Bugun Qarshi shahrida joylashgan Yoshlar markazidagi faollar zalida «Nasaf» jamoasiga yangi kelib qo‘shilgan Javohir Sidiqov, Muhammadjon Rahimov, Shuhrat Muhammadiyev va Aziz Amonovlarning tanishtiruv marosimi bo‘lib o‘tdi.
Bugungi tadbirda Qashqadaryo viloyati hokimi, Qashqadaryo viloyati futbol assotsiatsiyasi prezidenti Murotjon Berdialiyevich Azimov hamda viloyat rahbarlari, jamoa muxlislari va OAV xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbirda dastlab so‘z olgan viloyat hokimi Murotjon Azimov «Nasaf» jamoasining o‘tgan mavsumda kiritgan yutuqlarini e’tirof etib, yangi mavsumda uzoq kutilgan chempionlikni qo‘lga kiritish harakat qilish kerakligini aytib, buning uchun o‘z yordamini ayamasligini aytib o‘tdi.
Keyingi so‘z navbati jamoamiz bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyevga berildi. Ro‘ziqul Sadullayevich so‘zga chiqib, yaratib berilayotgan shart-sharoitlar uchun viloyat rahbariyatiga, homiylarga va jamoamiz har doim qo‘llab-quvvatlab turgan muxlislariga o‘z minnatdorchiligini bildirib o‘tdi.
Shundan so‘ng jamoamizga yangi kelib qo‘shilgan Javohir Sidiqov, Muhammadjon Rahimov, Shuhrat Muhammadiyev va Aziz Amonovlar muxlislarga tanishtirildi.
So‘nggi so‘z o‘rnida jamoamiz prezidenti, «Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi» direktori Shuhrat Aslanov jamoamizning so‘nggi yillarda kiritgan yutuqlari bejizga emasligini, bu o‘z vaqtida to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan tizim mahsuli ekanini ta’kidlab o‘tdi. Klub prezidenti muxlislar va OAV qarshisida muxlislarga yuzlanib, yangi mavsumda jamoaning maydondagi chinakam 12 futbolchisiga aylanishlarini, g‘alaba qozonganda ham mag‘lubiyatga uchraganda ham jamoani bir xil qo‘llab-quvvatlashga chorladi.
Marosim so‘ngida muxlislar o‘zlarining sevimli futbolchilarimi bilan esdalik uchun rasmga tushishdi.
Eslatib o‘tamiz, “Nasaf” Superliganing 1-turida Andijonning «Andijon» jamoasini qabul qiladi. Bellashuv 4 mart kuni 16:30 boshlanadi.
«Nasaf» futbol klubi matbuot xizmati.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring