Xabaringiz bor, hamyurtimiz Oston O‘runov Rossiyadagi faoliyatidan keyin yana O‘zbekiston chempionatiga, “Navbahor”ga klubiga qaytdi. Uning oxirgi klubi Rossiya premer-ligasi ishtirokchisi – “Ural” jamoasi edi.
U yerdan ketishi murabbiy bilan kelishmovchilik sababli yuz bergani aytildi. Bu xususida Oston O‘runov yaqinda Sports.uz saytiga bergan intervyusida quyidagilarni aytdi.
- “Ural” bilan nima bo‘ldi? U yerda ko‘p o‘ynamadingiz. Bosh murabbiy esa o‘yindan avval siz bilan yuz bergan holat haqida gapirgandi. Aslida nima bo‘lgan?
- “Ural”da murabbiy bilan hamma o‘ylagandek kelishmovchilik bo‘lmagan. Shunchaki, biz bir-birimizga mos kelmasligimizni tushundik. Ular boshqacha futbol o‘ynaydi va mening uslubim to‘g‘ri kelmaydi. Ikki tomonlama do‘stona kelishib, shartnomani bekor qilganmiz.
- “Ural”ga o‘tish siz uchun yanglish qaror emasmidi?
- Yo‘q. Bu jamoaga o‘tganim yaxshi edi.
- Bosh murabbiyi bilan munosabatingiz qanaqa edi?
- Munosabatlarimiz yaxshi edi. Ishlash uslublari ham menga yoqardi. Goncharenko futbolchilar bilan ham zo‘r ishlaydi. Oramizda tushunmovchilik bo‘lmagan. Ketayotganimizda ham biz iliq xayrlashganmiz. Faqat boya aytib o‘tganimdek, “Ural” bilan bir-birimizga mos kelmadik.
- Mos kelmaslik bu o‘yin tomonlamami?
- Ha, o‘yin bo‘yicha. Hozirgi “Ural”ga meni aldab, dribling qiladigan xizmatlarim kerak bo‘lmadi. Faqat jamoaviy o‘yin edi. Murabbiydan hech bo‘lmaganda oldinga o‘tganimda menga raqiblarni aldash mumkinmi, deb so‘ragandim. U yo‘q dedi va to‘p bilan bo‘lganingda birinchi bo‘lib boshingni ko‘tar va bo‘sh turgan sherigingga uzat dedi va aldashimga ruxsat bermadi. Agar men aldamasam oddiy o‘yinchi bo‘lib yuraverardim.