11:47 / 16.04.2023
381

"Turon" futbolchisi Ashurmatovning iste’fosi va klubdagi vaziyat haqida gapirdi

"Turon" futbolchisi Ashurmatovning iste’fosi va klubdagi vaziyat haqida gapirdi
Xabaringiz bor, yaqinda “Turon” klubi bosh murabbiyni iste’foga chiqardi. 5 ta o‘yinda 2 durang va 3 mag‘lubiyat qayd etilgach, Baxtiyor Ashurmatov lavozimidan ozod etildi. Bunga asosiy sabab “Turon”ning hali g‘alaba qozonmagani bilan bog‘liq.
 
Bu qaror yaypanliklarning vodiy derbisi doirasida “Neftchi”ga qarshi uchrashuvi oldidan yuz berdi. Qiziq, klub futbolchilari bu iste’foni qanday qabul qildilar? Shu maqsadda Sports.uz jurnalisti “Turon” futbolchisi Xushnud Avilov bilan bog‘landi.
 
- Xushnud, "Turon" klubi mavsumni o‘zi kutgan darajada boshlay olmadi va hamon g‘alaba nimaligini bilmay kelmoqda. Klubga nima bo‘lyapti?
- To‘g‘ri aytasiz, jamoa hali ham g‘alaba nimaligini bilmay kelyapti. Bunga sabab bizga omad yetishmayapti, deb o‘ylayman.
 
- Holbuki, chempionat avvalida tarkib kuchaytirilgandi. Balki yangi futbolchilar hali to‘liq moslashishmagandir?!
- Yo‘q, jamoada endi hamma bir-birini yaxshi tushunyapti. Chunki klubga kelgan o‘yinchilarga ancha vaqt bo‘ldi.
 
-  Sizningcha, Baxtiyor Ashurmatovning iste’fosi to‘g‘ri bo‘ldimi?
- Yo‘q, yana imkon bersa bo‘lardi.
 
- Umuman olganda, futbolchilar bosh murabbiy iste’fosini qanday qabul qildilar?
- Hammada boshqacha holat bo‘ldi. Nimaga desangiz, tarkibdagi 90 foiz o‘yinchilarni Baxtiyor Ashurmatov chaqirgandi. Shu sababli murabbiy ketganida biz boshqacha vaziyatga tushdik.
 
- Murabbiyning ketishidan keyin ichki muhitda nimadir o‘zgarmadimi?
- Yo‘q, jamoadagi hamma professional futbolchilar. Klubda barchasi joyida.
 
- Nima deb o‘ylaysiz, Ashurmatovdan so‘ng, endi ijobiy o‘zgarish bo‘ladimi?
- Buni vaqt ko‘rsatadi.
 
- “Turon” yana Superligada qolish uchun kurashadimi? Bunga fikringiz qanday?
- Yo‘q, jamoamiz Superligada qolish uchun kurashmaydi. Bizga bitta g‘alaba kerak. Keyin jamoa albatta o‘ziga keladi. Tarkibdan kelib chiqib gapirsam, biz har qanday raqibga bosh og‘rig‘i bo‘lamiz. Chunki klubda yaxshi futbolchilar yig‘ilgan.
 
- Sizningcha, endi “Turon”ga qanday murabbiy kerak?
- Qanaqa murabbiy kelishini farqi yo‘q. Muhimi, “Turon”ga yordam bersa bo‘ldi. Biz uning aytganini qilishga majburmiz.
 
- Jamoaning ayni paytdagi kayfiyati qanday?
- Kayfiyat yaxshi. Keyingi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘ryapmiz.
 
- Oldinda “Turon”ni "Neftchi"ga qarshi vodiy derbisi kutyapti. Nimaning evaziga yutish mumkin?
- Jamoa o‘ziga ishonib, maydonni har bir qarich joyida kurash olib borsa, Xudo xohlasa natija yaxshi bo‘ladi.
 
- “Turon” Superligada debyut qilganida ham anchagacha ilk g‘alabasini qo‘lga kirita olmagan. Bu safar ham o‘sha ssenariy takrorlanyaptimi, nima deb o‘ylaysiz?
- Yo‘q, hali bunday vaziyat bo‘lmadi, deb o‘ylayman. Bizga aytganimdek, bitta g‘alaba yetishmayapti. Hali “Turon” o‘z so‘zini aytadi.
 
- Ashurmatov sizlar bilan xayrlashdimi? Nima dedi?
- Ha, albatta. Hamma bilan xayrlashib ketdi. Omad tiladi, ko‘p gaplashmadi.
 
- Klubda moliyaviy holat qanday? Qarzdorlik yo‘qmi?
- Jamoada hech qanaqa qarzdorlik yo‘q.
 
Shuhratbek Jo‘rayev.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Turon" futbolchisi Ashurmatovning iste’fosi va klubdagi vaziyat haqida gapirdi