Bektemir Meliqo‘ziev AQShning Las-Vegas shahridagi T-Mobile Arena majmuasida tashkil etilgan boks kechasida professional faoliyatidagi eng muhim jangini o‘tkazdi.
O‘zbekistonlik boks muxlislari charm qo‘lqop ustalarining doimiy g‘alabasiga ko‘nikib qolgan. Ayniqsa, professional ringdagi mag‘lubiyatni hamyurtlarimiz og‘ir qabul qiladi. Boks olamida etakchi bo‘lishga qodir bokschilarimizdan doimiy g‘alaba talab qilinadi.
Afsuski, sportda har doim ham g‘alaba qozonib bo‘lmaydi. Sportda eng kuchli shaxs bu mag‘lubiyatni hazm qila oladigan, engilganidan keyin yana kurashga qaytgan, raqibidan o‘chini ola bilgan sportchidir.
Bektemir Meliqo‘ziev katta ringdagi birinchi va yagona mag‘lubiyati kutilmagan holatda yuz berdi. 2021 yili amerikalik mashhur charm qo‘lqop ustasi Gabriel Rosadoga to‘qnash kelgan hamyurtimiz jangni katta ustunlik bilan boshlaganiga qaramay, uchinchi raundda tajribali raqibning qarshi hujumini o‘tkazib yuborib, nokautga tushib qoldi.
Kutilmagan mag‘lubiyat Bektemir Meliqo‘zievni chempionlik orzusini armonga aylantirishi ham mumkin edi. Lekin keyinchalik farg‘onalik bokschi ketma-ket Sergey Efimov, Devid Zegarra, Sladan Jandjanin, Ulises Serra kabi kuchli raqiblarni engib, yana yuqori natijalarga da’vo qila boshladi.
Nihoyat, hamyurtimiz o‘zini mag‘lub etgan Gabriel Rosadoga qarshi revansh jangida qatnashish imkoniyatga ega bo‘ldi. Bu gal Bektemir xato qilmadi. O‘n raund davomida raqibidan har tomonlama ustunligini isbotladi. Hakamlar bir ovozdan g‘alaba Bektemirniki ekanini tan oldi.
Jangdan keyin Meliqo‘ziev o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Rosadoga qarshi birinchi jangda men raqibimga etarlicha baho bermagandim. Bu gal yig‘inlar davomida katta tayyorgarlik ishlarini olib bordik. Hech narsani nazardan chetda qoldirmadik.
Ikkinchi jangdan ko‘zlagan maqsadimiz bokschi sifatida barcha ko‘nikmalarimizni namoyish qilish, raqibni qattiq jazolash edi.
Bu men xohlagan jang edi. Bu to‘qnashuvda birinchi uchrashuvdagi xatoni his qilib turdim, faoliyatimdagi eng katta mag‘lubiyat uchun o‘ch olish imkoniyati ekanini nazardan qochirganim yo‘q. Bu menga huzur bag‘ishladi, - dedi Bektemir Meliqo‘ziev.
Bokschimiz professional ringdagi 12-g‘alabasini nishonlash barobarida WBA Inter-Continental mintaqaviy chempionlik kamarini ham qo‘lga kiritdi. Shu bilan uning sovrinlari soni ikkitaga etdi. Chunki Bektemir shu yilning 28 yanvar amerikalik Ulises Serrani uchinchi raundda nokautga uchratib, WBO Global Super Middle kamarini o‘ziniki qilib olgandi.
Bektemir Meliqo‘ziev o‘z oldiga professional boks bo‘yicha jahon chempioni bo‘lish maqsadini qo‘ygan. Boks mutaxassislari va tahlilchilari bu maqsadni amalga oshirish uchun o‘zbek polvonida vaqt ham, kuch ham, salohiyat ham etarli ekanini ta’kidlamoqda.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring