Evro-2016. Paye so‘nggi daqiqada Fransiyaga g‘alaba keltirdi

Evropa chempionatining ochilish o‘yinida mezbonlar qiyinchilik bilan g‘alaba qozonishdi. Uchrashuv so‘ngida Dimitri Paye tomonidan urilgan gol Fransiyaga Ruminiya ustidan g‘alaba keltirdi.
Mezbonlar hali maydonga moslashib, ruhiy bosimdan chiqib ketmaslaridan avval Ruminiya gol urib olishni maqsad qilgan shekilli, 5-daqiqada Lorisning mahorati va omad tufayli to‘p Fransiya darvozasiga kirmadi. Burchakdan etkazilgan uzatmani ruminiyalik futbolchi bosh bilan to‘pni olis ustun tomon burdi. Nikolae Stanchu 2 metrdan zarba berdi. Loris chiziq ustidan zarbani qaytarishga muvaffaq bo‘ldi.
Keyinchalik Desham shogirdlari tezda o‘zlariga kelishdi va tanaffusga qadar kichik ustunlikka ega bo‘lishdi. Dastlab Jiru yaqin masofadan bosh bilan darvozaga aniq zarba bera olmagan bo‘lsa, Grizmanning boshda bergan zarbasini ustun o‘ziga qabul qildi.
Ikkinchi bo‘limning debyutini Ruminiya yana shunday boshladi — Stanku raqib jarima maydonchasi ichida to‘pni ko‘kragi bilan qaytardi, ammo zarba bera olmadi. Payening bir-biridan ajoyib uzatmalari nihoyat naf keltirdi. Dastlab Pogbaning kuchli zarbasini ruminlar posboni qaytargan bo‘lsa, oradan ko‘p o‘tmasdan yuqoridan berilgan uzatmani qaytarishda xatoga yo‘l qo‘ydi. Natijada Jiru bosh bilan hisobni ochdi.
Oradan ko‘p o‘tmasdan Viktor Kashshai Fransiya darvozasi tomon penalti belgiladi. Evra jarima maydonchasi ichida Bogdan Stankuni yiqitdi. Jabrlanuvchining o‘zi 11 metrli nuqtadan adashmdi.
O‘yin durang bilan tugaydigan ko‘rinayotgandi. Asosiy vaqt tugashiga 1 daqiqa qolganida Dimitri Paye raqib jarima maydonchasi tashqarisida to‘pni qabul qildi va himoyachilar orasida bo‘lishiga qaramay birdaniga zarba berdi. To‘p olis "to‘qqizlik"ka kirib ketdi!
O‘yin qahramoni o‘z muxlislariga g‘alaba quvonchini taqdim etdi.
Evro-2016, "A" guruhi, 1-tur
Fransiya – Ruminiya 2:1 (0:0, 2:1)
Gollar: 1:0 – 57 Jiru, 1:1 – 65, penalti Stanku, 2:1 – 89 Paye.
Fransiya – Loris, Koselni, Evra, Sanya, Rami, Matyuidi, Kante, Paye (Sissoko, 90), Pogba (Marsyal, 77), Grizmann (Koman, 66), Jiru.
Ruminiya – Teterushanu, Kirikesh, Ras, Sepunaru, Grigore, Stanchu (Kipchu, 72), Xoban, Pintiliy, Popa (Torje, 82), Stanku, Andone (Alibek, 61).
Ogohlantirishlar: Kirikesh (32), Ras (45), Jiru (68), Popa (78).
Manba: stadion.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing