13:06 / 14.05.2023
224

Natijaga erishish uchun vaqt kerak deb jar solayotganlar Boshkovichdan o‘rganinglar

Natijaga erishish uchun vaqt kerak deb jar solayotganlar Boshkovichdan o‘rganinglar
Superligada qator murabbiylarning iste’folari kuzatilyapti va barchasidan yaxshi xabardor bo‘lsangiz kerak. Murabbiy o‘zgartirishdan maqsad nima? Natijani yaxshilash. Aytaylik, “Turon” ham murabbiyini o‘zgartirdi va rossiyalik Denis Bushuyev olib kelindi. Biroq bu o‘zgarish hozircha o‘zini oqlayotgani yo‘q. Chunki “Turon” ushbu mutaxassis boshchiligida ketma-ket uchta uchrashuvdan beri mag‘lubiyatga uchrayapti. Murabbiy o‘zgartirishi borasida eng to‘g‘ri tanlov “So‘g‘diyona”da bo‘lgan ekan-a?!
 
Yorqin Nazarov bosh murabbiyligidagi “So‘g‘diyona” bilan Ivan Boshkovich boshqarayotgan “So‘g‘diyona” o‘rtasida albatta farq bor. Chempionatni omadsiz boshlab, mag‘lubiyatlar seriyasini qayd etgan jamoa endilikda g‘alabali seriyaga tushib oldi. Hammasi nimadan boshlandi? Tabiiyki, bosh murabbiy o‘zgarishidan!
 
Yorqin Nazarovga hurmatni saqlagan holda aytamizki, jamoa uning boshchiligida hali g‘alaba qozona olmayotgandi. 1 durang va 3 mag‘lubiyat qayd etilgandi. To‘g‘ri, jamoani o‘zining uslubiga moslashtirgunicha yana biroz vaqt kerak edi. Biroq rahbariyat va muxlislarning natijalardan xursand emasliklari aniq edi. Rahbariyat esa murabbiyni o‘zgartirishni lozim topdi va buning uchun eng maqbul variant sifatida chernogoriyalik Ivan Boshkovich nomzodi ma’qul ko‘rildi.
 
U yaxshi mutaxassisligini “Bunyodkor”dagi ishi orqali ko‘rsatib qo‘ygandi. Yaxshi murabbiylar uzoq vaqt ishsiz qolib ketmasliklarini Boshkovich misolida ham ko‘rdik. Ivan “Bunyodkor”dan ketib oradan ko‘p o‘tmasdan Jizzaxda ish boshladi. Rahbariyatning tanlovi o‘zini oqlayotganini natijalarda eks eta boshladi. Endilikda jizzaxliklar tubdan farq qilayotgandek. Boshkovich jamoa ishqibozlarini xursand qila olishini ko‘rsata olmoqda. “So‘g‘diyona” ketma-ket 3 ta bellashuvdan beri g‘alaba qozonib kelyapti.
 
“So‘g‘diyona” bungacha Superligada o‘z o‘rni borligini ko‘rsatib, sovrindorlar qatoridan joy olganini bilamiz. Raqobatbardosh jamoaning bu yilgi mavsumni omadsiz boshlagani rahbariyatga ham, ishqibozlarga ham og‘ir botgan ko‘rinadi. Boshkovich ularga yana umid bag‘ishlayapti. Odatda, murabbiy almashgach, natija kelishi uchun vaqt kerakligi aytiladi va bu aslida ham to‘g‘ri. Yuqorida bejizga “Turon” va uning ustozini misol keltirmadik. Yaypanliklar bosh murabbiy o‘zgarsa ham faqat yutqazyapti.
 
Buni qarangki, bu turda Boshkovich va Bushuyev to‘qnashuviga guvoh bo‘ldik va unda Ivanning qo‘li baland keldi. Uchrashuvdan keyin “Turon” murabbiyi jamoasini taniy olmaganini va raqib haqqoniy tarzda g‘alaba qozonganini tan oldi. Shu bilan birga Bushuyev natijani ijobiy tarafga o‘zgartirish uchun vaqt kerakligini aytdi. Ammo Boshkovichga vaqtni kutish ham kerak emas ekan. Ko‘ryapsizmi, u mag‘lubiyatlar girdobiga tushib qolgan “So‘g‘diyona”ni endi g‘alabalar seriyasiga aylantira oldi. Bu nimadan darak? Ivanga natijalarni yaxshilash uchun vaqt kerak, degan tushuncha yotmi?
 
“So‘g‘diyona” chindan “Turon”ga hech qanaqa imkoniyat qoldirmadi va haqli tarzda yutdi. O‘tgan turda Farg‘onada “Andijon” bilan bahsda omad ham ular tomonida bo‘ldi. Ayniqsa, ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida raqib futbolchisining maydondan chetlatilishi mehmonlarga qo‘l kelgandi. Bundan tashqari, o‘shanda bosh murabbiyning o‘yinchi almashtirishlari ham o‘zini oqlagani e’tiborga molik.
 
Yanada qizig‘i, Boshkovich bu tarkibni o‘zi tuzmagan. U Yorqin Nazarov yig‘gan tarkib bilan ishlayapti va eplayapti. Shuning uchun chernogoriyalik mutaxassisga qoyil qolsa arziydi. Yana bir karra Boshkovich iste’dodli mutaxassis ekanligini namoyish eta olyapti. Jamoani qisqa fursat ichida o‘zining o‘yin falsafasiga moslashtirayotgani va buning ortidan natija ham bo‘layotgani diqqatga sazovor. Shu ketish bo‘lsa “So‘g‘diyona” Boshkovich bilan yana avvalgidek sovrinli o‘rinlar uchun kurashadigan jamoaga aylana olishi mumkin. Ta’bir joiz bo‘lsa, “So‘g‘diyona” rahbariyati murabbiy tanlashda adashmadi va endilikda Boshkovichning reytingi ham oshib borayotgani rost.
 
Shuhratbek Jo‘rayev.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Natijaga erishish uchun vaqt kerak deb jar solayotganlar Boshkovichdan o‘rganinglar