Eldor Shomurodovning Italiya yuqori divizionidagi faoliyati turli bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. O‘zbekiston terma jamoasi yetakchisi 2020 yilning oktyabridan beri kuchli beshlik chempionatlaridan biri hisoblangan A Seriyada o‘ynab kelmoqda.
Legionerimiz Rossiya Premer-ligasi vakili “Rostov”dagi uch yillik faoliyatidan keyin jami 9 million yevro evaziga “Jenoa”ga ko‘chib o‘tgandi.
Eldorning debyuti muvaffaqiyatli chiqdi. Genuya klubida dastlabki mavsumda sakkizta gol urgan hujumchimiz “Yuventus” va “Roma” kabi grand klublar nazariga tushdi.
Taqdir uni Rimga yetakladi. “Roma” bu transfer uchun “Jenoa”ga 18 million yevro to‘lagani Eldorning debyut mavsum muvaffaqiyatli chiqqanini isbotlaydi.
Biroq, Shomurodov “Roma”ning asosiy tarkibidan muqim o‘rin egallay olmadi. Buning o‘ziga yarasha sabablari borligini hamma biladi. Joze Mourino hujumchimizni bir yarim yil zaxirada olib o‘tirib, shu yil yanvar oyida “Spetsiya”ga ijaraga berishga ko‘ndi. Liguriyadagi o‘yinlari ham idealdan ancha uzoq bo‘ldi.
Yana Shomurodov oldida o‘ziga boshqa jamoa topish vazifasi paydo bo‘ldi. Bu holat ko‘p muhokama qilinmoqda. Xususan, italiyalik taniqli jurnalist Massimo Franki 28 yoshli futbolchimizning A Seriyadagi imkoniyatlarini juda past baholayapti.
- “Spartak” Eldor Shomurodovga taklif bildiribdi. Eldor Italiya chempionati talabiga javob bermaydi. U braziliyalik, argentinalik, fransiyalik, ispaniyalik, angliyalik yoki ispaniyalik emas. Shomurodov o‘zbekistonlik, saviyasi talab qilinganidan pastroq.
“Roma” bu futbolchi bilan 2026 yilning yozigacha shartnoma tuzgan va shuning uchun ham Shomurodov bu yerdan ketishni istamayapti.
Ayni paytda u Rossiyadan ko‘ra, o‘zi uchun yanada yaxshiroq taklif tushishini kutyapti. U nega “Spartak”ga rad javobini berganini tushunish qiyin emas, - dedi Tuttosport nashri jurnalisti Massimo Franki.
Ta’kidlash joizki, Eldor Shomurodovda hozirning o‘zida boshqa variantlar ham bor. Yaqinda o‘zbek hujumchisiga Gretsiyaning PAOK va Turkiya Superligasining amaldagi g‘olibi “Galatasaroy”dan jiddiy qiziqish bo‘layotgani haqida ma’lumotlar tarqatilgan edi.
Aslida Joze Mourino Eldor Shomurodovga yetarli darajada o‘yin amaliyoti bermay qo‘yganidan keyin o‘zbek hujumchisiga Angliya, Ispaniya, Fransiya, Germaniya, Turkiya, Rossiya, Saudiya Arabistoni va Osiyoning bir necha mamlakatlaridan chorlovlar bo‘lgan. Biroq, legionerimiz Italiyada qolish maqsadida bu takliflarni qabul qilmadi.
Bundan tashqari, so‘nggi bir yil ichida Shomurodovni so‘rab, “Torino”, “Sampdoriya”, “Sassuolo”, “Monsa”, “Kremoneze”, “Udineze” kabi jamoalari Rim klubiga murojaat qildi. Joze Mourino aksariyat holatlarda Eldorning transferiga ko‘nmadi. Portugaliyalik mutaxassis faqatgina “Spetsiya”ga ijaraga berish variantiga ko‘ndi xolos.
Klublar miqyosida ishi yurishmayotganiga qaramay, Eldor Shomurodov O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida sermahsul o‘yin ko‘rsatmoqda. Hozircha, mamlakatimiz bosh jamoasida 65 ta uchrashuvda maydonga tushgan hujumchi o‘z hisobiga 37 ta gol yozdirib qo‘ydi va bu ko‘rsatkich bo‘yicha mutlaq rekordchiga aylandi.
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring