“Spetsiya”ni qabul qilib olgan yangi bosh murabbiy Leonardo Semplichi “Alberto Pikko” stadioni matbuot markazida jurnalistlarga o‘z fikr-mulohazalari, ish uslubi, rejalari haqida ma’lumot berdi.
Anjuman avvalida “Spetsiya” sport direktori Edoardo Masia so‘z olib, bosh murabbiylikka nega aynan Semplichi nomzodi ma’qullanganini izoh berdi.
- Vaziyat chuqur tahlil qilinganidan keyin Leonardo Semplichini tanladik. U 30 iyungacha bosh murabbiyimiz bo‘ladi. Hamkorlikni davom ettirish uchun oldinga qo‘yilgan vazifani uddalay olishiga ishonamiz. U o‘zining yuqori saviyada ishlay olish layoqatini namoyish qilish uchun kamtargina darajadan boshlangan uzoq yo‘lni bosib o‘tgan.
Men u bilan “Fiorentina”ning yoshlar jamoasi bo‘limida tanishganman. Leonardo o‘sha jamoada Bernardeski va Keza kabi yosh o‘yinchilarning o‘sishiga yordam bergan. SPALni boshqargan davrda hammaning ham qo‘lidan kelmaydigan ishlarni amalga oshirgan. “Kalyari”jagi faoliyati ham hurmatga sazovor, - dedi Edoardo Masia.
Shundan so‘ng Leonardo Semplichi o‘z fikrlarini bildirdi.
- Men bu yerga kelganimdan xursandman. Birdamligi kuchli jamoaga keldim. Bu jamoaning muxlislari natijaga erishish uchun ilhomlantirib turadi. Barchamiz birgalikda oldindagi maqsadlarga erishamiz.
Jamoani tashqaridan kuzatib, ayrim muhim sifatlarni ko‘rdim. Har bir o‘yinchida maqsad sari kurashish ishtiyoqini payqadim. Nimani ko‘zlagan bo‘lsak, birgalikda erisha olamiz.
Bir nechta mashg‘ulotda qarashlarni o‘zgartirish imkonsiz. Mening o‘yin borasidagi falfasamni singdirish uchun biroz vaqt talab etiladi. Mehnat orqali futbolchilarga o‘z qarashlarimni o‘rgatib, ularni yanada yaxshiroq to‘p tepishlariga erishmoqchiman.
Avvallari asosan to‘rtta himoyachi bilan o‘ynaganman. SPALda taktikalarimga biroz yangilik kiritdim. Bularning barchasi futbolchilarning imkoniyatlaridan kelib chiqadi. Men turli uslublarga bog‘lanib qolmaganman va asosiy e’tiborni o‘yinchilarning sifatiga qarataman. O‘yin moduli hech narsani hal qilmaydi, balki hamma narsa maydonni qay darajada egallay olishimizga bog‘liq. Oxirgi paytlarda ko‘rganlarimizni davom ettirsak ham bo‘laveradi.
Menimcha, jamoa jismoniy tomondan yaxshi holatda.
Eldor Shomurodov va Mbala Nzolani – juda muhim va qadri baland hujumchilar, deb bilaman. Ularning yuqori darajadagi samaradorligini ta’minlashga xizmat qiladigan munosib balansni topishimizga to‘g‘ri keladi. Mashg‘ulotlarda hujumchilarning salohiyatiga baho berish imkoni bo‘ladi. Eng to‘g‘ri yo‘lni topish uchun shu kunlarda ular haqida alohida bosh qotiraman.
Qo‘l ostimda yaxshi o‘yinchilar jamlangan. Ampaduni ko‘proq himoyachi sifatida bilaman. U uchrashuvni orqada boshlaydi. Keyin nima bo‘lishini vaziyat ko‘rsatadi.
Hamma ketayotgan yo‘ldan yurish o‘ziga yarasha qiyinchilik tug‘diradi. Men vujudga kelgan vaziyatni o‘zgartirishga harakat qilaman. Murabbiy o‘laroq, futbolchilarning sifatlarini rivojlantirishim kerak. Yaxshi natija va ko‘rsatkichlarni qayd etganlar maydonda bo‘lishi lozim. Ular bilan birgaman.
Mengacha bo‘lgan ishlarga to‘xtalmayman. Ayrim o‘yinchilarimiz jarohatda. Shtabim bilan birga ularning tezroq tiklanishi va sport formalarini yaxshilashiga yordam beramiz. Qo‘limizdan kelganicha jamoaga yordam berishga intilamiz.
Ko‘pchilik “Spetsiya”ning to‘g‘ridan to‘g‘ri raqiblari bilan to‘qnashuvlar haqida gapirmoqda. Masala faqat bunda emas. SPAL bilan B Seriyada shunaqa uchrashuvlarning ko‘pida mag‘lub bo‘lganmiz. Lekin jamoani yuqori divizionga olib chiqishni uddalagan edik.
A Seriyada qolishning aniq formulasi yo‘q, faqatgina g‘alabaga o‘ynash kerak. Tezlikni oshirish haqida o‘ylashimiz shart. Agar yutqazishga to‘g‘ri kelsa, kurashib yutqazaylik. Jamoa faol bo‘lishi lozim. Mana jamoa oldiga qo‘ygan eng asosiy talabim.
Menga jamoadan qo‘ng‘iroq qilishganda o‘zimni baxtiyor his qildim. Bu jamoaning qadr-qimmati bor. Mavsum davomida yuksalish va pasayishlar bo‘ladi. Jamoani qutqarishning asosiy vositasi muhitning ijobiy ekanini ushlab qolish. Futbolchilar va muxlislarimiz bilan birga pirovard maqsadga erishiga urinib ko‘ramiz, - dedi Leonarda Semplichi.
Ma’lumki, Sempilichi oldiga “Spetsiya”ni A Seriyada olib qolish vazifasi qo‘yildi. Agar florensiyalik mutaxassis bu topshiriqni uddalasa, yana ikki yil jamoaga ustozlik qiladi. Liguriya jamoasi 23 ta uchrashuvda to‘rtta g‘alaba, yettita durang va 12 ta mag‘lubiyat bilan 19 ochko jamg‘argan holda 17-pog‘onada qayd etilgan.
“Spetsiya”ni xavfli zonadan atigi ikki ochko ajratib turibdi.
Semplichi bosh murabbiy sifatida birinchi uchrashuvini 26 fevral kuni safarda “Udineze”ga qarshi o‘tkazadi. Bellashuv Toshkent vaqti bilan 22:00 da boshlanadi.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring