Ancha vaqt “Paxtakor”da sport direktori sifatida ishlab kelgan mutaxassis Ja’far Irismetovni yaxshi bilasiz. O‘z vaqtining mashhur futbolchilaridan biri bo‘lgan Irismetov hozirda biror klubda ko‘rinish bergani yo‘q.
Biroq oxirgi paytlarja uning xizmatiga qiziqish bildirayotgan jamoalar bo‘lmoqda. Qolaversa, ish o‘rganish uchun safarlarga ham borib keldi. Quyida mutaxassis Sports.uz saytiga quyidagilarni aytdi:
"Har xil gap-so‘zlar ko‘payib ketdi, - deya gap boshladi, Irismetov. - To‘g‘risini aytsam, Superliganing ikkita jamoasi bilan gaplashilgan. Menimcha, odamlar o‘zgargisi kelmaydimi, deymanda. Siz taklif qilayotgan idea va g‘oyalarni balki noto‘g‘ri tushunishyaptimi? Ko‘pincha klubni rivojlantirish haqida gap-so‘z ketmaydi. Kelajak haqida kam gapiriladi. Yarim yillik ishlar bilan cheklanib qolish ham bo‘lmaydi. O‘ylashimcha, bir joyga ishga bordingizmi, joningizni berib ishlashingiz kerak. Natija ko‘rsatish uchun boriladi.
Shunchaki, ishlash uchun emas. Shaxsan meni nomigagina ishlagim kelmaydi, natija ko‘rsatish uchun boraman. Hammasi Allohdan. Ligada qolish uchun kurashadigan jamoada yuraversangiz ham bo‘lmaydi. Bir xil jamoalar borki, ularni xafa qilgim kelmaydi, lekin doim maqsadi Superligada qolish bo‘lib qolaveradi. Kelajagi bor va yaxshi kelajakni xohlayotgan rahbarlar bilan ishlash boshqacha. Bu bilan men gaplashgan klublar shunaqa demoqchi emasman. Faqat natija qilmoqchi bo‘lgan joyga borgan yaxshiroq. Xudo nasib qilsa ish boshlagimiz kelyapti. Ancha payt uyda bo‘ldik.
To‘g‘ri, ikkita marta safarga bordim. Ham dam, ham ish bo‘ldi. Turkiyaga bordim, 2-3 ta joylarni ko‘rib keldim. Mayli, ularni yoritmadim. So‘ng Qozog‘istonning “Qayrat” jamoasiga ham bordim. Akademiyalarini ko‘rdim. Hattoki, “Qayrat” akademiyasida yaratilgan sharoit va imkoniyat bizni birorta Superligamizdagi jamoada yo‘q deb o‘ylayman. Bizni futbolni ham shunaqa darajaga ko‘tarilishini xohlardim. Eshitish boshqa, ko‘rish boshqa. O‘zim esa u erga borib hammasini ko‘rdim. Menimcha, shunaqa saviyaga ko‘tarilish kerak. Men oddiy akademiya haqida gapiryapman.
“Paxtakor”dan ketganimdan keyin ham ishlashga tayyor edim. Xudo nasib qilgan kuni ishlarmiz. Aytyapman-ku, ishlashga yarasha qandaydir natija qilish uchun ishlagim kelyapti. Shunchaki, vaqt o‘tkazgim kelmaydi. Ishlash vaqtim keldi emas, allaqachon ishga kirishishim kerak edi. Ko‘p narsa gaplashish jarayonida qolib ketyapti. Ba’zi klublarni o‘zgargisi kelmayapti, oldin qanday bo‘lsa, shundayligicha qolgisi kelyapti. O‘sish haqida o‘ylash yo‘q”, - dedi Ja’far Tursumboevich.
Shuhratbek Jo‘raev.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring