O‘zbek futbolining eng yorqin o‘yin ko‘rsatayotgan yosh futbolchilaridan Abbosbek Fayzullayev “Paxtakor”ni tark etib, faoliyatini Mosvkaning SSKA jamoasida davom ettirishga qaror qildi.
Tabiiyki, 19 yoshli hujumkor futbolchini Rossiya Premer-ligasida hali ko‘pchilik tanimaydi, u nom qozonib ulgurmagan. Shu bois, rossiyalik futbol ekspertlari va sport turlarini yoritayotgan turli manbalar o‘zbekistonlik o‘yinchi haqida ma’lumotlar to‘plash va uni muxlislarga tanitishga kirishib ketdi.
Dzen platformasida Rossiya Premer-ligasidagi transferlarni muhokamasi qilayotgan manbalar Abbosbek Fayzullayevning kuchli tomonlari va SSKA murabbiylar shtabi e’tibor qaratishi va o‘rgatishi kerak bo‘lgan jihatlar haqida ma’lumotlarni e’lon qildi.
Futbolchi haqida:
➤ Abbosbek Fayzullayev 2021 yilning may oyida 18 yoshida O‘zbekiston Superligasida o‘zini tarbiyalagan “Paxtakor” jamoasi safida debyut qildi. 2021/2022 yigi mavsumda 26 ta uchrashuvda qatnashib, 8 ta gol va ikkita golli pas muallifi bo‘ldi.
➤Abbosbek Fayzullayev katta klublar e’tiboriga 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida tushdi. Hujumkor futbolchi O‘zbekiston terma jamoasining yaqqol yetakchisi sifatida ko‘zga tashlana boshladi.
➤Musobaqa yakunida O‘zbekiston futbolchilari bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. Abbosbek Fayzullayev turnirning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi.
➤Joriy mavsumda Fayzullayev “Paxtakor” safida oltita o‘yinda qatnashib, raqiblar darvozasini ikki marotaba ishg‘ol qildi va bir marta jamoadoshiga golli pas uzatdi.
Fayzullayevning kuchli tomoni:
➤ Universalligi. Yosh hujumkor futbolchi o‘ng qanotdan ham, chap tomondan ham hujum uyushtira oladi. Markazda yarim himoyachi vazifasini ham uddalay oladi.
➤ Dribling va texnika. Abbosbek Fayzullayevning bo‘yi baland emas va ixcham o‘yinchi. Bu unga harakatlar yo‘nalishini tez o‘zgartirish, ko‘p tomonlama harakat qilish imkonini beradi.
➤ Tezkorlik. Fayzullayev jismoniy tomondan tezkor. Shuningdek, maydonda tez o‘ylab, kutilmagan qarorlar chiqara oladi.
➤ Aniq pas. Abbosbek nafaqat qisqa paslarni, balki uzoq masofadan aniq to‘p uzatishning hadisini olgan. “Paxtakor”da ham, terma jamoada ham standart vaziyatlarda to‘p oldiga aynan u keladi.
Fayzullayevning kamchiligi:
➤Taktik ko‘nikmalar. Abbosbek hali juda yosh. 19 yoshli futbolchi pozitsion o‘yin va harakat yo‘nalishlarini to‘g‘ri aniqlashni o‘rganishi kerak.
➤ Bosh bilan o‘ynash. Tana tuzilish va bo‘y-basti Fayzullayevga ikkinchi qavatdagi kurashlarda ustunlik bermaydi. Biroq, Abbosbek bu kamchiligini bo‘ydor jamoadoshlariga turli masofalardan aniq va qulay pas uzatish bilan yopib yuboradi.
Xulosa:
➤ SSKA maydon markazida va har ikki qanot hujumi uchun qobiliyatli o‘yinchiga ega bo‘ladi. Ayrim futbolchilar jarohat olib, safdan chiqqan pallada Fayzullayev bir necha pozitsiyadagi bo‘shliqlarni yopa oladi.
➤ Fayzullayev maydonda himoya va hujum chizig‘ini bog‘lab turishga qodir o‘yinchi. Bunda unga maydonni yaxshi ko‘ra olishi, o‘yinni to‘g‘ri o‘qishi va turli nuqtalardan aniq pas oshira olishi qo‘l keladi.