22:16 / 10.07.2023
198

Birinchi davraning eng chiroyli gollari! (video)

Birinchi davraning eng chiroyli gollari! (video)

Birinchi davra sarhisobi davom etadi. Endi eng chiroyli gollarni aniqlaymiz.. Darvoza to‘riga borib tushgan to‘plarning ta’siri bir xil bo‘lishiga qaramay, uning o‘ziga xos jozibasi bor. Qisqasi, bu safargi tanlov biroz bahsli bo‘lishi mumkin. Sababi, barchaning tabi turlicha. Statistik ma’lumot va ko‘rsatkichlar chekingan paytda, shunchaki go‘zallikdan bahra olish imkoniyati paydo bo‘ladi.

5-o‘rin. Quvondiq Ro‘ziev

“Kuchli beshlik”ni Quvondiq Ro‘ziev ijrosidagi “dahshatli” zarba ochib beradi. To‘g‘ri, yakunda “Nasaf” 90+9-daqiqada kiritilgan gol evaziga g‘alabani yulqib oldi, biroq bu golning betakrorligini inkor etishga asos bo‘lmaydi. “Turon” safida bu epizodda barcha a’lo darajada harakat qildi. To‘p pressing evaziga olib qo‘yilgach, jamoaviy uyushtirilgan tezkor hujum Quvondiqning yuqori burchakka yo‘llagan “pushka”si bilan yakunlandi. Shunchaki, golni tomosha qilib bahra oling!

4-o‘rin. Islomjon Toshpo‘latov

Birinchi davrani juda yomon o‘tkazgan “Qizilqum”ning ham ora-orada aytar so‘zlari bor ekanligini ko‘rdik. “Oltin qazuvchilar” “Neftchi”ga qarshi o‘yinni juda yaxshi o‘tkazgani yo‘q. Shunga qaramay, Islomjon Toshpo‘latovning jarimadan bergan shedevr zarbasi yakunda Navoiy klubi uchun muhim bo‘lgan 1 ochkoni ishlab berdi. Fizika qonunlariga "tupurib qo‘ygan" to‘pning traektoriyasini soatlab tomosha qilish mumkin!

3-o‘rin. Iskandar Shoyqulov

1:0. “Andijon” o‘z uyida hisobda oldinda! Boshkovich ketma-ket o‘zgarishlarni amalga oshirdi, biroq “burgutlar” mudofaasi hujumlarni mardonavor bartaraf etmoqda. Aynan shu pallada “So‘g‘diyona” himoyachisi o‘zining kutilmagan zarbasi bilan o‘yin borishini boshqa tomonga burib yuboradi. To‘pni havoda (erga tushirmay) kuchli bo‘lmasada, juda aniq zarba bilan darvozaga “mixlab” qo‘ygan Shoyqulov Superliganing bu mavsumdagi eng chiroyli gollaridan biriga mualliflik qildi. Yakunda, “So‘g‘diyona” ikkinchi to‘pni ham kiritib, g‘alabani ilib ketdi. Andijondagi o‘yin ko‘pchilikning yodidan ham ko‘tarilib ketgani aniq, biroq Shoyqulovning ideal zarbasi yillar o‘tsada turli top va chartlarda ko‘rinish beraveradi.

2-o‘rin. Sardor Abdunabiev

Superliganing 1-turida yaxshigina shov-shuv ko‘targan “Nasaf” – “Andijon” o‘yinidagi “zambarak” yodingizdami? Sardor Abdunabiev tomonidan so‘nggi daqiqalarda yo‘llangan zarba “Nasaf”ni chuqur nokdaun holatiga tushirib qo‘ygan va o‘ziga kelish uchun vaqt etmay qolgan edi. Qarshi hujum chog‘ida uzatma amalga oshirsh uchun variant topa olmagan “Andijon” a’zosi kutilmaganda darvozaning yaqin burchagini nishonga oldi. Bu zarbaning traektoriyasi va tezligi o‘sha oqshom Abduvohid Ne’matovning tushlariga kirib chiqqan bo‘lsa ham, ajab emas.

1-o‘rin. Oston O‘runov

Birinchi o‘rin Toshkentda “Bunyodkor”ni “savalab” ketgan Oston O‘runuvning reydiga nasib qildi. Darhaqiqat, so‘nggi yillarda mahalliy futbolchilarimiz orasida o‘yinni bu qadar o‘ziga oladigan, qo‘rqmay 2-3 raqib qo‘riqlayotgan zonaga to‘p bilan yorib kiradigan ijrochilar kamayib bormoqda. Oston bu “tip”dagi futbolchilari hali “yo‘qolib” ketmaganini barchaga eslatib qo‘ydi. 4 raqib qurshovida qolishiga qaramay, ishni zarbagacha etkazgan vinger istalgan haylaytslarni bezab beradigan golga mualliflik qildi. O‘sha oqshom “Navbahor” “Bunyodkor”ni yirik hisobda enggan bo‘lsa, Oston butun O‘zbekistonga katta futbolga “qaytganini” eslatib qo‘ydi!

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Birinchi davraning eng chiroyli gollari! (video)
ePN