12:05 / 10.07.2023
467

Bu Shohjahon Ergashevga yaxshi xabar!

Bu Shohjahon Ergashevga yaxshi xabar!

Professional boksning nufuzli yo‘nalishlaridan biri – Xalqaro boks federatsiyasi (IBF) super yengil vazn toifasida (63,5 kg) IBF chempioni Sabriel Matias va Shohjahon Ergashev jangiga buyruq bergani haqida xabar tarqatgan edik.

Xalqaro tashkilot tomonidan mazkur jang 25 avgustga qadar tashkil etilishi kerakligi ta’kidlangan. Har ikkala bokschining vakillari muzokaralar jarayonida ekani xabar qilingan. Tomonlarga jangni tashkil qilish bo‘yicha kelishib olish uchun bir oy muhlat berilgan.

Yengilmas bokschimiz Shohjahon Ergashev xalqaro tashkilot qarori bo‘yicha o‘tkaziladigan jangga munosabat bildirgan edi.

- Mening xarakterim nimanidir yarim yo‘lda tashlab ketishga yo‘l qo‘ymaydi. Men har doim ishlarimni oxiriga yetkazib qo‘yaman, - deb yozgandi Shohjahon Ergashev istagramdagi sahifasida.

Aslida amaldagi chempion Sabriel Matias 26 avgust kuni ushbu vaznda chempionlik kamariga 2017-2018 yillarda egalik qilgan qozog‘istonlik Sergey Lipines bilan himoya jangini o‘tkazishi kerak edi. Biroq bu to‘qnashuv keyinga qoldirilgani e’lon qilindi.

Natijada bu vaznda reytingda uchinchi pog‘onani egallab turgan hamyurtimizda chempion bilan ringda uchrashish imkoni tug‘ildi.

Sobiq jahon chempioni Sergey Lipines bu borada o‘z fikri bilan o‘rtoqlashdi.

- Bu Shohjahon Ergashev uchun yaxshi xabar. Men uni tarbriklayman. Titul jangiga yana bir qadam yaqinlashadi. Menimcha, bu Sabriel Matias uchun ixtiyoriy himoya jangi. Agar g‘alaba qozonsa, keyingisi majburiy himoya jangi bo‘ladi, - dedi Sergey Lipines.

Endi IBF yo‘nalishining eng kuchli vakillari hisoblangan bu uch bokschisining rekordiga nazar tashlaymiz.

34 yoshli Sergey Lipines professional ringda 20 ta jang o‘tkazib, 17 ta uchrashuvda raqiblari ustidan g‘alaba qozongan. Shulardan 13 tasida muddatidan oldin g‘olib chiqqan. Ikki marta mag‘lubiyat alamini totib ko‘rgan va bitta durang qayd etgan.

Shohbahon Ergashevning bo‘lajak raqibi Sabriel Matias o‘ta kuchli pancherlardan hisoblanadi. Puerto-rikolik charm qo‘lqop ustasi 20 ta jangdan 19 tasida zafar quchgan. G‘alabali janglarining barchasini muddatidan oldin yakunlagan. Matias 2020 yilning fevralida kutilmaganda rossiyalik Petros Ananyanga qarshi o‘tkazilgan bahsda yutqazib qo‘ydi.

31 yoshli Matias faoliyati davomida Jeremias Ponse (30-0-0), Botirjon Jukembayev (18-0-0), Malik Xokins (18-0-0), Maksim Dadashev (13-0-0) kabi yengilmas bokschilarni ham nokautga uchratgan.

Shohjahon Ergashev Lipines va Matiasdan farqli ravishda mag‘lubiyatsiz odimini davom ettirmoqda. 31 yoshli bokschimiz hozirga qadar 23 ta jangni o‘z foydasiga hal qilgan. Shulardan 20 tasida muddatidan oldin g‘alaba qozongan.

Ergashev professional faoliyati davomida Mikal Foks (19-0-0) hamda Sonni Fredrikson (18-0-0) kabi amerikalik bokschilarni ilk bor ringni mag‘lub tarzda tark etishga majbur qilgan.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Bu Shohjahon Ergashevga yaxshi xabar!
ePN