Foto: SSKA
O‘zbekiston milliy jamoasi hamda «Paxtakor» klubi yarimhimoyachisi Abbosbek Fayzullayev faoliyatini Rossiyada davom ettiradi.
19 yoshli yarimhimoyachi transferi uchun SSKA «Paxtakor»ga 500 ming yevro to‘lashi xabar qilingandi. Fayzullayevning amaldagi kelishuvi 2025 yilga qadar belgilangan bo‘lsa-da, futbolchi va uning agenti xohishiga ko‘ra, Moskva klubi shartnomadagi tovon puli sanalmish yarim million yevroni to‘lashga qaror qilgan va transferni amalga oshirgan. Abbosbek SSKA bilan «3+1» ko‘rinishida shartnoma imzoladi.
Avvalroq, «Paxtakor» klubi bosh direktori Dmitriy Adisman Rossiya klubi sanksiyalar tufayli Abbosbek Fayzullayevning transferi uchun Toshkent klubi hisob raqamiga to‘lovni amalga oshira olmayotgani va bu muammo tez orada bartaraf etilishi haqida xabar qilingandi.
Ma’lumot uchun, Abbosbek Fayzullayev mart oyida yoshlar o‘rtasidagi Osiyo kubogi U20 turniri qahramonlaridan biriga aylanib, O‘zbekiston U20 jamoasi bilan qit’a chempionligini qo‘lga kiritgandi. U Argentinada o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida 4 o‘yinda maydonga tushib, bitta gol va assist muallifiga aylangandi. Shuningdek, u joriy mavsum Superligada 6 o‘yinda maydonga tushib, 2ta golga mualliflik qilgan.
Bungacha O‘zbekiston U20 jamoasining yana bir a’zosi Abduqodir Husanov «Energetik-BGU» klubidan Fransiyaning «Lans» klubiga ko‘chib o‘tgan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!