida, balki men hali ham asosiy tarkibda ko‘rinish bermay yurgan bo‘lardim.
Murabbiyimiz bizga doim gol o‘tkazmaslikka intilishimizni uqtirardi. Himoyachilar uning topshirig‘ini imkon qadar mukammal bajarishga harakat qilardi.
Uchta himoyachi bo‘lib, biz 2 o‘yinda maydonga tushdik. "Nasaf" va "Navbahor"ga qarshi bahslarda biz shu sxemadan foydalandik. Namanganliklar bilan o‘yinda men himoyaning o‘ng qanotida harakat qildim. Hujumga chiqqanimizda o‘ng qanot himoyachiga aylanishim kerak edi. Mudofaada esa o‘sha avvalgidek vazifa. Ushbu taktikada o‘ynaganimizda har doim shunday ko‘rsatma berilgan.
- OCHLdagi muvaffaqiyatsizlik jamoadagi ichki muhitga qay darajada ta’sir qildi?
- OCHLda yutqazganimiz yomon bo‘ldi. Sababi, "Paxtakor" hech qachon yutqazish uchun o‘ynamaydi. Jamoamiz o‘z oldiga katta yutuqlarni qo‘yadigan klub.
Ichki muhitga u qadar ta’sir qildi, deya olmayman. Yoshi katta futbolchilar yoshlarga to‘g‘ri tushuntira olishdi, dalda berishga harakat qilishdi. Xatolarimizni ko‘rib chiqdik va tezda o‘zimizga keldik, deb hisoblayman.
- O‘zbekiston kubogida "Navbahor"ga boy berilgan o‘yin haqida nima deya olasiz? O‘sha bellashuvda siz gol urgan edingiz. Biroq yakunda "sherlar" mag‘lubiyatga uchradi...
- Bu uchrashuvda biz o‘zimizning xatolar sabab yutqazdik. Ikkita xatodan "Navbahor" unumli foydalandi. Ikkala golda ham penalti va himoyachilar noto‘g‘ri harakat qildik. Ozgina e’tiborsizlik qilgan paytlarimizda raqib gol urib ketishni uddaladi.
Golimga keladigan bo‘lsak, uni jamoa g‘alabasiga hissa qo‘shishini juda istagandim. "Navbahor" o‘sha bahsda bizning xatolarimizdan unumli foydalanib, g‘alabani ilib ketdi.
- Joriy mavsum "Paxtakor" uchun eng noqulay raqib qaysi bo‘ldi?
- Bu mavsum hamma jamoa bizga bor kuchi bilan qarshilik ko‘rsatishga urindi. Ishonch bilan ayta olamanki, barcha bellashuvlar biz uchun og‘ir bo‘ldi. Chunki "Paxtakor" - brend klub. Har bir jamoa bizni yutishni istaydi.
"Paxtakor" uchun oson o‘yin bo‘lgani yo‘q. Shunga qaramay, biz chempionlikni rasmiylashtirdik, Allohga shukr! Bu kabi mavsum ko‘p bo‘lishini xohlardim. Oxirgi turgacha 1-o‘rin uchun kurash qiziqarli bo‘ldi.
- Superligada chempionlik qo‘lga kiritilishida muhim o‘rin tutgan alohida bir uchrashuvni ko‘rsata olasizmi?
- Eng muhim uchrashuv "Bunyodkor"ga qarshi kechgan chempionlik o‘yini bo‘ldi, menimcha. Hammasi shu bahsda hal bo‘ldi. Yutqazganimizda peshqadamlikni boy berib qo‘yishimiz ham mumkin edi.
- Sizningcha, ayni vaqtdagi O‘zbekiston va jahon futbolida eng kuchli himoyachilar kim?
- O‘zbekistonda eng kuchli himoyachilardan biri - Husniddin Aliqulov. Jahon futbolida Virjil Van Deykni alohida ajratib ko‘rsatgan bo‘lardim. Shuningdek, "Bavariya"dagi Dayo Upamekanoning o‘yinlari ham yoqmoqda.
- Hozir "Paxtakor"da terma jamoaga chaqirilish yoki legionerga aylanib, keyinroq MTJda ko‘rinish berish... Qay birini tanlagan bo‘lardingiz va nima uchun?
- Terma jamoada o‘ynash har bir futbolchining orzusi bo‘lsa kerak. Men hozir "Paxtakor"daman va klub bilan shartnomam bor. Boshqa jamoalar haqida o‘ylashga vaqtim ham yo‘q. Sababi, "sherlar" men uchun yuragimdek bo‘lib qolgan. "Paxtakor"dan boshqa jamoada to‘p tepishni o‘ylab ham ko‘rmaganman. Agar qachondir yaxshi klubdan taklif bo‘lsa va klub meni o‘z xohishi bilan qo‘yib yuborishni ma’qul ko‘rsa, men shunda o‘sha jamoaga o‘taman. Hozir bu yerdan ketish niyatim yo‘q. Menga qolsa, "Paxtakor"da o‘ynab, terma jamoaga chaqirilishni afzal ko‘raman.
- Tushunarli, maroqli suhbat uchun sizga tashakkur! Kelgusi faoliyatingizga muvaffaqiyatlar tilab qolamiz!!!
- Rahmat, sizlarga ham omad tilayman!
Shohrux Zoirov suhbatlashdi
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...