21:09 / 18.02.2023
642

Oston O‘runov hammamizni o‘zidek o‘ynatmoqchi bo‘ldi!

Oston O‘runov hammamizni o‘zidek o‘ynatmoqchi bo‘ldi!
Oston O‘runovning legioner sifatida Rossiyadagi ikki yillik faoliyati muvaffaqiyatsiz chiqqanidan muxlislarning xabari bor.

Maydon markazining bir nechta nuqtasida faol o‘ynay oladigan, kreativ qarorlari bilan ko‘zga tashlangan hujumkor futbolchimiz “Ufa”, “Spartak” va “Ural” kabi jamoalarda o‘z o‘rnini topa olmadi.

Oston “Spartak” klubida duch kelgan muammolarku o‘z yo‘liga, lekin murakkab vaziyatga tushib qolganida uni o‘z safiga qo‘shib olgan “Ural”ni ham juda tez tark etgani ko‘pchilikka tushunarsiz bo‘ldi.

“Ural” bosh murabbiyi Viktor Goncharenko “Komment.Shou” kanaliga bergan intervyusida o‘zbekistonlik futbolchining jamoadan ketishiga nimalar sabab bo‘lganini aytib berdi.

- “Ural”ning g‘alabaga tayyorlash uchun jamoa ichida oddiy narsalarni yaratishimiz talab etilardi. Oston bilan buni uddalay olmadik. O‘runov biz uning tushunchasi bo‘yicha qanday o‘ynashimiz kerakligini ko‘rsatmoqchi bo‘lgandek to‘p tepishga harakat qildi.

O‘shanday holatda ynga tushuncha berdik. “Oston, gapni eshit, ochkolarimiz soni kam, sening samaradorliging nol, shunga qaramay, sen gol ham urmayapsan, to‘pni qulay pozitsiyadagi sheriklaringga ham uzatmayapsan. Doim darvozadan uzoqda qolib ketyapsan, o‘yindan chetga chiqib qolyapsan”, dedik.

Men unga ko‘proq ochko jamg‘arib olsak, maydonda uzoqroq qolishga imkon berishimni, hozir esa maydonning ma’lum bir qismida bajarilishi shart bo‘lgan vazifalarni uddalashi kerakligini tushuntirishga urindim.

Bir, ikki, uch marotaba kuzatdim. O‘yinchi talabimni anglagani yo‘q.

Jamoadagi hammaning dunyoqarashini o‘zgartira oldik, Oston esa buni tushunib yetgani yo‘q. Ana o‘shanda uning xizmatlariga ehtiyoj yo‘qligini ko‘rdim
, - dedi Viktor Goncharenko.

Oston O‘runov Yekaterinburg klubida Rossiya Premer-ligasida ikki bor maydonga tushib, jami 52-daqiqa to‘p tepdi. Shuningdek, mamlakat kubogi doirasidagi bellashuvda atigi 27 daqiqa o‘ynadi.

Keyin tomonlar o‘zaro kelishuvga ko‘ra, amaldagi shartnomani bekor qilib, xayrlashdi. Hozir “Ural” jamoasining ishlari yaxshi. Viktor Goncharenko shogirdlari 17-turdan keyin 21 ochko bilan musobaqa jadvalining o‘ninchi qatoridan joy olgan.

Oston O‘runov esa, hali o‘ziga rasman yangi jamoa topgani yo‘q. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, 22 yoshli futbolchimiz “Navbahor” mashg‘ulotlarida qatnashib yuribdi.

Oston O‘runov aslida “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Biroq, “sherlar” asosiy tarkibiga kiritilmaganidan keyin Namangan ko‘chib o‘tdi. Professional futbolchi sifatida “Navbahor”da shakllandi.

Keyinchalik Toshkentning “Lokomotiv” jamoasi safiga qo‘shildi. Bu jamoadan Rossiyaga yo‘l oldi.

Oston O‘runov O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi hisoblanadi. Iste’dodli futbolchimiz hozirga qadar sakkizta bahsda qatnashib, Maldiv orollari va Kamerun terma jamoalari davrozasini ishg‘ol qilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Oston O‘runov hammamizni o‘zidek o‘ynatmoqchi bo‘ldi!