15:15 / 10.03.2023
349

Ravshan Haydarov: “Mas’uliyat va sovuqqonlik bilan kerakli natija uchun maydonga tushamiz”

Ravshan Haydarov: “Mas’uliyat va sovuqqonlik bilan kerakli natija uchun maydonga tushamiz”

O‘zbekiston U-20 terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov va sardor Umarali Rahmonaliyev yoshlar o‘rtasidagi Osiyo Kubogi chorak finalidan o‘rin olgan Avstraliyaga qarshi bahs oldidan matbuot anjumanida ishtirok etdi.

"Hammaga xayrli kun. Avvalambor, bu bosqichga yetib kelgan terma jamoalarni tabriklayman. Bo‘lajak o‘yinlar barcha uchun juda muhim. Bu yoshdagi futbolchilarning orzusi, maqsadi jahon chempionatiga chiqish. O‘z navbatida biz minimum vazifani bajarib, shu bosqichga yetib keldik. Yigitlar bo‘lajak bahsning qanchalik muhimligini tushunib turishibdi va hammamiz zo‘r ishtiyoq bilan tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Ertangi o‘yinda, muxlislarimiz va jamoamiz orzusi ushaladigan bahsda, borimizni berishga harakat qilamiz", - dedi Ravshan Haydarov.

"Assalomu alaykum. O‘zbekistonga futbol kirib kelgani bilan hammmani tabriklayman. Murabbiyimiz aytganidek, minimum vazifani bajardik. Inshaalloh, bizni juda ham katta o‘yin kutib turibdi. Biz e’tiborimiz, kuch va salohiyatimizni ertangi o‘yinga qaratganmiz. Raqibning o‘yini borasida tushunchamiz bor va mashg‘ulot jarayonlarida shunga yarasha tayyorlanyapmiz. Aytishadiki, maydonda omad kuchlilarga kulib boqadi. Ertaga omad bizga kulib boqadi, inshaalloh. Barchasini vaqt ko‘rsatadi", - dedi Umarali Rahmonaliyev.

Ravshan Haydarov: "Hujumchilar muammosi doim bo‘lgan. Bu narsa katta futbolda ham mavjud va tanlov u qadar ko‘p emas. Ammo bizni jamoamizda hujumchilar bor, albatta. Hozirgi holati, tajribasi, imkoniyatlaridan kelib chiqib Po‘latxo‘jaga ko‘proq imkoniyat berishga harakat qilyapmiz. Yaqqol hujumchini aytib o‘tdik. Shu bilan birga qanotlarda o‘ynaydigan o‘yinchilarimiz ham hujumlarda bevosita faol ishtirok eta oladi.

Murabbiylar shtabimiz bu kabi musobaqalarda qatnashgan. Bundan avvalgi yoshlar terma jamoasida ham faoliyat olib borgan. Barchamiz bor tajribamizni U-20 terma jamoamiz a’zolariga ham yetkazishga astoydil harakat qilyapmiz. O‘ylaymanki, bu terma jamoamiz ham avvalgi termalarimiz kabi o‘sishga erishadi. Bu jarayonda shunday musobaqalar Osiyo chempionati va eng muhim turnirlardan biri Jahon chempionati. Unga chiqa olgan futbolchilar o‘zgacha tilga olinadi. Yigitlarga shu narsani tushuntirishga urinyapmiz. Avvallari bu o‘z samarasini bergan. Jahon chempionatlarida qatnashgan, shu kabi musobaqalarda pishib yetilgan yoshlar o‘zbek futbolining asosini tashkil etishgan. O‘ylaymanki, bu terma jamoa a’zolari ham bo‘layotgan Osiyo chempionati orqali Jahon chempionatiga chiqish va hayotidagi eng muhim pallani o‘tkazish yo‘lida, katta maqsadlar bilan mehnat qilyapti".

Umarali Rahmonaliyev: "To‘g‘ri, siz aytib o‘tgandek o‘yinlarda zarbalarim nisbatan kamroq. Mashg‘ulotlar jarayonida zarbalar bo‘yicha ham alohida ishlayapmiz. Ko‘ramiz, balki yaxshi zarbalarni ertangi o‘yinga olib qo‘ygandirmiz.

Barcha futbolchilar, nafaqat biz, balki butun xalqimiz uchun ertaga bo‘ladigan uchrashuvning o‘zi katta motivatsiya desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Shuning uchun bor ishtiyoqimiz, e’tiborimizni ertangi o‘yinga qaratamiz. Bir jamoa bo‘lib maydonga chiqib, buni natijada ham aks ettirishga harakat qilamiz.

Ravshan Haydarov: "Avstraliya terma jamoasining o‘yinlarini ko‘rib, tahlil qilib boryapmiz. Albatta, ularning o‘yin uslubi o‘ziga yarasha. Buni yigitlarga ham ko‘rsatib boryapmiz. Shunga yarasha reja ham ishlab chiqyapmiz. O‘ylaymanki, ertaga munosib o‘yin ko‘rsatamiz. G‘alaba uchun munosib tarkib va taktika rejasi bor."

Guruh o‘yinlari ham oson bo‘lmadi. Har bitta uchrashuv alohida ahamiyatga ega edi. Hatto oxirgi o‘yinda ham biz g‘alabaga intilib harakat qildik. Avstraliya bilan o‘yin — yangi tarix. Unga boshqacharoq yondashish kerak. Bu bahsdagi kamchilik va xatolar kechirilmaydi. Futbolchilarimizda ishtiyoq katta. Ular mas’uliyatni his qilib turishibdi. Lekin sovuqqonlikni unutmasdan, reja bo‘yicha harakat qilib, g‘alaba uchun intilishimiz kerak.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning Avstraliyaga qarshi bahsi 11 mart kuni bo‘lib o‘tadi. Mazkur o‘yindagi g‘alaba Jahon chempionatiga yo‘llanmasini taqdi etadi.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ravshan Haydarov: “Mas’uliyat va sovuqqonlik bilan kerakli natija uchun maydonga tushamiz”