22:33 / 31.01.2023
509

Bobur Abduxoliqov o‘ziga UYEFA a’zosidan jamoa tanladi

Bobur Abduxoliqov o‘ziga UYEFA a’zosidan jamoa tanladi
Legioner maqomiga ega o‘nlab o‘zbek futboli tarbiyalanuvchilari orasida 2022 yilni qashqadaryolik Bobur Abduxoliqov eng yuqori darajada o‘tkazdi. “Nasaf” tarbiyalanuvchisi Belarus chempionatining yuqori divizionida “Energetik-BGU”ni ilk bor sovrindorlar qatoridan joy olishini ta’minladi.

Oliy liga bahslarining barchasida, ya’ni 30 ta uchrashuvda maydonga tushgan 25 yoshli hujumchimiz raqiblar darvozasini 26 marotaba ishg‘ol qildi va jamoadoshlariga oltita golli pas uzatdi. Natijada uning aniq zarbalari “Energetik-BGU”ni musobaqa jadvalida ikkinchi o‘ringa olib chiqdi.

Boburning o‘zi chempionatning eng zo‘r futbolchisi, to‘purarlar poygasi g‘olibi, Belarus chempionatlari tarixida eng ko‘p to‘p kiritgan legioner va yana bir necha rekordlar sohibi sifatida e’tirof etildi.

Ta’kidlash lozimki, Belarus tergov komissiyasi mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgan “Shaxtyor-Soligorsk” jamoasini kelishilgan o‘yinlarni tashkillashtirishda ayblab, tekshiruv o‘tkazmoqda. Agar klubning aybi isbotlansa, uning o‘tgan yilgi natijalari bekor qilinib, chempionlik unvoni “Energetik-BGU”ga olib beriladi.

Belarus chempioni bo‘lish arafasida turgan Bobur Abduxoliqov jamoasini tark etib, o‘ziga yangi ish joyi qidirayotgan edi.

To‘purar hujumchimiz asosiy maqsadi kuchli beshlik chempionatlaridan biriga ko‘chib o‘tish ekanini aytib, Polsha, Turkiya va Sharqiy Yevropa mamlakatlari jamoalari taklifini qabul qilmagandi.

Biroq kutilmaganda, Bobur Abduxoliqov faoliyatini UYEFA tarkibiga kiruvchi Qozog‘iston premer-ligasida davom ettirishi haqida xabar tarqatildi. Bu haqda qozog‘istonlik insayder Aydin Kojaxmet o‘z kanali orqali ma’lumot bergan.

Manbaning ta’kidlashicha, o‘zbek hujumchisi “Ordabasi” klubi bilan kelishuvga erishgan. Bu jamoani belaruslik murabbiy Aleksandr Sednev boshqarmoqda.

Ta’kidlash lozimki, hozircha bu xabar rasmiy tasdig‘ini topgani yo‘q. Lekin tez orada batafsil ma’lumot berilishi kutilmoqda.

Agar Bobur Abduxoliqov yangi mavsumni “Ordabasi”dan boshlasa, bu klubdagi ikkinchi vakilimiz bo‘ladi. Yaqinda bu klub o‘tgan yili ijarada o‘ynagan Shahboz Umarovni Belarus chempionati klubi BATEdan 50 ming yevro evaziga transfer qilgani xabar qilingandi. Bu ma’lumot rasman tasdiqlangan.

Umarov o‘tgan mavsumda “Ordabasi” tarkibida Qozog‘iston kubogini qo‘lga kiritgan. O‘shanda jamoada o‘zbek himoyachisi Odilbek Abdumajidov ham to‘p tepgan edi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Igor Sergeyev ham faoliyatini Qozog‘iston Premer-ligasida davom ettiradi. Rossiya klublaridan bo‘layotgan takliflarga qaramay, mohir to‘purar “Tobol”da qolishga qaror qilgani haqida ma’lumotlar chiqarildi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Bobur Abduxoliqov o‘ziga UYEFA a’zosidan jamoa tanladi