“Roma” bosh murabbiyi Joze Mourino jamoada hujumchi ko‘payib ketgani bois, Karles Peres, Jastin Klyuyvert, Nikolo Dzanolo va Eldor Shomurodovni boshqa klublarga o‘tkazib yuborgan edi. Xususan, yanvarda portugaliyalik mutaxassis legionerimizga asosiy tarkibdan joy topilmagani uchun uni “Spetsiya”ga ijaraga berib yubordi.
Mavsum oxiriga kelib, Joze Mourino tarkibda tanlashda hujumchi masalasida jiddiy muammoga to‘qnash keladigan bo‘ldi.
Yevropa ligasining chorak final dastlabki uchrashuvida “Roma” safarda “Feyenoord” bilan kuch sinashdi. O‘yin Joze Mourino shogirdlari uchun tom ma’noda omadsiz bo‘ldi. Asosiy hujumchilardan biri Paulo Dibala 26-daqiqada shikastlandi. O‘ng oyoq paylarida kuchli og‘riq sezgan jahon chempioni zaxiraga olindi.
Birinchi bo‘lim oxirida jamoa sardori Lorenso Pelligrini raqib darvozasi tomon belgilangan penaltini aniq bajara olmadi. Aksiga olib, mezbonlar ikkinchi bo‘lim boshida Mats Vifferning aniq zarbasi evaziga hisobni ochdi.
58-daqiqada Joze Mourinoning ikkinchi hujumchisi – Temmi Abraxam maydonni tark etishga majbur bo‘ldi. Angliyalik to‘purar yelkazidan jarohat oldi.
Ma’lumotlarga qaraganda, Paulo Dibala va Temmi Abraxam qo‘shimcha tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganidan keyin jarohati darajasi hamda uni davolash uchun qancha vaqt sarflanishi ma’lum bo‘ladi.
Joze Mourinoning kayfiyati yaxshi emas. Bosh berilgan o‘yindan keyin jamoa hujum chizig‘ida muammo borligini ochiq tan oldi.
- Bizning hujum chizig‘imizda Erling Xoland yo‘q. Bor kuchimizni ishga solish majburmiz. Borimizcha qabul qiling. Yigitlar qo‘lidan kelganini qildi. Safarda ijobiy natija qayd etish uchun imkoniyatimiz bor edi. Lekin bundan foydalana olmadik va yengildik, - dedi Joze Mourino.
“Roma” Yevropa ligasida g‘oliblik uchun kurashishdan tashqari A Seriyada kuchli to‘rtlikka kirib, kelasi yili Chempionlar ligasida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritmoqchi. Italiya chempionatidagi uchrashuvlar ham Mourino uchun juda muhim ahamiyat kasb etadi.
Hozircha musobaqa jadvalida uchinchi o‘rinni egallab turgan rimliklar 16 aprel kuni “Udineze”ga qarshi sarf tortadi. Bu bellashuv oldidan murabbiylar shtabi ixtiyorida asosan zaxirada o‘tirgan uch nafar hujumchi qoldi. Ulardan Andrea Belotti hujum markazida, Stefapn El-Shaaravi chap qanotda va Ola Solbakken o‘ng tomonda o‘ynay oladi. Biroq kuchli beshlik chempionatlarida oldingi chiziqdagi pozitsiyalar uchun bittadan o‘yinchi kamlik qiladi.
Jamoada ularning o‘rnini bosa oladigan forvardlar qolmagan. Ayniqsa, Nikolo Dzanolo va Eldor Shomurodovning qadri endi bilinadi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan mavsum “Roma” futbolchilari Konferensiyalar ligasi finalida “Feyenoord”ni mag‘lub etib, bosh sovrinni qo‘lga kiritgan edi.
Endi bu jamoalar Yevropa ligasi chorak final javob uchrashuvida yana bir bor to‘qnash keladi. Mourino shogirdlari kamida ikki to‘p farqi bilan g‘alaba qozonishi talab etiladi. Buning uchun esa, rimliklarga gol ura oladigan hujumchilar kerak.
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring