Evro-2016. Portugaliya — chorak finalda!

Evropa chempionatida uchinchi chorak finalchi jamoaning nomi aniq bo‘ldi. Portugaliya terma jamoasi qo‘shimcha bo‘limlarda Xorvatiya darvozasiga g‘alaba keltiruvchi golni urishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda Stadion.uz yozmoqda.
Tan olish kerak, bu o‘yinda turnirdagi eng zerikarli bahslardan biri bo‘ldi. Har ikkala jamoa yopiq o‘yin namoyish qildi, hech kim tavakkal qilishni istamadi. Xorvatlar to‘pni ko‘proq nazorat qilishdi, ammo bu jihat ularga foyda keltirmadi. Birinchi bo‘limda terma jamoalar darvoza tomon birorta ham aniq zarba bera olishmadi.
Ikkinchi bo‘limda Chachich shogirdlari standartdan hisobni ochishlari mumkin edi. O‘ng qanotdan Srna jarima to‘pi o‘yinga kiritdi. Vida tomonidan berilgan zarba natijasida to‘p shundoqqina ustun yonidan o‘tib ketdi.
Asosiy vaqtda hisob ochilmagach, qo‘shimcha bo‘limlar belgilandi. Ularning ikkinchisida jamoalar nisbatan ochiq o‘yin namoyish qila boshlashdi. Jumladan, Xorvatiya 3ta o‘ta qulay imkoniyatni golga aylantira olmadi. Burchak to‘pini o‘yinga kiritilgan paytda Patrisiu Pepening oyog‘iga qoqilib yiqilib tushdi. Vida 4 metrdan bosh bilan bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol qila olmadi. Oradan 3 daqiqa o‘tib Brozovich maydon markazida Pepedan ajoyib tarzda o‘tib ketdi va chap tomondan jarima maydonchasiga kirib, darvoza oldiga uzatma berdi. To‘pni darvozaga burib qo‘yadigan futbolchi topilmadi.
Keyingi hujumda Perishich bosh bilan bergan zarba natijasida to‘p ustunga tegib qaytdi va to‘pni egallagan portugaliyaliklar qarshi hujumda g‘alaba to‘pini kiritishdi. Sansheshdan uzatma qabul qilgan Nani chiroyli pas bilan Ronalduni birga bir vaziyatga chiqardi. Krishtianuning zarbasini Subashich qaytardi. Kuarejma bosh bilan bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol qildi!
Portugaliya chorak finalda Polshaga qarshi maydonga chiqadi. Bu o‘yin 30 iyun kuni bo‘lib o‘tadi.
Evro-2016, Nimchorak final
Xorvatiya – Portugaliya 0:1 (0:0)
Gol: 0:1 – 117 Kuarejma.
Xorvatiya – Subashich, Chorluka (Kramarich, 120), Strinich, Srna, Vida, Modrich, Badel, Rakitich (Pyasa, 110), Brozovich, Perishich, Mandjukich (Kalinich, 88).
Portugaliya – Ruy Patrisiu, Pepe, Gerreyru, Soaresh, Fonte, Vilyam Karvalyu, Adrien Silva (Danilu Pereyra, 108), Nani, Joau Mariu (Kuarejma, 87), Andre Gomesh (Sanshesh, 50), Ronaldu.
Ogohlantirish: Vilyam Karvalyu (78). “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing