Evro-2016. «Nemis mashinasi» musobaqani g‘alaba bilan boshladi

Evropa chempionatining "S" guruhida dastlabki turning ikkinchi o‘yini yakuniga etdi. Amaldagi jahon chempioni Germaniya terma jamoasi Ukrainani mag‘lub etishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda "Stadion.uz" xabar bermoqda.
Uchrashuvdagi hisob 19-daqiqada jarima zarbasidan so‘ng ochildi. Kroos o‘ng qanotdan havodan jarima maydoniga uzatma berdi. Mustafi baland sakrab, boshi bilan to‘pni darvozaning yuqori burchagiga joyladi.
Tanaffusga qadar Ukraina 3 marta gol urish uchun ajoyib imkoniyatga ega bo‘ldi. Ikki marta Noyer, bir marta Boateng jamoasini muqarrar gollardan qutqardi. O‘z navbatida Sami Xedira yakkama-yakka vaziyatda Pyatovni dog‘da qoldira olmadi.
Ikkinchi bo‘limda xavfli vaziyatlar soni dastlabkisidan kam bo‘lmadi. O‘yinning asosiy vaqtiga qo‘shib berilgan daqiqalarda nemislar qarshi tashkil qilishdi. O‘zilning chap qanotdan uzatmasini Shvaynshtayger raqib darvozasiga joylab qo‘ydi.
Ukraina yaxshi o‘yin ko‘rsatdi, yaxshi taassurot qoldirdi. Biroq "nemis mashinasi" ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing