FIFA kunlari boshlangani bois O‘zbekiston Superligasida kichik tanaffus yuzaga keldi. Shu bois ortda qolgan 3 turdagi e’tiborga molik voqealarga nazar tashlaymiz. Xo‘sh, startda bizni nima hayron qoldirdi?
Kutilganidan kuchliroq “Neftchi”
Levchenko qo‘l ostidagi “Neftchi” Superligaga bu mavsum katta ambitsiyalar bilan tashrif buyurganini birinchi turdayoq sezdirgan bo‘lsa, “Paxtakor”ni engib buni tasdiqlab qo‘ydi. 3-turda esa “So‘g‘diyona” yarim kuch bilan mavx etildi. Tezkor, qarshi hujumga ixtisoslashgan, biroq agressiv jamoa startdagi eng yorqin jamoaga aylandi. To‘g‘ri, “Bunyodkor” ham 9 ochko jamg‘ardi, biroq raqiblarning va o‘yinlardagi temp o‘rtasida farq katta.
Farg‘onaliklar Pro-ligadagi mavsumlardan to‘g‘ri xulosa chiqargani ko‘rinib turibdi. Zamonaviy fikrlaydigan murabbiy, saviyali legionerlar va iqtidorli mahalliy futbolchilar joriy mavsumda Farg‘ona ahlini xursand qilgani rost. Eng muhimi, bu proekt ulkan pullar evaziga emas, shunchaki to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan ishning mahsuli. Demak, undan stabillik kutishga haqqimiz bor. Stabillik esa doimiy rivojlanishni ta’minlaydi.
Kutilganidan erta boshlangan hakamlik va translyatsiya mashmashasi
O‘tgan mavsumda aynan shu mavzuda juda ko‘p va xo‘p so‘zladik. Hatto, “Dangal”ni bir sonini shunga atab ham suratga oldik. Afsuski, bu kamchiliklardan kerakli insonlar kerakli xulosalarni chiqarmagan, chog‘i. Endi 3 tur ortda qolganiga qaramay, allaqachon bir nechta o‘yinlarda muammo yuzaga qalqib chiqdi.
Translyatsiya masalasida ham hech narsa o‘zgarmagan. Aksincha, bu texnika yana bir yilga eskirgan. Vaqt o‘tmoqda. Jahon futboli allaqachon o‘yinlarda 44-45 xil rakursdan o‘yinni suratga olayotgan bir paytda, biz 4 ta sifatli kameraga ega bo‘lishni uddalay olganimiz yo‘q. Afsuski, bu muammolar bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Birini hal etilmaguniga qadar boshqasida o‘sishga erishishni orzu ham qilib bo‘lmaydi.
Falstart olgan “Nasaf”
Darhaqiqat, birinchi turda “Andijon”dan o‘z uyida qabul qilib olingan mag‘lubiyatni “ajdarlar”ning ishqibozlari hazm qila olgani yo‘q. Hatto, keyingi ikki g‘alaba ham Qarshi klubiga bo‘lgan ishonchni ortishiga sabab bo‘la olmadi. Ayniqsa, hujumdagi muammolarning borligi va Husniddin Aliqulovning jamoa qutqaruvchisi obrazida yurganini hamma har xil talqin qilmoqda. Agar kartinaga yaxshilab razm solinsa, bu shunchaki birinchi turdagi omadsizlik fonida sezilmagan 6 ochko bo‘lib ko‘rinadi.
O‘tgan mavsumni Ro‘ziqul Berdiev shogirdlari bundan ham yomonroq boshlagan edi. Birinchi va ikkinchi turda durang qayd etib, atigi 2 ochko ishlagan, xolos. Bugungi “Nasaf”ni chempionlik kurashidan chiqarib yuborishga hali juda va juda erta. To‘g‘ri, muammolar bor, ammo kadrlar bilan xolos. Tez orada Marko Stanoevich safga qaytadi. Lima Kruz ham umumiy mashg‘ulotlarga qo‘shilib qolishi kutilmoqda. Agar hujum chizig‘ida Kruz ko‘rinish bersa, Aziz Amonov bemalol o‘zi uchun qulay bo‘lgan hujumchi ortidagi pozitsiyaga qaytishi mumkin. Umuman olganda, “Nasaf”dagi muammolar ko‘ringanidek qo‘rqinchli emas.
“Paxtakor” kutilganidek emas?!
Qiziq tanlov-a? “Navbahor”ni o‘z uyida enggach, “Paxtakor” yana chempionlik uchun asosiy da’vogarga aylanishi kerak edi, aslida. Shunga qaramay, “sherlar”ning ko‘plab muammolari ko‘zga tashlanib qoldi. Ayniqsa, ilk ikki turda. Kadrlar etishmovchiligi, yangi kelganlarning formada emasligi va yoshlarning turli yoshlardagi terma jamoalarda ekanligi Maksim Shatskix uchun hali juda ko‘p noqulayliklar yaratadi. Hozir Toshkentdagi g‘alaba eyforiyasida bu omillar ko‘zga tashlanmasligi mumkin, ammo bu “Paxtakor” o‘tgan yilgisiga qaraganda sezilarli darajada kuchsizroqdek ko‘rinmoqda.
Boz ustiga, chempionlik uchun kurashda asosiy raqiblar amalga oshirgan transferlar fonida bu yanada yaqqol ko‘rinishi mumkin. Bu muammolarga Dragan Cheranning o‘yinidagi pasayishni qo‘shadigan bo‘lsak, Maks uchun joriy mavsum qay darajada murakkab o‘tishini taxmin qilish qiyin emas. O‘tgan mavsumning ilk 5 o‘yinida 15 ochko jamg‘argan “Paxtakor” raqiblaridan har jabhada ajralib turgan edi. Bu safar, 3 o‘yinda 3 ochko…
Iste’foning hidi kelayotgan murabbiylar uchligi
"Konkret" telegram kanalimda aynan shu mavzuda so‘rovnoma o‘tkazdim. Unda ishtirok etgan 4 mingga yaqin insonning 50 foizi Yorqin Nazarovni birinchi bo‘lib Superligada iste’fo bergan mutaxassis bo‘lishini taxmin qilgan.
Qiziq tanlov, ammo men ro‘yxatdagi yana ikki mutaxassis – Baxtiyor Ashurmatov va Andrey Xomyakovlarni ham chetga surib qo‘yishga shoshilmaslikka chaqirgan bo‘lar edim. Bu orada “Qizilqum” bosh murabbiyi Asror Aliqulov ham bu ro‘yxatdan o‘rin egallash arafasida turibdi. O‘tgan mavsumdan farqli o‘laroq, bu safar ancha ertaroq bu nomzodlar ro‘yxati tuzildi. Barchasi Superligada ishtirok etayotgan jamoalarning rejalari endi “shunchaki mavsum o‘tkazish” emasligi bilan bog‘liq. Bu yoqimli xolat. Jizzax tomonlardan esgan shamolning aytishicha, Ulug‘bek Baqoev tez orada yana "bo‘rilar" to‘dasi sardori bo‘lishi kutilmoqda...
Yahyoxo‘ja Ululg‘xo‘jaev
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring