05:25 / 24.05.2023
398

O‘zbekiston terma jamoasi qay tarzda mag‘lubiyatdan qutilib qoldi?

O‘zbekiston terma jamoasi qay tarzda mag‘lubiyatdan qutilib qoldi?

Argentinadagi 20 yoshgacha futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionati davom etmoqda. O‘zbekiston terma jamoasi guruh bosqich ikkinchi turida Yangi Zelandiya bilan kuch sinashdi.

Uchrashuv Umarali Rahmonaliev va Abbosbek Fayzullaevning faolligi bilan boshlandi. Xatto 5-daqiqada Rahmonaliev jarima maydoni tashqarisidan kuchli zarba berdi. Ammo noaniq.

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay raqib himoyachisining xatosidan so‘ng Nodir Abdurazzoqovda qulay imkoniyat yuzaga keldi. U to‘pni o‘ziga bo‘ysundirib, posbonni aldab o‘tdi. Biroq to‘p uchun kurash yon tomonga ko‘chgani bois Abdurazzoqov biroz shoshilib qolib, vaziyat qo‘ldan boy berdi.

Yangi Zelandiyada chiziqlar o‘rtasida bog‘lam yo‘qligi ko‘rindi. Terma jamoamiz esa gol urishga shoshilishi natijasida, ayrim xatolarga yo‘l qo‘ydi.

21-daqiqada Abbosbek chap qanotdan jarima maydoniga yorib kirib, zarba berdi. Lekin to‘p yo‘liga himoyachi to‘g‘anoq bo‘lib, xavfni bartaraf etdi.

O‘yinda to‘liq ustunlikka erishgan vakillarimiz taym o‘rtalarida to‘pni oldirib qo‘yishdi. Benjamen Uolles esa masofa uzoq bo‘lishiga qaramay chap oyoqdagi kuchli zarbasi bilan hisobni ochishga erishdi.

Goldan so‘ng raqibimiz o‘yinni o‘z jarima maydonidan Boymurodov darvozasi tomonga ko‘chirdi. Bizda esa uzatmalarda xatolar ko‘paydi.

35-daqiqada Umarali o‘ng qanotda ochilib borayotgan sherigi Nodirga pas berdi, u esa raqibni aldashga kirishib ketgani bois himoyachilar o‘z joylariga etib kelib, vaziyatni bartaraf etishdi.

Taym oxirlariga yaqin yana to‘pni oldirib qo‘ydik. Bundan Jey Xerdman foydalanib qoldi. E’tiborlisi, Yangi Zelandiya terma jamoasi a’zosi uzoq masofadan baland bo‘yli posbonimiz Otabek Boymurodovni dog‘da qoldirdi. Zarba aniq va kuchli chiqdi.

Ko‘plab vaziyatlarni boy bergan Nodir Abdurazzoqov ikkinchi taym boshida o‘z o‘rnini Sherzod Esanovga bo‘shatib berdi. Nodir imkoniyatlaridan foydalana olmadi.

51-daqiqada nihoyat, hamyurtlarimiz niyatlariga erishdi. Abbosbek Fayzullaev ajoyib kombinatsiyadan so‘ng darvozani ishg‘ol qildi.

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, Umaralida ham vaziyat bo‘ldi. Ammo uning zarbasiga aniqlik etishmadi. Birinchi bo‘limdagi kabi ustunlikka erishdik va vaziyatlarni qalashtirib tashladik. Biroq… Tanaffusda Ravshan Haydarov shogirdlariga imkon tug‘ildi deguncha, uzoq masofadan tepish kerakligini uqtirgan shekilli, olisdan zarbalar ko‘paydi.

69-daqiqada Abbosbek uzoq masofadan kuchli zarba berdi. U tepgan to‘pni darvozabon qiyinchilik bilan qaytardi. Keyingi holatda Fayzullaev qulay pozitsiyaga chiqib borayotgan Po‘latxo‘ja Xoldorxonovni to‘p bilan ta’minladi. Hujumchimiz tepgan to‘p yo‘liga himoyachi oyog‘ini qo‘yishga ulgurdi.

Zaxiradan maydonga tushgan Rustam Turdimurodovda o‘zini ko‘rsatishi uchun imkoniyat bo‘ldi. Biroq u ham jamoadoshlari kabi qarshisidagi raqibini aldab o‘tib zarba berguncha, himoyachilar blok qo‘yish evaziga posbongacha ish qoldirishmadi.

Ikkinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqada Sherzod Esanov o‘ng tomondan uzatilgan to‘pni boshi bilan bo‘sh darvozaga kiritib, muvozanatni tikladi - 2:2.

Uchrashuv ham shu tarzda durang bilan yakunlandi. Ravshan Haydarov shogirdlari mag‘lubiyatni durangga aylantira oldi. Biroq ko‘kka sovurilgan vaziyatlar baribir o‘z so‘zini aytdi. Ya’ni kuchsiz hisoblangan raqib bilan ochkolarni bo‘lishishga majbur bo‘ldik. Guruhdan chiqish imkoniyatini saqlab qoldik!


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston terma jamoasi qay tarzda mag‘lubiyatdan qutilib qoldi?