Shohjahon Ergashev IBF kamari uchun Eliminator jangida yaponiyalik bokschiga qarshi ringga chiqishi mumkin.
Avvalroq, IBF tashkiloti birinchi yarimo‘rta vaznda o‘zbekistonlik professional boks ustasi Shohjahon Ergashev (23-0) va britaniyalik Jek Ketterolga (26-1) Eliminator jangi uchun rasmiy taklif yuborgani va bu borada har ikki tomonga o‘z javobini bildirishi uchun 3 kun muddat bergani haqida xabar bergan edik.
O‘zbek boksi insayderi Jalol Ahmedov Shohjahon Ergashev bilan bog‘liq ayni vaziyatga to‘xtaldi:
"Manbalarimning xabar berishicha, IBF Eliminator jangini Jek Ketterol WBC chempioni Rejis Progreys bilan muzokaralar olib borayotganligi sababli rad etgan. Keyingi o‘rinda turgan Liam Paro jarohatdan tiklanish jarayonida. Teofimo Lopes, Xose Ramires va (norasmiy) Stiv Spark boshqa jangda ishtirok etishlari bo‘yicha kelishuvga erishgan. Menga berilgan ma’lumotga ko‘ra, yaponiyalik Endi Hiraokaga (22-0) taklif yuborilgan va tasdiq kutilmoqda...".
Ma’lumot uchun, Shohjahon Ergashev ayni damda IBF reytingida 4-o‘rinni egallab turibdi, uning ehtimoliy raqibi — Endi Xiraoka esa ushbu yo‘nalishda 9-o‘rinni band etgan.
Ergashev Olamsport.com sayti muxbiri bilan suhbatda allaqachon mazkur jangga rozilik bildirgani, ammo unga raqib topilmayotgani haqida aytib o‘tgan edi.
Hamyurtimiz kecha Instagram sahifasi orqali 3 oy tayyorgarlik ko‘rgan jangi may oyida o‘tkazilishiga ishora qilgan edi.
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring