24 iyun kuni Qozog‘istonning Almati shahrida “Oktagon 46” turniri tashkil etildi va unda jang qilgan hamyurtimiz Suxrobbek Otajonov (5-1) qozog‘istonlik Alisher Gazizni bo‘g‘ish uslubi bilan mag‘lub etgan holda, unga ilk mag‘lubiyatini taqdim etgandi. Albatta, ushbu yurtdoshimiz anchagina iqtidorli va u oktagon promousheni chempionligiga ham da’vogarlik qilsa, ajab emas. Xullas, biz ushbu jangchimiz bilan bog‘lanib, qisqacha suhbatda bo‘ldik.
- Assalomu alaykum. Suxrobbek so‘ngi jangingizdagi chiroyli g‘alaba bilan tabriklaymiz!
- Assalomu alaykum. Rahmat.
- “Oktagon 46” turniridagi raqibingiz Alisher Gaziz haqida qanday fikrdasiz?
- Yaxshi sportchi, kurashim kuchli bo‘lgani uchun uning ustidan g‘alaba qozondim, deb hisoblayman.
- Demak, ba’zangiz kurash?
- Ha, erkin kurash.
- Adashmasam faoliyatingizda bitta mag‘lubiyat tojikistonlik jangchida qabul qilib olingan. U bilan revansh istagi kuchli bo‘lsa kerak?
- U bilan revansh qiziq emas. Chunki oldimizga boshqa jangga tayyorgarlik turibdi.
- Yanglishmasam siz Dubayda Husan Majlimov qo‘l ostida ham shug‘ullangandingiz?
- Albatta, Husan akani qo‘l ostida mashg‘ulotlar olib bordim. Juda yaxshi inson va tajribali murabbiy, deb bilaman.
- Dubayda UFC chempioni Aldjo Sterling bilan sparringda ishtirok etganmidingiz?
- Sterling bilan sparring qilmaganman. Chunki uning jangiga sanoqli kunlar qolgan edi. Ular jarohatdan qo‘rqib, faqat o‘zlarining jamoasidagilar bilan ishlashgan. Meni unga kurashda yordam berishimni so‘rashgan.
- Faoliyatingizni Oktagon promoushenida davom ettirasizmi yoki yanada jiddiy chorlovlar bormi?
- Hozircha Oktagon ligasi chempioni bo‘lishni maqsad qilganman.
- O‘zingizni vazn toifangizda (61,2 kg) o‘zbekistonlik 3 ta eng kuchli jangchilar deb kimlarni bilasiz?
- To‘g‘risini aytsam, men o‘zimizning jangchilardan ko‘ra, jahon reytingidan o‘rin olganlarni ko‘proq kuzataman. Shu uchun bu borada biror fikr bildira olmayman.
- Unda jahon MMA olamidagi o‘z vazningizda siz xavas qilgan va yoqtirgan 3 jangchi kimlar?
- Pyotr Yan, Umar Nurmagomedov, Aljameyn Sterling.
- Bu vazn toifasida hamyurtimiz Saidyoqub Qahramonov ham bor...?
- Albatta, Qahramonovni ham kuchli jangchi deb hisoblayman.
- Murabbiyingiz Dmitriy Xudyakov haqida qanday taassurotlar bilan o‘rtoqlasha olasiz?
- Albatta, ijobiy fikrdaman. Nafaqat yaxshi murabbiy balki ajoyib inson!
- Sizning nazdingizda O‘zbek MMA olamining uchta legendasi kimlar?
- Murod Xonto‘raev, Nursulton Ro‘ziboev va Sunnat Ilyasov.
- Navbatdagi jangingiz qachon va Oktagon promousheni chempionligi uchun yana nechta jang o‘tkazishingiz lozim bo‘ladi?
- Nasib qilsa, sentyabr oyida Oktagon ligasida chempionlik jangim bo‘ladi.
- O‘zi umuman o‘ta engil (61,2 kg) vaznda Oktagon ligasi chempioni kim va sentyabrda ushbu chempionga qarshi jang qilasizmi?
- Vazn toifamizda qirg‘izistonlik Ilimbek Aklbek Uulu chempion edi. U AQShga yo‘l olmoqda va chempionlik kamari vakant bo‘lib qoladi. Shunda chempionlikka da’vogar yana bir raqibga qarshi titul uchun jang qilamiz.
- Bu borada sizga omad tilaymiz!
- Katta rahmat!
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!