17:53 / 24.05.2023
850

U-20 Mundial. O‘zbekiston pley-offga chiqishi uchun qanday imkoniyatga ega?

U-20 Mundial. O‘zbekiston pley-offga chiqishi uchun qanday imkoniyatga ega?
Kecha tunda Ravshan Haydarov boshqaruvidagi yoshlar jamoamiz Yangi Zelandiya bilan 2:2 hisobida durang o‘ynaganidan xabaringiz bor. 3-tur oldidan, jamoamizning keyingi bosqichga chiqish imkoniyatlarini ko‘rib chiqamiz.
 
Xo‘sh, bizni Gvatemala bilan bahsdagi qanday natija qanoatlantiradi? Narigi o‘yindagi hisob guruhdagi holatga ta’sir qiladimi? Keyingi raqiblarimiz kim bo‘ladi?
 
O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi Jahon chempionatining guruh bosqichi 2-turi doirasida o‘tkazilgan Yangi Zelandiyaga qarshi o‘yinning so‘nggi daqiqalarida mag‘lubiyatdan qutulib qolib, keyingi bosqichga chiqish imkoniyatini saqlab qoldi. Shunga qaramay, barchasi o‘z qo‘limizda deb bo‘lmaydi.
 
So‘nggi turda jamoamiz Gvatemala ustidan 2 ta to‘p farqi bilan g‘alaba qozonsa hamda Argentina Yangi Zelandiyani mag‘lub etsa, O‘zbekiston 2-o‘rin bilan keyingi bosqichga chiqadi. Reglamentga ko‘ra, 6 guruhdagi eng yaxshi natija qayd etgan 4 ta uchinchi o‘rin sohiblari ham pley-off yo‘llanmasiga ega chiqadi.
 
Agar Yangi Zelandiya so‘nggi turda mezbonlarga yutqazmasa (durang yoki g‘alaba), unda yoshlarimiz 3-o‘rin bilan keyingi bosqichga chiqishlari mumkin. 3-o‘rinni egallaganlar reytingini tuzishda quyidagi ko‘rsatkichlar inobatga olinadi:
 
1) to‘plangan ochkolar;
2) to‘plar farqi;
3) urilgan gollar soni;
4) "halol o‘yin" ochkolari (sariq va qizil kartochkalar sarhisobi);
5) qur’a.
 
4 ochko jamg‘ara olsak, eng yaxshi uchinchi o‘rin egallari qatorida bo‘lish ehtimolimiz juda yuqori. Sababi, bizda to‘plar nisbati ham hozirgi holat uchun yaxshi. Biz uchun aslida ideal yechim 3-turda Argentinaning yirikroq hisobda g‘alaba qozonishi, Gvatemalani yengishimiz bilan parallel sodir bo‘lishi.
 
Bu holat sodir bo‘lsa, ortiqcha muammosiz 4 ochko jamg‘argan holda ikkinchi pog‘onani zabt etish imkoniyatimiz bor. Yana bir quvonarli jihati shundaki, ayni damda Yangi Zelandiyada 4 ochko mavjud. Ular guruhda birinchi o‘rinni olish imkoniyatini saqlab turibdi. Argentina pley-offda nisbatan kuchsizroq raqiblar bilan to‘qnash kelish uchun ham Okeaniya mintaqasi vakilini mag‘lub etishga urinadi. O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi. Agar 2-o‘rinni olsak, pley-offda qaysi guruhdagi jamoalardan biri bilan to‘qnash kelamiz?
 
O‘zbekiston guruhda 2-o‘rinni egallasa, "C" guruhida (Kolumbiya, Yaponiya, Senegal, Isroil) 2-o‘rinni egallagan jamoa bilan nimchorak finalda to‘qnash keladi.
 
O‘zbekiston guruhda 3-o‘rinni egallasa, nimchorak finalda "B" (AQSH, Slovakiya, Ekvador, Fiji) yoki "C" guruhi g‘olibiga qarshi maydonga chiqadi.
 
Bugun Jahon chempionatida ikkinchi tur o‘yinlari davom ettiriladi. Pley-off masalasini hal etish o‘z qo‘limizda. Gvatemala ustidan qozonilgan g‘alaba bizni kamida 3-o‘rin bilan bo‘lsada turnirdagi yurishimizni davom ettirish imkoniyatimizni keskin oshiradi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » U-20 Mundial. O‘zbekiston pley-offga chiqishi uchun qanday imkoniyatga ega?