10-13 mart kunlari Superliganing 2-tur uchrashuvlari o‘tkaziladi. Barcha jamoalar bo‘lajak bahslarga jiddiy tayyorlanishyapti. Kimdir ilk g‘alabasi uchun harakat qilayotgan bo‘lsa, boshqalar navbatdagi g‘alabasini qo‘lga kiritish ilinjida.
O‘zbekiston futbolchilar uyushmasi rahbari Kamoliddin Murzoyev 2-tur oldidan 7 ta juftlikdagi imkoniyatlar xususida gapirdi.
“Neftchi” – “Paxtakor”
- Albatta, “Neftchi” va “Paxtakor” o‘rtasidagi to‘qnashuvi - o‘zbek klassikosi ko‘p yillar davomida bizga chiroyli va shiddatli o‘yinlarni namoyish qilgan. So‘nggi yillarda “Neftchi” jamoasi moliyaviy va boshqa sabablar natijasida biz kutgan klassikolarni ko‘rmayotgandik. Lekin o‘tgan yili “Neftchi” “Paxtakor”ga qarshi uchrashuvlarda muammolar tug‘dira oldi. Bu yil farg‘onaliklarni mavsum startini omadli boshlashi va “Paxtakor”ning ilk turda qoqilishi bu uchrashuvga yana eski shonli davrlarni qaytaradi. Kutishimiz shundan iboratki, baribir yaxshi o‘yin bo‘ladi. Ikkala jamoaning imkoniyatlariga kelsak, menimcha, dastlabki 3-4 ta turlarda barcha klublarni 50x50 baholash mumkin. Hozir mavsum boshlanishi va ba’zi-bir bog‘lamlarda o‘yin bilan bog‘liq holatlarda va umuman chempionat avvalida xohlaymizmi-yo‘qmi, professional hayajonning mavjudligi, har bir ochko uchun qo‘yilayotgan qadamlar jiddiy olinishini hisobga olsak, menimcha 50x50.
“So‘g‘diyona” – “Olimpik”
- Ushbu uchrashuv ham shiddatli o‘tishi kutilyapti. “Olimpik” jamoasi bu biz bilgan yosh futbolchilar. Menimcha, “Paxtakor” ustidan qozongan g‘alabasidan so‘ng o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchi ortganini hisobga oladigan bo‘lsak, “So‘g‘diyona”ga bir muncha qiyinroq bo‘ladi. Jizzaxliklarni uy uchrashuvidagi alamli mag‘lubiyati ruhiy holatiga ozgina bo‘lsa ham ta’sir ko‘rsatadi. Lekin boya aytib o‘tganimdek, jamoalarning imkoniyatlari borasida ko‘p klublarga 50x50 variantini qoldiraman. Faqat bu juftlikda 55x45 degan bo‘lardim. “Olimpik”ni g‘alaba bilan boshlashi bunga sabab. Ammo dastlabki turlarda klublarning imkoniyati teng yoki bir-biriga yaqin bo‘ladi.
“Navbahor” – “Metallurg”
- Ushbu juftlikda biroz ko‘proq holatda ustunlikni “Navbahor”ga bersak bo‘ladi. Bilamiz, Namangan jamoasi so‘nggi 2-3 yilda ancha shakllandi. Jamoa negizi saqlab qolingan holatda yildan-yilga kuchayib boryapti. Birinchi turda yirik hisobda yutdi. Ikkinchi turda ham “Navbahor”da ustunlik ko‘proq bo‘ladi. Lekin “Metallurg” klubini bu bahsda darrov mag‘lub bo‘lishini aytish ham qiyin. O‘tgan mavsum va undan oldingi chempionatda Namanganda “Navbahor” bu raqibiga qarshi qiyin uchrashuvlarni o‘tkazgandi. Uzoqqa bormaymiz va 60x40 “Navbahor” foydasiga.
“Surxon” – “Andijon”
- Ushbu o‘yin ham o‘zining ruhida qiziqarli o‘tadi. Ikkala jamoa ham yangi shakllanyapti. “Andijon” haqiqatan birinchi turda haqiqiy sensatsiya namoyish qildi. O‘z o‘rnida “Surxon”ni ham ta’kidlab o‘tish kerakki, OKMKga qarshi og‘ir uchrashuvda hisobda oldinga chiqib olganini nazarda tutadigan bo‘lsak, bu turda ham qiziqarli qarama-qarshilik bo‘ladi. Ochig‘i, imkoniyatlarni 50x50 baholayman.
“Qizilqum” – “Buxoro”
- Bu o‘yin ham o‘zgacha shukuh ostida o‘tadi. Nimaga ko‘p jamoalarga bir xil fikr bildirayotganimizni sababi, dastlabki tur uchrashuvlarida nafaqat raqib jamoa sizning o‘yiningizni o‘rgangan bo‘ladi, hattoki, o‘zingiz ham hali jamoangizni to‘liq salohiyati, darajasi va jismoniy holatining yechimini topishga ulgurmagan bo‘lasiz. Shuning uchun ham 1-2-turlarda klublarning tengroq ruhda o‘ynashi va qarama-qarshilik teng kurashlar ostida o‘tishini taxmin qilyapman. “Qizilqum” o‘tgan turda yirik hisobda yutqazdi. Kimga mag‘lub bo‘lganligi tushunarli holat. “Buxoro” o‘z o‘yinini ko‘rsatdi. To‘g‘risi, “Turon”ni maydonida yutib kelishini ko‘pchilik kutmagan. “Olimpik”ni hisobga olmaganimizda “Andijon” jamoasidan keyingi sensatsiya “Buxoro”ga tegishli. Bu klubda ham tarkib deyarli saqlanib qolingan. Faqatgina qo‘shimcha kuchlar yil boshiga yaqin tarkibga kelib qo‘shilgan. Menimcha, bu juftlikda jangovar o‘yin bo‘ladi. So‘zsiz imkoniyatlar teng. Hech bir klubni ustunligi yo‘q.
“Nasaf” – “Turon”
- Albatta, “Nasaf”ni favorit deb hisoblaymiz. 1-turda olingan mag‘lubiyati alamini “Nasaf” futbolchilari boshqacha hazm qilishadi va bu o‘yinga yanada jiddiyroq chiqishadi, deb o‘ylayman. Shu nuqtai nazardan qaraganda, “Turon”ga yanada qiyinroq bo‘ladi. Baribir ko‘p jabhada ruhiy jihat asosiy o‘ringa chiqib qoladi. Imkoniyatlar 60x40 “Nasaf” foydasiga.
OKMK – “Bunyodkor”
- Bu ham o‘ziga xos to‘qnashuv. Xabaringiz bor, OKMKdagi bir qancha futbolchilar “Bunyodkor” sharafini himoya qilishyapti. O‘ziga xos shiddatli uchrashuv kechadi. “Bunyodkor”ning safardagi g‘alabasini inobatga oladigan bo‘lsak va OKMKning startiga e’tibor bersak, bu uchrashuvda ham imkoniyatlar teng. Qiziqarli to‘qnashuv bo‘ladi. Menimcha, muxlislar yaxshi o‘yinni tomosha qilishadi.
Shuhratbek Jo‘rayev.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring