02:11 / 01.04.2023
227

Yorqin Nazarov uchun oxirgi imkoniyatmi? Uni "Navbahor" bilan nima bog‘lab turadi?

Yorqin Nazarov uchun oxirgi imkoniyatmi? Uni "Navbahor" bilan nima bog‘lab turadi?
Chempionlik uchun asosiy da’vogarlardan biri – “Navbahor” bu turda Namanganda Jizzaxning “So‘g‘diyona”sini qabul qiladi. Futbol odamlaridan va uning ixlosmandlaridan eshityapmizki, aksariyati “Navbahor”ning yaqqol g‘alabasini gapirishyapti. Bunga sabab “Navbahor”ning kuchli ekanligida emas, balki “So‘g‘diyona”ning o‘z darajasida ko‘rinmayotgani va uning kuchiga shubha qilinayotgani bilan bog‘liq.
 
“Navbahor”ning bugungi salohiyatini yana takrorlashimiz shart emas. O‘zi shundoq ham chempionlik uchun kurashayotgan klub o‘tgan turda asosiy raqobatchisi “Paxtakor”ga yutqazib, ko‘zi qonga to‘lib turibdi. Bunday paytda qaysidir ma’noda “So‘g‘diyona”ga achinasan kishi. Chunki o‘zi shundoq ham chempionatni omadsiz boshlab, hali g‘alaba qozona olmayotgan bir paytda keyingi raqib Namanganda “Navbahor” ekanligi ularning ishini yanada murakkablashtirmasdan qolmaydi.
 
Kuni kecha saytimiz orqali tur oldidan Baxtiyor Hamidullayevning har bir juftlikka o‘z munosabatini bildirgani haqidagi maqolani chop etgandik. O‘shanda sobiq futbolchi o‘tgan yilgi “So‘g‘diyona”dan hech nima qolmaganligiga urg‘u berib o‘tgandi. Bilasiz, bosh murabbiy Ulug‘bek Baqoyev ketdi va undan so‘ng bir qator yetakchi o‘yinchilar ham jamoani tark etishdi. Ulardan ikkitasi endi “Navbahor”da ekanini bilasiz-a? Bular – Shoxruz Norxonov bilan Shahboz Jo‘rabekov sobiq klubiga qarshi maydonga tushishlari mumkin. Bu futbolchilar uchun “So‘g‘diyona”ga qarshi uchrashuv o‘zgacha ahamiyat kasb etsa kerak.
 
Yorqin Nazarov bosh murabbiylik qilayotgan jizzaxliklar 3 ta uchrashuvda 1 durang va 2 mag‘lubiyat qayd etishib, turnir jadvalida oxirgi o‘rinda. So‘nggi paytlarda Baqoyevning yana “So‘g‘diyona”ga qaytishi mumkinligi borasida gap-so‘zlar yo‘q emas va Namangandagi bellashuv Yorqin Nazarov uchun oxirgi imkoniyat deyayotganlar ham bor. Yaqinda shu masala bo‘yicha murabbiy bilan gaplashganimizda har qanday holatda ham “Navbahor”ga qarshi uchrashuvdan keyin intervyu berishini aytib o‘tdi. Uni ham matbuotga aytadigan qandaydir gaplari borga o‘xshaydi.
 
Yana bir gap: “So‘g‘diyona” oxirgi paytlarda “Navbahor” uchun ayniqsa Namaganda juda noqulay raqibga aylangan. O‘tgan yilgi natijalarga e’tibor qarating: Namanganda “So‘g‘diyona” 1:2 hisobida yutgan va Jizzaxda 0:0 bo‘lgan. 2021 yilda esa “So‘g‘diyona” uyida ham, mehmonda ham 1:0 natijasi bilan ustun kelgan. 2020 yilning ikkinchi davrasida ham jizzaxliklar o‘z maydonida yagona gol evaziga g‘alaba qozongan. Birinchi davrada Namangandagi bahsda “Navbahor”ning qo‘li baland kelgandi – 2:0. Statistika shuni ko‘rsatyaptiki, jamoalarning oxirgi 5 ta uchrashuvidan buyon “Navbahor” bu raqibini yutolmayapti. 1 durang va 4 mag‘lubiyat. Ikki yildan beri “So‘g‘diyona” Namanganda yutib ketyapti. Aynan bu raqamlar chindan “So‘g‘diyona”ning “Navbahor” uchun noqulay raqibga aylanganini ko‘rsatib turibdi. Balki bu safar jizzaxliklarning mezbonlarga “tishi” o‘tmas, yana kim biladi, deysiz?!
 
Umuman olganda, o‘zaro o‘yinlar tarixi bo‘yicha to‘xtaladigan bo‘lsak, bu safargi bellashuv 55-o‘yinga aylanadi. “Navbahor”da 25 ta, “So‘g‘diyona”da 21 ta g‘alaba bor. 8 ta uchrashuvda g‘olib aniqlanmagan. To‘plar nisbati 89x62 namanganliklar foydasiga. O‘yinlar tarixida “Navbahor”ning eng yirik g‘alabasi 7:0 ni tashkil qiladi. Bu o‘yin 1996 yilda bo‘lib o‘tgan.
 
Darvoqe, endi “Navbahor”ning “So‘g‘diyona”ga qarshi o‘yinida stadion tomoshabinlar bilan to‘lsa kerak. Negaki, Ramazon oyi munosabati bilan stadionga kirish bepul deb e’lon qilindi. Bu shubhasiz “Navbahor”ning ustunligini yanada ta’minlaydi. Futbolda kutilmagan natijalar bo‘lib turadi, bu safar ushbu iborani Namangandagi uchrashuvda qo‘llaymizmi yoki yo‘q, buni hakamning xushtagidan so‘ng bilib olamiz.
 
Shuningdek, "So‘g‘diyona" ustozini "Navbahor" bilan nima bog‘lab turadi? Bilsangiz, u futbolchilik paytida Namangan jamoasida ham to‘p surgan. Qolaversa, yana bir fakt shundan iboratki, Yorqin Nazarov Superligada murabbiy sifatida hozircha yagona bo‘lib turgan g‘alabasini aynan "Navbahor"ga qarshi uchrashuvda qo‘lga kiritgan. 2021 yilgi mavsumda "Andijon" bosh murabbiyi sifatida Namangandan 1:0 hisobidagi g‘alaba bilan qaytgan.
 
Shuhratbek Jo‘rayev.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Yorqin Nazarov uchun oxirgi imkoniyatmi? Uni "Navbahor" bilan nima bog‘lab turadi?