15:17 / 04.02.2023
361

Antaliyadagi suhbat. Umarali Rahmonaliyev: "Bu faqatgina boshlanishi..."

Antaliyadagi suhbat. Umarali Rahmonaliyev: "Bu faqatgina boshlanishi..."
Iste’dodli futbolchimiz Umarali Rahmonaliyevning faoliyatida yangi sahifa ochilganini bilasiz. U “Rubin” klubi bilan Turkiyaning Antaliya shahrida o‘tkazilayotgan tayyorgarlik yig‘inida qatnashmoqda.

Yangi jamoasida o‘zini yaxshi tomonlama ko‘rsatayotgani haqida eshityapmiz. Chunki bu futbolchining kelajagi porloq. “Navbahor”ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida Rahmonaliyev “Rubin” safida ilk golini ham urdi. Antaliyada ekanligimizdan foydalanib, Umaraliga ayrim savollar bilan murojaat qildik.

- “Rubin” bilan Turkiyaning Antaliya shahridagi yig‘inida ishtirok etyapsiz. Yangi jamoangizga moslashuv qanday kechmoqda?
- Jamoam bilan moslashuv jarayoni juda a’lo darajada ketyapti. Sababi, klubdagi ishchi-xodimlardan tortib murabbiylar, futbolchilar barchasi bizni klubga moslashib olishimiz uchun hamma shart-sharoitlarni yaratib berishdi. Bizdan faqat tezroq moslashib, jamoa o‘yiniga qo‘shilib ketish qoldi va bu jarayon ham yaxshi o‘tyapti. “Rubin”ning maqsadi nima ekanligini tushunib yetish uchun hamma sharoit va imkoniyatlar bor. Jamoadoshlarimiz ham mashg‘ulot va o‘rtoqlik o‘yinlarida ancha yordam berishyapti. Xuddi ular bilan anchadan beri birga o‘ynayotgandek taassurot qoldirishyapti.

- “Navbahor”ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida gol urdingiz va jamoangiz 6:0 hisobida g‘alaba qozondi. Bunday natijani o‘ylamagan bo‘lsangiz kerak-a yoki “Navbahor” shunga yarasha o‘yin ko‘rsatdimi?
- O‘yini o‘xshamadi. Shu qatorda bizga mashg‘ulot jarayonlarida berilgan barcha yuklamalarni qilishga harakat qildik va bu o‘z natijasini hisobda ham aks ettirdi.

- “Rubin”da Rustam Ashurmatov bilan birgasiz. Chetga, yangi klubga ilk bor borganingizda bunday paytda yoningizda hamyurtingiz bo‘lishi qulay. Ashurmatov bo‘lmaganida moslashishga ham qiynalardim, deb o‘ylaysizmi?
- Ha, albatta, agar Rustam aka bo‘lmaganida menga qiyinchilik bo‘lardi. Ashurmatov o‘z tajribasi, legionerlikni yaxshi his qilishi, chet klublarda o‘ynaganligi sababli tajribasi ko‘rinib turibdi. Menga har bir ishda, yurish-turishlarda qo‘lidan kelganicha yordamini, akalik maslahatlarini berib kelmoqda. Shu bois ikkalamizda ham jamoaga kirishib ketish yaxshi kechyapti.

- Yangi do‘stlar ham orttiryapsiz. Shuni inobatga olganda, “Rubin”da qaysi futbolchilar bilan yaqin munosabat o‘rnatyapsiz?
- Futbolchilarni nomma-nom sanab o‘tadigan bo‘lsak noto‘g‘ri bo‘ladi. Bu yerda har bir o‘yinchining biz bilan munosabati a’lo darajada. Futbol ichida ham, uni tashqarisida ham barchasi yaxshi.

- Yangi klubingizda sizni yoqimli ma’noda hayron qoldirayotgan jihatlari ham ko‘zga tashlanyaptimi?
- Jamoadagi ichki muhitga kelsak, futbolchilardan tortib ishchi-xodimlargacha hammaning o‘z ishiga bo‘lgan mas’uliyati menga yoqdi.

- Bosh murabbiyning uslubini o‘zlashtirishingiz qanday ketyapti? U bilan suhbatda nimani xohlayotganini tushunish qiyin bo‘lmayaptimi?
- Yuriy Anvarovich juda samimiy inson. Mendan nima xohlayotganligi, qanday o‘yin kutayotganligi haqida suhbatlashib oldik. Suhbatimizdan so‘ng mashg‘ulot va o‘yin jarayonlarida buni amalda sinash uchun nimani istayotganini menga tushuntirib bormoqda.

- “Rubin” bilan nimalarga erishmoqchisiz?
- Oldimizga katta maqsadlarni qo‘yganmiz. “Rubin” jamoasi bilan cheklanib qolmasdan balki o‘z ustimizda yanada ishlashda davom etib, Xudo xohlasa bundan ham yaxshi klublarda, ligalarda to‘p surish niyatim bor. Bu yilgi maqsadimiz shundayki, “Rubin” bilan Rossiya premer-ligasiga qaytib, u yerda ham jamoani nimaga qodirligini ko‘rsatmoqchimiz. Bu faqatgina boshlanishi. Xudo nasib qilsa, bundan ham top-ligalarda faoliyatimni davom ettirish niyatim bor.

Shuhratbek Jo‘rayev.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Antaliyadagi suhbat. Umarali Rahmonaliyev: "Bu faqatgina boshlanishi..."