Evro-2016. Germaniya - Polsha o‘yinida hisob ochilmadi

Germaniya va Polsha terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yinda hisob ochilmadi. Bu Evropa chempionatidagi ilk golsiz o‘yin bo‘ldi. Bu haqda "Stadion.uz" xabar berdi.
Birinchi bo‘limda jamoalar ehtiyotkorona o‘ynadilar, iloji boricha himoyada xatoga yo‘l qo‘ymaslik haqida qayg‘urildi. Ustunlik Germaniya tomonda bo‘ldi. Ular bir qancha yaxshi imkoniyatlardan foydalan olishmadi.
4-daqiqada chap qanotdan jarima maydoniga oshirilgan to‘pni Mario Gyotse boshi bilan darvoza tomon yo‘lladi. To‘p noaniq ketdi. Oradan sal o‘tgach, Myuller chap qanotdan to‘pni jarima maydoniga etkazganida, Kroos yaqin masofadan darvoza tomon kuchli zarba yo‘lladi. Uning zarbasi ham noaniq bo‘ldi.
Shundan so‘ng o‘yin biroz tinchlandi. Polsha ham dadil hujumga o‘tib, raqib darvozasi oldiga yaqinalashib bordi. Ammo ish xavfli vaziyatlargacha etib bormadi.
Ikkinchi bo‘limda vaziyat o‘zgarmadi. To‘pga egalik qilishda nemislar ustun bo‘lishdi. Biroq Polsha ham bir qator xavfli vaziyatlarni yarata oldi.
46-daqiqada o‘ng qanotdan oshirilgan to‘pni Milik yaqin masofadan darvozaga yo‘llay olmadi. Unga hech kim halal bermayotgandi. Shu zahotiyoq uyushtirilgan qarshi hujumda Gyotse hisobni ochishi mumkin edi. U o‘ng qanotdan jarima maydoniga yolg‘iz kirib keldi va zarba yo‘llaganida darvozabon qaytara oldi.
Bo‘lim o‘rtasida Polsha ketma-ket uchta vaziyatni ko‘kka sovurdi. Milik chamasi 26 metrdan jarima zarbasini amalga oshirdi. Uning zarbasidan so‘ng to‘p darvoza ustuni yonidan o‘tib ketdi. Oradan biroz o‘tgach, Levandovski Noyer bilan yakkama-yakka chiqib, zarba yo‘llamoqchi bo‘lganida, Boateng to‘p yo‘lini to‘sib qoldi.
69-daqiqada esa Milik raqibni yana bir bor kechirdi. Grosiski chap qanotdan to‘pni jarima maydoniga etkazib berganida, Milik to‘pga tayinli zarba berolmadi.
So‘nggi daqiqalar Germaniya ustunligida o‘tdi. 86-daqiqada Hyovedes ajoyib kombinasiyadan so‘ng darvozabon bilan yuzma-yuz chiqqandi, biroq himoyachilar uning zarbasini to‘sib qolishdi.
Shu tariqa Germaniya va Polsha durang natija qayd etishdi.
16 iyun, Parij, «Stad de Frans»
Germaniya – Polsha 0:0
Germaniya – Noyer, Boateng, Xektor, Xevedes, Xummels, Getse (Shyurrle, 66), Kroos, O‘zil, Xedira, Draksler (Gomes, 72), Myuller.
Polsha – Fabianski, Glik, Enjeychik, Pishchek, Pazdan, Blashchikovski (Kapustka, 80), Krixovyak, Monchinski (Yodloves, 76), Grosiski (Peshko, 87), Milik, Levandovski.
Ogohlantirishlar: Xedira (3), O‘zil (34), Monchinski (45), Grosiski (55), Boateng (67), Peshko (90). “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing